Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzini oʻzi band qilish tizimi: qulay va samarali
10:20 / 2020-07-29

Quvonarlisi, ushbu amaliyot orqali minglab norasmiy sektorda ishlab kelayotgan jismoniy shaxslarning faoliyati qonuniylashtiriladi.


Sirdaryo viloyatida fuqarolarning oʻzini oʻzi band qilish, hududlarda tadbirkorlik faoliyatini yana-da kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbek oilalarida oʻz uyida, ayniqsa, qishloq yoki shaxsiy tomorqasida kundalik yumush bilan band boʻlmagan oilani topish qiyin. Qishloqlardagi xonadonlarning boʻlmaganida 2-3 bosh qoramoli, 5-10 bosh qoʻy-echkisi bor. Ota meros qolgan – qoʻligul usta, duradgor, kosib, sartarosh, novvoy, oshpaz, chevar kashtadoʻz, tikuvchi, qoʻyingki, tandirchi, qassob, gilamchi va hokazo kasbini davom ettirib kelayotgan oilalar esa millionlab topiladi. Ular bir umr biror bir korxona, tashkilot, muassasada ishlamay, shu kasbi orqasidan hayot kechirib, xalq xizmatida boʻlgan. Ammo yoshi bir joyga borib, beldan quvvati, koʻzdan nuri ketib, kasbini davom ettira olmay, pensiya yoshiga yetgach, garchi umri davomida el koriga yarab kelgan boʻlsa-da, arzimagan mablagʻ evaziga qarilik pensiyasiga chiqariladi. Chunki u bajarib kelgan ishi davomida hech qayerga, hech qanday soliq toʻlamagan, biror ish bilan mashgʻulligi hech qayerda qayd ham etilmagan.

Davlatimiz rahbari qarori asosida jismoniy shaxslar 67 ta faoliyat turidan istalgani bilan shugʻullanishi va buni qonuniy roʻyxatdan oʻtkazishi mumkinligi qayd etildi. Bir umr qilib kelgan va bundan keyin ham davom ettiradigan ishni davlat roʻyxatidan oʻtkazishi bilan ertaga pensiya yoshiga yetganida har bir yiliga mehnat staji hisoblanadi va shunga qarab unga pensiya tayinlanadi.

– Prezidentimiz ushbu tarixiy hujjatga imzo chekish orqali chorva mollarini oʻtlatish, ularga qarab turish, aniqroq aytganda, qoʻy-echkilarni yoyib choʻponlik, qoramollarni boqib podachilik qilish, jismoniy shaxslarni velosipedlarini, kompyuterlarini taʼmirlash va sozlash, litsenziyalangan dasturiy taʼminot oʻrnatish, mexanizatsiya vositalarini qoʻllamay bajariladigan yuk ortish-yuk tushirish (hammol) va boshqa shu kabi ishlar bilan shugʻullanuvchi shaxslar oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro sifatida roʻyxatdan oʻtishi mumkinligi batafsil bayon etilgani bilan xalqimizning ijtimoiy hayotida juda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish boʻlimi boshligʻi Abror Bekmatov. – Joylarda olib borilgan tashviqot va targʻibotlar natijasida bugungi kunda viloyatda 6 ming nafarga yaqin oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar “Soliq” mobil ilovasi orqali oʻzini-oʻzi band qilgan fuqaro sifatida roʻyxatdan oʻtdi. Asosan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan viloyat uchun bu juda kam koʻrsatgich. Demak mazkur hujjatning mazmun-mohiyatini xalqimizga yana-da chuqurroq anglatishimiz lozim.

Darvoqe, qaror mazmun-mohiyatini toʻgʻri anglab, “Soliq” mobil ilovasi orqali masofadan turib bepul roʻyxatdan oʻtayotgan fuqarolar ushbu qulaylikdan juda mamnun boʻlayotganini ham shu oʻrinda alohida taʼkidlash joiz.

Ayni vaqtda oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlashga ruxsat etilgan 67 ta faoliyat turi boʻyicha viloyatda eng talabgir yoʻnalish – qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi boʻyicha xizmatlar, jumladan, chorva mollarini oʻtlatish, ularni parvarish qilish, qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini ekish va parvarish qilishda tomorqa egalariga yordam berish kabilar boʻlib turibdi. Mazkur yoʻnalishda esa 1 ming 527 nafar aholi oʻzini oʻzi bandligini taʼminlagan.

Maishiy xizmatlar, masalan, sartaroshlik, manikyur, kosmetolog, pedikyur, uyda kir yuvish va dazmol qilish, kalitlar nusxasini tayyorlash, poyabzal tikish, taʼmirlash va boʻyash, kosiblik yaʼni etikdoʻzlik xizmatlari kabi sohalarda esa 1 ming 337 nafar shaxs oʻzini oʻzi band qilgan.

Sanoat yoʻnalishi boʻyicha, yaʼni yogʻoch meʼmorchiligi, santexnika xizmati, elektr montaj ishlari, plastik idishlar va temir tersak yigʻish va qoʻshimcha xomashyo toʻplash xizmatlari bilan 730 nafar shaxs roʻyxatga olinib shugʻullanayotgan boʻlsa, xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar jumladan, uyida non yopib, tortlar, pop-korn, turli salatlar, pishiriq va yeguliklar, muzqaymoq, salqin ichimliklar, ayron, goʻja, tayyorlash yoki dehqon bozorlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirib chiqarib sotish ishlari bilan 696 nafar fuqaro roʻyxatdan oʻtib, bugungi kunda shu ish bilan mashgʻul holda mehnat stajlariga ega boʻlayotir.

Bulardan tashqari, ijtimoiy yoʻnalishlar boʻyicha, yaʼni uyda repetitorlik qilish, bolalarga qarab turish va ularni parvarish qilish, uy xoʻjaligini yuritish, xonalarni tozalash, xalq tabobati xizmatlari boʻyicha roʻyxatdan oʻtib mashgʻul boʻlishni 1 ming 248 nafar fuqaro maʼqul deb topgan.

Axborot kommunikatsiya yoʻnalishi xizmatlari – ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat, dasturiy taʼminot, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish, matnni yaratish va ishlov berish boʻyicha 63 nafar shaxs roʻyxatga olindi.

Eʼtiborlisi, yuqoridagi faoliyat turlari bilan oldinlari yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlgan boʻlsa, endilikda, oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar ham ushbu faoliyat turlari bilan bemalol shugʻullanishlari, roʻyxatdan oʻtib, oʻz mehnat stajlarini koʻpaytirish imkoniyatga ega boʻldi.

Quvonarlisi, ushbu amaliyot orqali minglab norasmiy sektorda ishlab kelayotgan jismoniy shaxslarning faoliyati qonuniylashtiriladi. Ularga ijtimoiy soliq toʻlangan davrda ish staji hisobga olinadi hamda kelgusida pensiya taʼminotiga asos yaratiladi. Ushbu qaror bilan xalqimizning manfaati qanchalik chuqur oʻylangani mana shularda yaqqol oʻz aksini topgan.