English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekistonning 72 ta tovar belgisi xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilgan
10:31 / 2020-10-15

Mazkur yoʻnalishda Oʻzbekiston intellektual mulkka oid bir qator universal xalqaro shartnomalarga qoʻshilgan.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish va soha oldida turgan dolzarb masalalar” mavzuida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda asosiy eʼtibor Prezidentimiz raisligida joriy yil 12-oktyabrda oʻtkazilgan videoselektorda sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish, intellektual mulk himoyasini kuchaytirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratildi.

Intellektual mulk agentligi direktori Toʻlqin Abdusattorov intellektual mulk obyekti taʼsirchan huquqiy tizim bilan himoya qilinganligi xorijiy investitsiyalar kirib kelishining asosiy omillaridan biri ekanligini taʼkidladi.

Mazkur yoʻnalishda Oʻzbekiston intellektual mulkka oid bir qator universal xalqaro shartnomalarga qoʻshilgan. Endilikda Tovar belgilari boʻyicha qonunlar toʻgʻrisidagi Singapur shartnomasi va Ijrochilar, fonogramma yaratuvchilar va eshittirishlar tayyorlovchi tashkilotlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Rim xalqaro konvensiyasiga qoʻshilish koʻzda tutilgan.

Taʼkidlanganidek, har bir davlat idorasiga sohani rivojlantirishga qaratilgan uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, intellektual mulk himoyasini kuchaytirish yuzasidan har bir idora va tarmoqqa ilmiy yutuqlarni olib kirish lozim.

Tadbirda videoselektordagi vazifalardan kelib chiqib, intellektual mulk obyektlari bilan bogʻliq tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uni yaratish boʻyicha konsultatsiyadan tortib huquqiy muhofazalash jarayoni yakunlangunga qadar boʻlgan barcha zarur maʼlumotlarni taqdim etuvchi maxsus interfaol “Intellektual biznes” maxsus portalini yaratish, tadbirkorlar va ilm-fan egalari hamkorligini yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilandi.

Ishlanmalarni tijoratlashtirish maqsadida sanoat mulki platformasini tashkil etish, viloyatlardagi korxonalar va oliy oʻquv yurtlarining intellektual mulk obyektlari bazasini yaratish, oʻz navbatida ilmiy ishlanmalarni hayotga tatbiq etish, tadqiqotchi-izlanuvchilar va tadbirkorlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga koʻmak beradi. Chet el tajribasida kuzatilganidek, tadbirkorlar oʻzlariga kerakli ishlanmani shartnoma asosida buyurtma qilish imkoniga ega boʻladi.

– Davlatimiz rahbari tadbirkorlikni rivojlantirishda tovar qoʻshimcha qiymatini belgilash muhim ekanligiga urgʻu berdi, – dedi Intelektual mulk agentligi matbuot xizmati rahbari Feruz Joʻrayev. – Bu esa milliy brend tizimini yaratishni taqozo etadi. Bugungi kunda mamlakatimizning 72 ta tovar belgisi xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilgan. Mazkur yoʻnalishdagi vazifalarni jadallashtirish maqsadida mahalliy brendlarni xalqaro maydonga olib chiqish uchun tadbirkorlar mahsulotlarini brendga aylantirish dasturi va elektron maydonchasini ishlab chiqib, hududlarda brendlar yarmarkasi oʻtkazish belgilandi. Albatta, sohani yaxlit tizimga aylantirish uchun barcha imkoniyatlarga egamiz. Bu borada mutasaddi tashkilotlar va ilmiy izlanuvchi-tadqiqotchilar oʻrtasida koʻprik yaratish yaratuvchanlik qobiliyatini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

Anjumanda soha faoliyati kompleks tahlil qilinib, tizimdagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish borasidagi asosiy vazifalar belgilandi.
photo_2020-10-15_10-34-03.jpg