OʼzLiDePdan paxtakorlarga ham ragʻbat, ham targʻibot
Navoiy viloyati Navbahor tumani, “Navbahor Taraqqiyot yoʻli” fermer xoʻjaligi dalalarida xurram bir kayfiyat hukm surdi.
Navoiy viloyati Navbahor tumani, “Navbahor Taraqqiyot yoʻli” fermer xoʻjaligi dalalarida xurram bir kayfiyat hukm surdi.
Fermer xoʻjalikning topshirish rejasi 104 % ga bajarilgani munosabati bilan OʻzLiDeP Navoiy viloyati hamda Navbahor tumani Kengashining bir guruh xodimlari paxtakorlar huzurida boʻlishdi.
Erta tongdan shom qorongʻisiga qadar ming egilib, milliy boyligimiz-oq oltinni yigʻib-terib olayotgan mehnatkashlarni qoʻllab-quvvatlamoq, mehnatiga yarasha ragʻbatlantirmoq maqsadida egatlar oralagan guruh terimchilar bilan hamsuhbat boʻldi, paxtakorlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
- Ob-havo yaxshi boʻldi bu yil. Paxtamizni yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmay, sifatini tushirmay yigʻib-terib oldik. Hech kimni majburlab chiqarmadik. Kimga pul kerak boʻlsa keldi, terdi. Ish haqini halol qilib berdik. Rejamiz ham bajarildi, - deydi fermer xoʻjalik rahbari Gʻ.Joʻrayev.
Hududiy partiya tashkiloti xodimlari hosil tantanasining zavqida eng ilgʻor ayol va erkak terimchi, eng yoshi ulugʻ va eng yosh terimchilardan Q, Navroʻzov, B.Qulmonov, M Erdullayeva, S Xudoyorova, N.Oʻrolova, G.Karimova , N.Joʻrayeva, A Soyipovalarni tashakkurnomalar va sovgʻa–salomlar bilan ragʻbatlantirdi..
Shuningdek, “Navbahor Taraqqiyot yoʻli” fermer xoʻjaligi dalalarida paxta terayotganlarning barchasiga OʻzLiDeP ramzi tushirilgan futbolka va kepkalar ulashildi.
Ham ragʻbat, ham targʻibot usuli qoʻl kelib, shu yerning oʻzida partiyaga oʻtish istagini bildirganlarning 7 nafariga aʼzolik guvohnomalari ham topshirildi . Yangi qabul qilingan aʼzolarni bir maslak yoʻlida birlashtirish maqsadida “Navbahor Taraqqiyot yoʻli” Boshlangʻich Partiya Tashkiloti tashkil etildi va unga f/x rahbari Gʻ.Joʻrayev boshchilik qiladigan boʻldi.
OʻzLiDeP Navoiy viloyati matbuot xizmati