“Oʻzdavkarantin” inspeksiyasidan dolzarb savollarga aniq javoblar
Mahsulotlar eksporti va importi bilan bogʻliq bir qator savollarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Durdona Ochilova javob berdi.
Mahsulotlar eksporti va importi bilan bogʻliq bir qator savollarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Durdona Ochilova javob berdi.
Rossiya davlatidan yogʻoch mahsulotlarini import qilish uchun qanaqa hujjatlar talab etiladi?
Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, import qilinishi rejalashtirilgan yogʻoch mahsuloti uchun karantin ruxsatnomasi talab etiladi. Karantin ruxsatnomasini olish uchun single.window.uz elektron tizimi orqali ariza berish mumkin.
Chortoq tumanidagi anor yetishtiruvchi fermer xoʻjaligi anorni tashkilot nomidan, toʻgʻridan- toʻgʻri Xitoy va Koreya davlatlariga eksport qilishi mumkinmi?
Koreya va Xitoy Oʻzbekiston uchun fitosanitariya sohasida kelishuvga erishilgan davlatlardan biri hisoblanadi. Shunga koʻra, fermer xoʻjaligi Koreya va Xitoyga karantin xizmati tomonidan shakllantirilgan respublikamizdan anor mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlar roʻyxatiga kiritilgan boʻlishi kerak. Davlat karantin inspektorlari doimiy karantin nazorati olib borishi talab etiladi. Qayd etish kerakki, fermer xoʻjaliklari yetishtirgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari davlat karantin inspektorlari tomonidan vegetatsiya (oʻsuv davri)da hamda mahsulotlar eksport qilinishidan oldin karantin nazoratidan oʻtkaziladi. Mahsulotlar fitosanitariya talablariga javob berganda davlat karantin inspektorlari eksport qilish uchun fitosanitariya sertifikatlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirib beradi.
Qishloq xoʻjalik mahsulotlarini eksportga chiqarishda tadbirkorlarga tegishli hujjatlarni oʻz vaqtida rasmiylashtirish uchun hamda toʻlovlarni amalga oshirish boʻyicha qanday imkoniyat va imtiyozlar belgilagan?
Tadbirkorlarga qulaylik yaratish hamda korrupsiyani oldini olish maqsadida ruxsat beruvchi va sertifikatsiya hujjatlarini rasmiylashtirish toʻliq elektron tizimiga oʻtkazildi hamda “Pay me” toʻlov tizimi yoʻlga qoʻyildi. Tadbirkorlardan 6 ta turdagi qogʻoz shaklidagi hujjat oʻrniga 1 ta elektron ariza olish tizimi joriy qilindi. Xorijiy davlatlar bilan maʼlumotlarni almashish, sertifikatsiya hujjatlarining haqqoniyligi QR-kod orqali onlayn tarzda tekshirish yoʻlga qoʻyildi. 76 ta chegara maskanlarining barchasi VPN tarmogʻiga ulangan. Barcha chegara maskanlari va TIF punktlarda “ishonch” telefonlari joylashtirildi.
Karantin ostidagi mahsulot import qilinganda omborxona fumigatsiyasi qilish zarurmi?
Bunda fumigatsiya, yaʼni omborni kimyoviy zararsizlantirish jarayoni oʻta muhim hisoblanadi. Import qilib keltirilgan karantin ostidagi mahsulotni joylashtirilishidan oldin omborxona fumigatsiya qilinishi lozim. Bunda, mahsulot zararlanishining oldi olinadi. Aks holda, mahsulot omborxonadan karantin obyektlari bilan chiqishi oqibatida, bu xavf boshqa hududlarga ham tarqaladi va katta miqdorda iqtisodiy zarar keltiradi.