Amerika Qo‘shma Shtatlari 17 yil ichida birinchi marta Buyuk Britaniyada bir nechta yadro bombalarini joylashtirdi, deb xabar tarqatdi “UK Defence Journal” nashri.
Maqolada aytilishicha, 2008 yildan beri ilk marta AQSH yadroviy qurollari Buyuk Britaniya hududiga qaytgan, shuningdek, “B61-12” termoyadro bombalari Qirollik havo kuchlarining Saffolkdagi Leykenhit aviabazasiga ko‘chirilgan.

Yadro qurollari yangi manzilga keltirilishi bo‘yicha AQSH Harbiy-havo kuchlari va Britaniya rasmiylari hozircha izoh bermagan.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Rossiya NATOning g‘arbiy chegaralari yaqinida misli ko‘rilmagan faolligini ta’kidlab kelmoqda. Alyans esa o‘z tashabbuslarini kengaytiriyotganiga “Rossiya agressiyasini to‘xtatish” sabab bo‘layotganini aytmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi RF NATO bilan teng asosda muloqotga ochiq ekanini ma’lum qilgan.

Iyun oyi boshida Buyuk Britaniya hukumati 2027 yilga kelib harbiy xarajatlarni YAIMning 2,5 foizigacha oshirish rejalari fonida strategik mudofaa sharhini e’lon qildi. Xususan, hujjat yadroviy kallaklar arsenalini modernizatsiya qilish dasturini yaratish bo‘yicha tavsiyani o‘z ichiga olgan, buning uchun London 15 milliard funt sterling (20 milliard dollar) ajratishni rejalashtirmoqda.
2024 yil aprel oyida Yadro qurollarini bekor qilish bo‘yicha xalqaro kampaniya (ICAN) NATO davlatlari Polshada yadro qurolini joylashtirish orqali “Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risida”gi shartnomani buzayotganini ta’kidlagan edi.
Tashkilotning ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Belgiya va Turkiyada hech qanday rasmiy bayonotlarsiz 150 ga yaqin yadroviy bombalarni saqlamoqda.
Yaqinda “The Guardian” nashri sharhlovchisi Saymon Tisdall Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer hukumatining yadro arsenalini modernizatsiya qilish rejalari xalqaro qurol nazorati harakatlariga putur yetkazadi va global qurollanish poygasini kuchaytiradi, deb yozgan edi.

Muallifning fikricha, Londonning harakatlari yadro urushini “normallashtiradi” va taktik yadro qurolidan foydalanish ehtimolini oshiradi.

O‘tgan dushanba kuni Kir Starmer mamlakat “urushga tayyorlik” rejimiga o‘tayotganini ma’lum qildi. Yangi mudofaa strategiyasining bir qismi sifatida rasmiylar 7000 ta uzoq masofali raketa yaratishni va oltita yangi o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchi zavod qurish uchun 6 milliard funt sterling (taxminan 8 milliard dollar) sarflashni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, dastur e’lon qilinishidan avval mamlakat Mudofaa vazirligi 12 tagacha yadroviy suv osti kemalarini qurish niyati borligini ham ma’lum qilgan.
S.Rahimov,O‘zA