Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 26-oktabr kuni Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida joylashgan “Eski yer” suv omboridan 3 nafar odam jasadi topilganligi haqida xabarlar tarqalgan.
Aniqlanishicha, 2020-yil 26-oktabr kuni soat 17-00 larda Yangiqoʻrgʻon tumani Navkent mahallasida yashovchi ayol N.Gʻ. (1984-y.t., sudlanmagan, uy bekasi) shaʼriy nikohdagi turmush oʻrtogʻining oilasiga tegishli boʻlgan, 2,0 gektar tutzor uchun ajratilgan yer maydonining 50 sotixini ukasiga berib yuborganligidan norozi boʻlib, bu haqida xat yozib qoldirgan.
Soʻng, 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan tumandagi “Yangiqoʻrgʻon eski yer” suv omboriga kelib, omborning boshlanish qismiga farzandlarini ketma-ketlikda suvga tashlab, ularni choʻkib oʻlganligiga ishonch hosil qilgandan soʻng, oʻzini ham suvga tashlab, joniga qasd qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi boshligʻi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.