Oʻzbekistonning tashqi qarzi qancha?
Markaziy bank 2018 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzini eʼlon qildi
Markaziy bank 2018 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzini eʼlon qildi
Unda qayd etilishicha, Yalpi ichki mahsulotning oʻsishini hisobga olgan holda 2018 yil uchun joriy operatsiyalar hisobi defitsiti YAIMning 7% ni tashkil qilgan.
Joriy operatsiyalar hisobining defitsiti moliya hisobi boʻyicha kapital oqimi, hususan tashqi qarzdorlikni oshishi, iqtisodiyotni kreditlash xajmi ortishi va toʻgʻridan - toʻgʻri investitsiyalar hisobidan moliyalashtirilgan.
Sof tashqi qarzdorlik 2017 yilga nisbatan ikki barobarga yoki 2,1 mlrd. AQSH dollariga oʻsdi. Shu bilan birga, tashqi qarzni jalb qilish asosan davlat sektori tomonidan amalga oshirilgan. Bunda xususiy sektor qarzdorligi boʻyicha majburiyatlarni toʻlanishi yangi qarz jalb qilish hajmidan koʻproq boʻldi.
2018 yilda iqtisodiyotni kreditlash 51% ga oʻsdi. Iqtisodiyotning faol kreditlash real sektor va kapital qurilish sohasi uchun zarur boʻlgan
import tovarlariga boʻlgan talabni oshishiga olib kelgan.
Xorijiy investitsiyaning yalpi hajmi asosan neft va gaz sektoriga boʻlgan investitsiyalarning kamayishi evaziga 1,8 mlrd. doll. ni tashkil qildi. 2017 yilda bu koʻrsatkich 2,6 mlrd. dollarni tashkil etgan edi. Shuningdek, 2018 yilda investitsiyalar boʻyicha toʻlovlar asosan neft-gaz sektoriga mansub korxonalar toʻlovlarining ortishi hisobiga 1,2 mlrd. dollarga teng boʻldi. Shu bilan birga, xorijiy investorlar tomonidan reinvestitsiya qilingan daromadlar miqdori 46%ga oʻsib, 693 mln. dollarni tashkil qildi.
Rezerv aktivlari boʻyicha operatsiyalar 1,5 mlrd. dollarni tashkil qildi, shu bilan birga oltin narxi oʻzgarishining ijobiy dinamikasi evaziga oltin valyuta zaxirasining hajmi sezilarli oʻzgarishsiz qolgan.
Real effektiv ayirboshlash kursi 2018 yil mobaynida oʻsib boruvchi dinamikani namoyish etdi. Shu bilan birga, soʻm kursining 2018 yil mobaynidagi turli yoʻnalishdagi dinamikasi iqtisodiy islohotlarning toʻlov balansiga boʻlgan taʼsirini yumshatishga xizmat qildi.
Umumiy tashqi qarz tahlili shuni koʻrsatdiki, 2012-2015 yillar davomida qarzdorlikning oʻsishi ham davlat ham xususiy sektorlarda kuzatilgan. Ammo, 2016 yildan boshlab, xususiy sektor tomonidan qarzlarning soʻndirilishi ularning jalb qilinishidan ustunlik qilgan, va baholashlarga koʻra bu dinamika 2019 yil oxiriga qadar davom etadi.
2018 yilda davlat sektori tashqi qarzlarining oʻsish surʼati oʻtgan yilga nisbatan oshgani kuzatilib, mavjud maʼlumotlar asosida oʻsish surʼatining joriy tendensiyasi kelasi yilda ham saqlanib qolishi kutilyapti. Bu holat davlat rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish uchun jalb qilinayotgan yangi qarzdorliklar bilan tushuntirilishi mumkin
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi qarzining umumiy hajmi 2018 yil boshidan 9,5%ga yoki 1,5 mlrd. dollarga oshgan holda 2019 yil 1 yanvar holatiga 17,3 mlrd. dollarni tashkil qildi
Eslatib oʻtamiz, ushbu nashrda 2016-2018 yillar uchun toʻlov balansi va xalqaro investitsion pozitsiyasi, shuningdek, tashqi qarz boʻyicha maʼlumotlar bayon etiladi. Mazkur maʼlumotlar toʻlov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya boʻyicha Qoʻllanmaning oltinchi nashriga (TBQ 6. XVJ, 2009 y) va xalqaro valyuta jamgʻarmasining tashqi sektor statistikasini tuzishda yuzasidan berilgan tavsiyalariga muvofiq tayyorlangan.