Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OʻzMUda masofaviy taʼlim oʻz samarasini koʻrsatmoqda
19:51 / 2020-04-01

Talaba-yoshlarning qoʻllarida mudom mobil telefoni bilan yurganini koʻrganimizda, gohida gʻashimiz kelardi.


Talaba-yoshlarning qoʻllarida mudom mobil telefoni bilan yurganini koʻrganimizda, gohida gʻashimiz kelardi. Ammo bugungi vaziyat taqozosiga koʻra taʼtilga ketgan talabalar masofaviy taʼlim olishlarida kompyuterlar bilan bir qatorda mobil telefonlari ham juda qoʻl kelmoqda. Eng muhimi, ular uzluksiz masofaviy taʼlim olish imkoniga ega boʻlmoqda.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida barcha taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida taʼlimning uchta shakli (kunduzgi, kechki, sirtqi) boʻyicha masofaviy oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻyish uchun allaqachon zamin yaratilgan edi. Zarur elektron oʻquv resurslari masofaviy oʻqitish platformasiga (www.nuuz.uz sayti orqali) kiritilib, professor-oʻqituvchilar shu ilgʻor usulda oʻqitishga har tomonlama tayyorgarlik koʻrgan edilar. Bu borada universitetda yetarlicha salohiyat, masofaviy taʼlimni tashkil etish va boshqarish uchun dasturiy taʼminot va texnik jihozlar mavjuddir.

OʻzMUda masofaviy oʻqitish platformasi matematika fakulteti professor-oʻqituvchilari va talabalari tomonidan ishlab chiqilgan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2020-yil 27-martdagi 233-sonli “Oliy taʼlim muassasalarida masofaviy taʼlimni joriy etish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi ijrosini taʼminlashda muammoga duch kelinmadi.

Mazkur oʻquv yilidan boshlab OʻzMUda sirtqi boʻlim talabalari uchun darslar masofadan turib onlayn tarzda oʻqitilmoqda. Aytish joizki, universitetda onlayn oʻqitish kursini tashkil qilish uchun moʻljallangan platformada barcha zaruriy elementlar yaratilgan. Xususan, maʼruza, videodars, test, topshiriq, chat, forum, soʻrovnoma, glossariy, teskari aloqa va vebinarlar risoladagidek. Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida platformani ijtimoiy tarmoqlar bilan integratsiyasini amalga oshirish ustida ham ishlar olib borilmoqda. Bunda taʼlim jarayonida elektron oʻquv resurslari texnik vositalar va talabalarning geografik joylashuvini eʼtiborga olmasdan, ular tomonidan fan oʻzlashtirilishini taʼminlovchi telekommunikatsion texnologiyalarni oʻz ichiga olgan axborot tizimini yaratish maqsad qilib qoʻyilgan.

Hozirgi kunda universitet talabalari va professor-oʻqituvchilar bir-biridan olislarda boʻlsa-da masofaviy taʼlim tizimida ular oʻzaro maxsus yaratilgan oʻquv kurslari, nazorat shakllari, elektron aloqa va internetning boshqa texnologiyalari yordamida doimiy muloqotda boʻlishmoqda. Internet texnologiyasini qoʻllashga asoslangan masofaviy oʻqitish jarayoni uzviy davom etishiga imkon beradi. Buning natijasida taʼlim oluvchilar uzluksiz mustaqil taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Mazkur tizimda masofaviy taʼlim avvalo ishchi oʻquv rejalarini shakllantirish, modullar yaratish va ularning hisobini yuritish, talabalar guruhlarini joy-joyiga qoʻyish, reyting nazorati hisobini yuritish, talabalarga stependiya tayinlash va kursdan-kursga oʻtkazish kabi muhim funksiyalar ishlab turibdi.

Bu tizim Oʻzbekiston Milliy universiteti saytida joylashtirilgan boʻlib, barcha talabalar va professor-oʻqituvchilar autintifikatsiyadan oʻtib, ishlamoqda. Tizimda har bir foydalanuvchi uchun yoʻriqnomalar elektron tarzda va video dars shaklida yetkazilgan. Axborot tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish boʻyicha masʼul xodimlar foydalanuvchilar bilan doimiy aloqada boʻlib, kerakli maslahatlarini berib turishibdi.

Masofaviy taʼlim jarayoni muttasil takomilashtirilib borilmoqda. Shu maqsadda OʻzMU Kengashi aʼzolari va kafedra mudirlarining onlayn videokonferensiyalari oʻtkazilib, unda bu boradagi ilgʻor tajribalar keng ommalashtirilmoqda, ayrim muammolar yechimi hal etilmoqda.

Biz uchun eng muhimi – ishimizning qanchalik samara berishidir! Yaʼni, talabalarimiz masofaviy taʼlim orqali qay darajada bilimga ega boʻlmoqda?

Buni navbatdagi onlayn muloqotlar, soʻrovlar va baholash jarayonlari koʻrsatadi. Umid qilamizki, zamon bilan hamnafas ilgʻor fikrli talaba-yoshlarimiz kutilgan darajada bilim va malakaga ega boʻlmoqdalar.

Davlatboy JUMABOYEV,
OʻzMU Oʻquv ishlari boʻyicha prorektori