Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati yuksalmoqda
18:15 / 2014-10-02

Samarqand shahrida BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi o‘z ishini boshladi.

Samarqand shahrida BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi o‘z ishini boshladi.

Ushbu xalqaro forumda BMT Jahon sayyohlik tashkilotiga a’zo davlatlar vakillari, AQSh, Fransiya, Ispaniya, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Misr, Turkiya, Indoneziya kabi o‘nlab mamlakatlardan mutaxassislar, xalqaro turizm tashkilotlari rahbarlari, ekspertlar ishtirok etmoqda.

O‘zA muxbirlari xalqaro anjuman ishtirokchilarining ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Alen Pele, “Nanter-lya-Defans” universiteti professori, BMT Jahon sayyohlik tashkiloti yuridik maslahatchisi (Fransiya):

– Samarqandning go‘zalligi va obodligini ko‘rib, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati yuksak darajada rivojlanganiga guvoh bo‘ldik.

O‘zbekistonga Fransiyadan har yili ko‘plab sayyohlar keladi. Ular Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlaringizni ko‘rishga, rang-barang tabiatingizni tomosha qilishga havasmand.

Tashrif doirasida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi akademik litseyda bo‘lib, bu yerda yoshlarning puxta ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdik. Yoshlarning yuksak intellektual salohiyati, xorijiy tillarda biyron so‘zlashishi bizda katta taassurot qoldirdi.

Jorjina Tatyana Visintin, Argentina sayyohlik vaziri yordamchisi:

– O‘zbekiston juda go‘zal, obod va zamonaviy mamlakat ekanligiga guvoh bo‘ldim. Bu yerdagi keng va ozoda ko‘chalar, shirinsuxan insonlar ko‘nglimdan chuqur joy oldi. Mamlakatingizda turizmni rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sohasini yuksaltirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor diqqatga sazovor.

O‘zbekistonda shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlik, madaniyat sohalarini taraqqiy ettirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Dunyoning ko‘p mamlakatlarida bo‘lganman, lekin o‘zbek xalqidek mehmondo‘st, dasturxoni doimo ochiq elni ko‘rmaganman.

Anjuman bahonasida Samarqandni ko‘rishga muyassar bo‘lganimdan g‘oyat xursandman. Samarqandni “Sharq gavhari” deganlaricha bor ekan. Bu yerda o‘tmish bilan bugungi kun yonma-yon yashamoqda. Shahardagi qadimiy obidalar, zamonaviy inshootlar bir-biri bilan uyg‘unlashib go‘zal manzara kasb etgan.

Nobuye Shindo, “Intourist” kompaniyasi rahbari (Yaponiya):

– O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sohasini yuksaltirish borasida katta islohotlar amalga oshirilayotgani va bu ishlarning qamrovi tobora kengayib borayotgani quvonarlidir. Sayyohlarni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, sayohatlarni tashkil etish ishlari yuksak darajada bajarilmoqda.

O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida sayyohlik sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Yaponiyaliklar orasida O‘zbekistonga sayohat qilish istagida bo‘lganlar ko‘p. Boisi O‘zbekiston kishini hayratga soladigan tarixiy obidalarga, har qanday sayyohning talab va istaklariga javob beradigan yuksak sayyohlik salohiyati va imkoniyatlariga ega.

Mamlakatingizda transport kommunikatsiyalari tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani sayyohlarga har tomonlama qulaylik yaratmoqda. Buni “Afrosiyob” elektropoyezdi misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Noviyendi Makalam, Indoneziya Turizm va iqtisodiyot vazirligining xalqaro aloqalar departamenti direktori:

– O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati juda yuqori ekani barchaga ma’lum. Ko‘p yillardan buyon mamlakatingizni, qadimiy va zamonaviy shaharlaringizni ko‘rishni orzu qilardim. Niyatimga yetganimdan g‘oyat xursandman. Yurtingizda turizm sohasini izchil rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaralari har qadamda sezilmoqda. Butun dunyoda bunday obod maskanlarni ko‘rish, tinch-xotirjam dam olishni istovchilar ko‘pligiga shubha yo‘q.

BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining sessiyasi O‘zbekistonning olamga dong taratgan go‘zal va betakror shahri – Samarqandda o‘tkazilishidan juda xursandmiz. Mazkur nufuzli anjuman O‘zbekistonning izchil rivojlanayotgan sayyohlik sanoatining yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladi.

Prem Ahluvalia, Tinch okeani mintaqasi yozuvchilari sayohati uyushmasi vakili, Janubiy Osiyo mamlakatlari xotin-qizlari instituti direktori (Hindiston):

– O‘zbekistonga sayohatim juda mazmunli o‘tmoqda. O‘zbekiston va uning ulkan sayyohlik salohiyati haqida ko‘p eshitganman va o‘qiganman. Yurtingizga kelib, bu yerdagi ochiqko‘ngil va mehmondo‘st odamlar bilan suhbatlashib, qalbim quvonchga to‘ldi. O‘zbekistonda sayyohlarning maroqli dam olishi uchun barcha qulayliklar mavjud.

Sayyohlikning tarixiy va madaniy yo‘nalishlarini xush ko‘raman. Shu bois dunyoga mashhur Samarqand va Buxoroni, u yerdagi bebaho me’moriy obidalarni ko‘rish, urf-odat va an’analaringiz bilan tanishish imkoniga ega bo‘layotganimdan quvonchim cheksiz.