Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash yoʻli toʻgʻrimi?
22:09 / 2020-06-30

Korrupsiya har qanday davlatning siyosiy tuzilishi, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish darajasidan qatʼi nazar butun dunyoda global muammo hisoblanadi.


Korrupsiya har qanday davlatning siyosiy tuzilishi, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish darajasidan qatʼi nazar butun dunyoda global muammo hisoblanadi.

Mazkur muammoga qarshi kurashishda mamlakatimiz ham oʻziga xos yoʻldan ketmoqda. Bu borada amalga oshirilgan soʻnggi islohotlardan biri bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi farmoniga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Mazkur agentlik korrupsiyaga qarshi kurashda samaraga erisha oladimi? Albatta, buni vaqt koʻrsatadi. Lekin agentlikning huquqiy maqomidan kelib chiqib, maʼlum xulosalarga kelish mumkin.

Birinchidan, Agentlik toʻgʻridan-toʻgʻri xalq saylaydigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis oldida hisobdordir. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurash masalalarini siyosiy darajada hal etish imkonini beradi. Korrupsiyaga qarshi siyosiy darajada kurashilmasa, u oʻz samarasini bermaydi.

Ikkinchidan, Agentlik mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishni taʼminlaydi. Har qanday muammoga qarshi kurashishda unga tizimli yondashilmasa, ushbu muammo uzoq vaqt oʻz taʼsirini koʻrsatib turaveradi. Shuning uchun ham korrupsiyaga qarshi kurashishda eng avvalo, uni kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini tizimli tahlil qilish lozim.

Uchinchidan, korrupsiya holatlari haqida Agentlikni xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturiy taʼminot yaratiladi. Albatta, bu korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi.

Toʻrtinchidan, Agentlikka davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi va samarali faoliyat koʻrsatishini hamda deklaratsiyalarning haqqoniyligi tekshirilishini tashkil etish, shuningdek, ushbu jarayonda aniqlangan korrupsiya holatlariga oʻz vaqtida taʼsir choralari koʻrilishini taʼminlash vazifasi yuklatildi. Maʼlumki, davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi kurashishning eng muhim sharti – davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish hisoblanadi.

Koʻplab davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish ushbu tartibni joriy etish bilan boshlagan. Misol uchun, Fransiya davlat xizmati tizimidagi korrupsiyaning oldini olish va unga barham berish maqsadida XX asrning 90-yillarida saylangan barcha davlat xizmatchilariga va korrupsiya taʼsiriga berilishi mumkin boʻlgan jamoat xizmati kadrlariga oʻz mol-mulki va daromadlari haqida mustaqil idoralarga maʼlumot berish majburiyatini yuklash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan. Bu esa oʻz samarasini bergan.

Beshinchidan, byudjet mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi nazorat tizimining samaradorligini tahlil qilish, shuningdek, uni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Maʼlumki, eng katta korrupsiya davlat xaridlari sohasida yuzaga keladi. 

Shuning uchun, aksariyat davlatlarda mazkur soha boʻyicha nazoratga alohida eʼtibor qaratadi. Jumladan, Ukrainada 2016-yilda elektron davlat xaridlari tizimida yana-da shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan DOZORRO monitoring portali (DOZORRO.org) ishga tushirilgan. DOZORROning asosiy vositasi xaridorlarning, yetkazib beruvchilarning va individual xaridlarning real baholari boʻyicha noyob maʼlumotlar bazasini yaratish hisoblanadi.

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga eʼtibor qaratsak, korrupsiyaga qarshi kurashning bir yoʻli sifatida alohida organ tashkil etish tajribasi mavjud. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori samaraga erishgan Yangi Zelandiyada shunday tashkilotlardan biri – “Korrupsiyaga qarshi kurashish mahkamasi (SFO)” amaliy jihatdan cheklanmagan vakolatlarga ega. Ushbu mahkamaning vakillari istalgan fuqarodan (farroshdan tortib to vazirgacha) istalgan hujjatni talab qilishga haqli hisoblanadi.

Daniyaning “Xalqaro rivojlanish agentligi”da shoshilinch aloqa mavjud boʻlib, har qanday fuqaro korrupsiya boʻyicha unga tezkor murojaat etishi yoki shikoyat qilishi mumkin. Barcha shikoyatlar sinchiklab tekshiriladi va aybdorlar soʻzsiz jazolanadi.

Albatta, har bir davlat korrupsiyaga qarshi kurashda oʻziga xos yoʻl tanlaydi. Mamlakatimizda Sharq mentaliteti amal qilganligi uchun ham mazkur muammoga qarshi siyosiy darajada kurashish eng samarali yoʻldir. Bu borada yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi muhim oʻrin tutadi. Umid qilamizki, mazkur organ oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni amaliy jihatdan uddasidan chiqadi.

Dilmurod ORTIQOV
Toshkent davlat yuridik
universiteti katta oʻqituvchisi.