Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlagan daromad soligʻi toʻlamaydi
13:10 / 2020-07-09

Agar siz oʻzingizni oʻzingiz band qilib, rasmiy roʻyxatdan oʻtsangiz daromad soligʻidan ozod boʻlasiz.


Agar siz oʻzingizni oʻzingiz band qilib, rasmiy roʻyxatdan oʻtsangiz daromad soligʻidan ozod boʻlasiz.

Prezidentimizning 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan aholini tadbirkorlik faoliyatiga yana-da keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mazkur hujjatga asosan 2020-yil 1-iyuldan boshlab oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari 67 taga yetdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi qaroriga asosan oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun faoliyat turlari 24 ta etib belgilangan edi. Endilikda ular soni 43 taga koʻpaydi. Eng muhimi, Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxslar daromad soligʻidan ozod etiladi.

Mazkur qaror bilan 2020-yil 1-iyuldan Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni masofadan roʻyxatga olish uchun “Soliq” maxsus mobil ilovasi ishga tushirildi. Ushbu muddatdan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni roʻyxatga olish xabar berish tartibida oʻzini oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi.

Bugungi kunga qadar Navoiy viloyatida oʻzini oʻzi band qilgan aholi soni 1300 nafarga yetdi. Aniqrogʻi, “Soliq” mobil ilovasi orqali rasmiy roʻyxatdan oʻtib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritmoqda.

– Davlatimiz rahbarining ushbu qarori bilan biz kabi vaqtincha ishsiz aholi uchun qulaylik yaratilganidan mamnunmiz, – deydi Maʼrifat Aliqulova. – Endilikda soliq organlarini xabardor qilib, davlat roʻyxatidan oʻtib qishloq xoʻjaligi mahsulotlari chakana savdosi bilan shugʻullanishni boshladim. Eng muhimi, oilamiz daromadiga hissa qoʻshayapman. Oʻzini oʻzi band qilishning yana bir afzalligi, ijtimoiy soliqni toʻlab, mehnat stajiga ega boʻlish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, daromad soligʻidan ham ozod qilindim.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi yaʼni 111 ming 500 soʻm miqdorida mablagʻ toʻlaydi. Ushbu summa toʻliqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi. Shundan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun oʻrnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar yollanma ishchilarni jalb qila olmaydi yaʼni ish beruvchi maqomiga ega boʻlmaydi.