“O‘zcharmsanoat”: Mahalliy hokimiyatning soliqlarda imtiyoz belgilash huquqi bekor qilinadi
Xabaringiz bor, joriy yil 1 yanvardan mamlakatimiz soliq tizimida 120 dan ortiq yangi qoida amaliyotga kiritildi.
Xabaringiz bor, joriy yil 1 yanvardan mamlakatimiz soliq tizimida 120 dan ortiq yangi qoida amaliyotga kiritildi. Bu esa tadbirkorlarning bu boradagi bilimlarini oshirishni talab etadi.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalari korxonalarining rahbarlari va mas’ul xodimlariga yangi tahrirdagi soliq kodeksini chuqur o‘rganish, ularning bu boradagi bilimlarini oshirish, soliq to‘lovlarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida hamda to‘liq miqdorda to‘lanishini tashkil etish maqsadida amaliy seminar o‘tkazdi.
Qayd etish kerakki, 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliqlarni ortiqcha undirganlik uchun davlat soliq xizmati organlarining javobgarligi kuchaytirildi, zamonaviy usullarni qo‘llagan holda xorijiy amaliyotda sinalgan soliq nazorati shakllari joriy etilib, soliqlarni hisoblash va to‘lash tartiblari soddalashtirildi.
– Muayyan to‘lovlar va yig‘imlar chiqarib tashlanib, ularni alohida qonunlarga o‘tkazilgani ham foydali bo‘ldi, – deydi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboev. – Ba’zi soliq to‘lovchilar, qishloq xo‘jaligi korxonalari, oilaviy korxonalar uchun soliq imtiyozlari bekor qilindi. Endi soliq imtiyozlari faqat Soliq kodeksiga asosan taqdim etiladi. Shu tariqa, amalda bo‘lgan soliq turlari 9 tagacha, davlat soliq xizmati idoralari o‘tkazadigan tekshiruvlar soni 3 tagacha qisqardi. Eng muhimi, soliq to‘lovchining qarzini uning debitoridan undirish tartibi bekor qilingani va ortiqcha to‘langan soliq summasini o‘z vaqtida qaytarish mexanizmi ishga tushirilgani ham tadbirkorlar uchun foydadan holi emas.
Uchrashuvda davlat bojiga oid normalar kodeksdan chiqarilgani, bu boradagi munosabatlar “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinishi, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartishlar kiritilganligi to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kodeksning yangi tahririga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlarining mahalliy soliqlar bo‘yicha imtiyoz belgilash huquqi bekor qilinadi.