Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OʻzLiDePning sudlarni optimallashtirish, birlashtirish toʻgʻrisidagi taklifi farmon bilan mustahkamlandi
17:20 / 2020-07-25

Ahamiyatli jihati ushbu farmonda nazarda tutilgan ayrim jihatlar OʻzLiDeP Saylovoldi dasturida ilgari surilgan vazifalarning amalga oshishiga qaratilgan.


“Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilindi.

Ahamiyatli jihati ushbu farmonda nazarda tutilgan ayrim jihatlar OʻzLiDeP Saylovoldi dasturida ilgari surilgan vazifalarning amalga oshishiga qaratilgan.

Xususan, dasturimizda viloyatlar miqyosidagi sudlarni optimallashtirish, birlashtirish, yagona sud raisi boʻysunuviga oʻtkazish, maʼmuriy sudlar tomonidan ommaviy, moddiy huquqqa oid ishlar ham amalda koʻrib chiqilayotganini inobatga olib, ularning maqomini qayta koʻrib chiqish borasida aniq takliflar ilgari surilgan. Farmonda ham bu borada aniq vazifalar belgilangani eʼtiborga molik.

Qolaversa, farmonda 2020-yil 1-noyabrga qadar yangi tahrirdagi “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish masalasi qoʻyilgan.

Ayni shu masala yuzasidan partiya quyidagi takliflarni ilgari surib kelmoqda:

– xususiy mulk daxlsizligini, tadbirkorlik va tadbirkorlarni ishonchli himoyalashni taʼminlashda sudlarning rolini kuchaytirish;

– jismoniy va yuridik shaxslarning koʻchmas mulklarini buzish, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari va xususiy mulk obyektlarini olib qoʻyish hamda tadbirkorlik subyektlariga berilgan litsenziyalarni bekor qilish boʻyicha qarorlarning faqat sud tomonidan qabul qilinishi;

– tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari harakati yoki harakatsizligi oqibatida koʻrgan zararlari borasidagi daʼvolari muddatlarini bekor qilish va muddatsiz ekanini kafolatlash, shu maqsadda “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish shular jumlasidandir.

Biz uchun sud faoliyati va mustaqilligining eng muhim mezoni – fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyalangani, adolatli sudlov taʼminlangani, yakuniy va barqaror sud qarorlarining qabul qilinganidir. Prezident farmoni partiyamizning bu boradagi aniq vazifalarini aks ettirgani bilan ahamiyatlidir.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari