Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbeklarday mehr-oqibatli, muruvvatli xalq boshqa hech qayerda yoʻq...
17:58 / 2020-04-08

Insoniyat turli sinovlarni boshidan oʻtkazgan. Ularning aksariyati insonning metin bardoshi, matonati, oʻzaro birdamligi bilan yengib oʻtilgan.


Insoniyat turli sinovlarni boshidan oʻtkazgan. Ularning aksariyati insonning metin bardoshi, matonati, oʻzaro birdamligi bilan yengib oʻtilgan. Bugun ham jahon ahli jiddiy sinovga qarshi kurashmoqda.

Millat va elat, cheraga va sarhad tanlamayotgan ushbu ofat – koronavirus pandemiyasining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida Oʻzbekiston ham qatʼiy choralarni koʻrmoqda.

Ayniqsa, davlatimiz rahbarining saʼy-harakatlari bilan koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash hamda virusni yuqtirib olgan bemorlar salomatligini tiklash yuzasidan zarur vazifalar amalga oshirilmoqda. Bu oʻrinda yordamga muhtoj, yakka-yolgʻiz va nogironligi boʻlgan yurtdoshlarimizga koʻrsatilayotgan ijtimoiy himoya tadbirlarini alohida eʼtirof etish joiz.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari ham soha faxriylari xonadonida boʻlib, ularning holidan xabar oldi.

– Men koʻp sinovli kunlarni boshdan kechirganman, – deydi 101 yoshga toʻlgan isteʼfodagi podpolkovnik Ivan Mityakin. – Olovli jang maydonlarida boʻldim, yaqinlarimdan ayrildim. Ammo oʻzbeklarday mehr-oqibatli, muruvvatli xalqni boshqa hech qayerda uchratmadim. Men ishonaman, bugungi murakkab vaziyatni ham xalqimiz bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlik bilan yengib oʻtadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “..mard va matonatli, mehr-oqibatli xalqimizning aql-zakovatiga, uning metin irodasi va qatʼiyatiga toʻla ishonaman.

Oʻzbekistonda hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimiz eʼtibori va gʻamxoʻrligidan chetda qolmaydi!”, deya taʼkidlab oʻtdi. Demak, biz yoshi ulugʻlar ibrat namunasi koʻrsatib, barchani bir maqsad sari birlashtirsak, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatni qoʻllab-quvvatlasak, oʻz maqsadimizga albatta erishamiz.

Tadbir bahonasida xonadon sohibiga oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy vositalar hamda zarur dori-darmonlar hadya qilindi. Ivan Mityakin oʻzining hayotiy oʻgitlari, pand-nasihatlarini shogirdlari bilan oʻrtoqlashdi. Navbatdagi manzil esa poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida istiqomat qilayotgan urush va mehnat faxriysi Lidiya Yudinaning xonadoni boʻldi.

– Jahonda roʻy berayotgan voqea-hodisalarni har kuni kuzatib boraman, – deydi u. – Jarayonning tobora jiddiy tus olayotganini har bir ongli inson anglab turibdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimizning tinchligi va sihat-salomatligini asrash uchun barcha kerakli chora-tadbirlarni koʻrayapti. Kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida qator cheklovlar joriy qilinyapti. Ayniqsa biz yoshi ulugʻlar uchun uy sharoitda barcha imkoniyatlar muhayyo etilayapti. Baʼzan ayrim yurtdoshlarimizning karantin choralarini qoʻpol ravishda buzayotganini eshitib yoki koʻrib qolamiz. Nahot, ular oʻzlari va yaqinlarining sogʻliklariga shunchalik eʼtiborsiz boʻlishsa, deb oʻylab qolaman. Axir, bu sinovlar ham oʻtkinchi. Bir-birimizga boʻlgan mehrimiz va eʼtiborimiz arimasa, sinovlar ortda qoladi.

Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasi matbuot xizmati xodimi.