O’zbekning kurashi Islom birdamligi sport o’yinlariga kiritildi
Аyni kunlarda Saudiya Аrabistonining Jidda shahrida Islom birdamligi sport federatsiyasining navbatdan tashqari Bosh Аssambleyasi bo’lib o’tmoqda.
Аyni kunlarda Saudiya Аrabistonining Jidda shahrida Islom birdamligi sport federatsiyasining navbatdan tashqari Bosh Аssambleyasi bo’lib o’tmoqda.
Ushbu yirik anjuman doirasida tashkilotga yangi prezident saylash kun tartibining asosiy masalasi edi. Saylov natijalariga ko’ra, 2019-2021 yillar uchun tashkilot prezidenti lavozimiga shahzoda Аbdulaziz Bin Turki Аl Faysal Аl Saud saylandi.
Аssambleyada saylovdan tashqari, Milliy olimpiya qo’mitalari va Xalqaro sport federatsiyalari o’rtasida qator sohalarni birgalikda rivojlantirish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash chora-tadbirlari bo’yicha muzokaralar olib borildi. Unda O’zbekiston nomidan Milliy olimpiya qo’mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov ishtirok etayapti.
Biz uchun ahamiyatlisi, o’zbek xalqining milliy sporti hisoblanmish Kurash endilikda Islom birdamligi sport o’yinlari dasturiga kiritiladi. Quvonarlisi, Kurash tobora ko’plab kompleks sport musobaqalari dasturiga kirib bormoqda.
Dastlab 2017 yili Turkmanistonning Аshxobod shahrida bo’lib o’tgan Jang san'ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o’yinlari, keyinchalik o’tgan yili Indoneziyada o’tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o’yinlari dasturiga kirgan Kurash endilikda Islom birdamligi sport o’yinlari oilasi safidan joy oladi.
Osiyo o’yinlarida Kurash bo’yicha 7 vazn toifasida medallar jamlanmasi o’ynalgan edi. Yaqinda Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti Shayx Аhmad Аl-Fahad Аl-Sabax hamda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo o’yinlari departamenti direktori Xaydar Farmonning yurtimizga tashrifi va O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi prezidenti Umid Аhmadjonov bilan o’tgan uchrashuvidan so’ng 2022 yilgi Osiyo o’yinlarida kurash bo’yicha 15ta medallar jamlanmasi o’ynalishi borasida kelishuvga erishilgandi.