Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zi mo‘jaz, salohiyati mo‘jiza
15:32 / 2015-11-06

Tadbirkor Vahob Maripov, fermer Beknazar Boboqulov, hunarmand Oybek Mahmudov. Ularning har biri hayotda o‘z o‘rni, mavqei, tutgan yo‘liga ega. Ammo ularni birlashtirib turadigan bir jihat, yagona maqsad bor. Kasb-koridan maqsadi ayon, izoh shart emas.

Tadbirkor Vahob Maripov, fermer Beknazar Boboqulov, hunarmand Oybek Mahmudov. Ularning har biri hayotda o‘z o‘rni, mavqei, tutgan yo‘liga ega. Ammo ularni birlashtirib turadigan bir jihat, yagona maqsad bor. Kasb-koridan maqsadi ayon, izoh shart emas.

Bo‘ka tumani Toshkent viloyati hududining atigi to‘rt foizini egallaydi. Biroq uning, fan tilida aytganda, geografik-demografik jihatlarini viloyatdagi boshqa hududlar bilan qiyoslasak, kichik tuman katta natijalarga erishayotganiga guvoh bo‘lamiz.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlarini tubdan takomillashtirish, ish yuritishning ilg‘or uslublaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, dehqon, tadbirkor, hunarmandlarning emin-erkin ishlashi uchun yaratilayotgan imtiyoz va qulayliklar yuksak samaralar bermoqda. Manfaatdorlik oshib, aholi turmush darajasi yildan-yilga yuksalayotir. Buni yuqorida nomi tilga olingan ishbilarmonlar faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Intilish, imkoniyat va samara

O‘zbek dehqoni azaldan qilni qirq yorgan. Don-dun, sabzavot, meva-cheva, qo‘yingki, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda ota-bobolarimizning oldiga tushadigani bo‘lmagan. Ekinni sug‘orish uchun ariq va zovurlar tortgani, dalaga suv keltirish uchun hatto yuzlab kilometr masofadan kanallar qazigani tarixdan ma’lum.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish jarayonida muayyan qurilmalarning mavjudligi juda muhim hisoblanadi. Tadbirkor Vahob Maripov shularni inobatga olib, 2012-yilda zamonaviy texnologiyalar asosida irrigatsiya va melioratsiya hamda gidrotexnik qurilmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Vahob Nur Bo‘ka” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos soldi.

Bugungi kunda “Vahob Nur Bo‘ka”da 24 ishchi mehnat qilmoqda. Ular 32 xil gidrotexnik modeldagi inshootlar qurayotir. Korxona tomonidan o‘tgan yillarda 747 million so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.

Bilasiz, bozorda muayyan mahsulotga bo‘lgan talabni birday ushlab turishda quyidagi taomil qo‘l keladi. Ya’ni mahsulotning sotuv bahosi saqlangan holda, tarkibi, hajmi, yaroqliligi, sifati xaridor foydasiga o‘zgarishi kerak. Tadbirkor shu fikrga tayandi. O‘z mablag‘i va bank krediti hisobiga ishlab chiqarish quvvatini oshirdi. Mahsulot sifatini yanada yaxshilashga intildi. Korxona tarkibida qurilish mollari, chunonchi, beton g‘isht, bruschatka, temir panjara va darvozalar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Natijada ishlab chiqarish hajmi, mehnat unumdorligi va ishchilar manfaatdorligi oshdi. O‘tgan yili mahsulot savdosidan tushgan foyda 85 million so‘mni tashkil etdi.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, “Vahob Nur Bo‘ka”ning faoliyati yaqin kunlarda yana bittaga kengayadi: Xitoydan jalb qilinayotgan 45 ming dollarlik investitsiya hisobiga meva va sabzavot mahsulotlarini qadoqlash hamda qayta ishlash sexi ishga tushiriladi. Ishchilar soni 40 nafarga yetadi. Ishlab chiqarilajak mahsulotlarning kamida 30 foizi eksport qilinishi ko‘zda tutilmoqda...

Tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar samarasida Bo‘ka tumanida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari soni yildan-yilga ko‘paymoqda. Ayni paytda faoliyat yuritayotgan 700 dan ortiq ana shunday subyekt tuman iqtisodiyotini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shmoqda. Tijorat banklari tomonidan ularni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy yilning o‘tgan davrida 15 milliard so‘mdan ziyod kredit ajratilgan.

Rag‘bat faollikka undaydi

Prezidentimiz Islom Karimov shu yil 21-oktabr kuni mamlakatimiz dehqonlari va fermerlari, barcha mehnatkashlariga tabrik yo‘lladi. Unda davlatga paxta sotish shartnoma rejasini birinchilardan bo‘lib bajargan, yurtimizning yuksak xirmonini bunyod etishga munosib hissa qo‘shgan va ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lgan ilg‘or hududlar qatori Bo‘ka tumani ham tilga olindi. Bu yuksak e’tibordan bo‘kalik barcha fermerlar, xususan, Beknazar Boboqulovning ham ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi, qilayotgan mehnatidan faxrlandi.

Darhaqiqat, Beknazar aka rahbarlik qilayotgan “Ofarin moytepa” fermer xo‘jaligi tumanda muntazam ilg‘orlar qatorida tilga olinadi.

2006-yili tashkil etilgan xo‘jalik davlatga paxta va g‘alla sotish rejasini ortig‘i bilan bajarib kelayotir. Joriy yilda ham lalmi yerda undirilgan bug‘doydan gektariga 40 sentnerdan hosil olinib, qabul punktiga belgilanganidan ko‘p mahsulot topshirildi. Qolgani xo‘jalik a’zolariga bo‘lib berildi. Hozir ishchilar g‘alladan bo‘shagan yerda yetishtirgan kartoshka, piyoz, sabzi, karam va boshqa ekinlarini ham allaqachon yig‘ishtirib olishdi.

“Ofarin moytepa”ning paxtachilikdagi mehnat va izlanishlari ham tahsinga loyiq.

Dehqon uchun oson va qulay yilning o‘zi bo‘lmaydi. Bu yil ham tabiat ularning bardosh va mahoratini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Xo‘jalik mavsum boshida 74 gektar maydonga “Sulton” navli chigit ekkan edi. Barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarildi. Bunda texnikalarning butligi, ishning belgilangan tartibda olib borilgani qo‘l keldi. Mehnat zoye ketmadi. Daromad 185 million so‘m bo‘ldi.

Yana bir gap, “Ofarin moytepa”ni bejiz ilg‘or demadik. Boisi, xo‘jalik paxta va g‘alla majburiyatini birinchilardan bo‘lib bajargani uchun davlatimiz rahbari tomonidan “Captiva” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Rag‘bat faollikka undaydi, deyishadi. Xo‘jalik a’zolari o‘zlariga bildirilgan shunday yuksak ishonchni oqlash uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish payida.

Ijod jozibasi va did harorati

“Texnika va sanoat qanchalar taraqqiy etmasin, hunarmand mehnatiga bo‘lgan ehtiyoj hech qachon kamaymaydi. Zero, qo‘lda yaratilgan buyumda ijod jozibasi va did harorati bo‘ladi”.

Oybek Mahmudov bu fikrni qachon, qayerda va kimdan eshitganini eslolmaydi. Muhimi, u bu fikrning mohiyatini teran anglaganida, oldiga aniq maqsad qo‘yib dadil odimlaganida.

Insonning yoshi ulg‘aygan sari tafakkuri ham o‘sadi. Hayotga qarashi o‘zgaradi. Bugun nima qildim, ertaga nima qilaman, keyin-chi va shu kabi savollar bilan o‘zini o‘zi taftish qiladi.

Bir kuni Oybek ham shunday qildi.

“Bolaligimdan yog‘ochu uskunalar ovozini eshitib katta bo‘ldim, quloq taq-taqqa ko‘nikdi. Arrayu randa bilan qanday yumush bajarish mumkinligini so‘zsiz bilaman. Yog‘ochdan eshik-rom va xalq hunarmandligi buyumlarini yasab kam bo‘ldimmi?!”

Kam bo‘lmadi. “Usta Oybek!” bo‘lib tanildi. Hunarmand sifatida ro‘yxatdan o‘tgach, ustaxona ochib, to‘rt nafar kollej bitiruvchisiga ish berdi. O‘tgan yili 18 million so‘m foyda ko‘rdi. Kelgusida ishlab chiqarishni kengaytirish, doimiy ishlaydigan shogirdlarini 10 nafarga yetkazish va bozorda o‘zining maxsus do‘konini ochish niyatida.

Hunarmand ustaxonasida ish qizg‘in. Ular yaqinda katta buyurtma olishgan. Hozir shuning ustida ishlashayapti. Usta tayyor mahsulotlarni bir qur ko‘zdan kechirdi. Keyin romning devorga qotiriladigan qismini randalayotgan va eshikka ishlov berayotgan shogirdlari oldiga borib, nimalarnidir tushuntirdi. Baribir ko‘ngli to‘lmay o‘zi ham ishga kirishdi.

Shogirdlari ustozining bu kuyib-pishishi sababini biladi. Buyurtma ko‘p, ish ham shunga yarasha. Bu oila farovonligi yuksaladi, mamlakat yanada obod bo‘ladi, iqtisodiyot ravnaq topadi, demakdir. Har uchala ishbilarmonni birlashtirib turadigan jihat xuddi mana shu.