French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik sportchilar o‘z mamlakati dovrug‘ini dunyoga yoymoqda
16:37 / 2014-09-26

Bu galgi Osiyo o‘yinlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda qit’amizning qirq besh mamlakatidan tashrif buyurgan qariyb o‘n to‘rt ming kishilik delegatsiyaning to‘qqiz ming sakkiz yuz nafardan ziyodi sportchilardir. 228 sportchidan iborat bizning vakillarimiz sportning 32 turi bo‘yicha mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda.

Incheon. O‘zA maxsus muxbiri Mehribon Mametova xabar qiladi.

Qit’amizning eng nufuzli sport musobaqasi bo‘lgan Osiyo o‘yinlari turli xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash, hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, olimpiya harakatini keng targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga xizmat qilayotir. 

Bu galgi Osiyo o‘yinlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda qit’amizning qirq besh mamlakatidan tashrif buyurgan qariyb o‘n to‘rt ming kishilik delegatsiyaning to‘qqiz ming sakkiz yuz nafardan ziyodi sportchilardir. 228 sportchidan iborat bizning vakillarimiz sportning 32 turi bo‘yicha mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda. 

O‘zA muxbiri XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik atletlarning chiqishlari, O‘zbekistonda olimpiya harakati va sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ayrim xorijlik mutaxassislarning fikri bilan qiziqdi. 

Mukesh Kumar, Osiyo dzyudo ittifoqi bosh kotibi, Hindiston dzyudo federatsiyasi prezidenti:

– O‘zining shonli an’anasiga ega bo‘lgan O‘zbekiston dzyudo maktabi mustaqillik yillarida tobora rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonga borganimda bunga amin bo‘lganman. Bu borada, birinchi navbatda, Prezident Islom Karimov rahnamoligida tashkil etilayotgan uch bosqichli uzluksiz sport musobaqalari muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu musobaqalar kashf etgan sportchilarning ko‘pchiligi hozirgi Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Ayniqsa, Dilshod Choriyev, Rishod Sobirov, Abdulla Tangriyev va boshqa polvonlarning kurashi menda katta taassurot qoldirdi. Kurash bahslari keskin va murosasiz bo‘lishiga qaramasdan, ular sovrinli o‘rinlarni egallaganidan xursand bo‘ldim. O‘zbekistonlik sportchilar bundan keyin ham yuksak natijalar ko‘rsatishiga ishonaman. 

Ali Moradi, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi:

– O‘zbekiston – sport mamlakati. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov sportni rivojlantirishga katta e’tibor bermoqda. Shuning uchun mamlakatingiz og‘ir atletikachilari eng nufuzli xalqaro sport musobaqalari, jumladan, jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlarida muntazam g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib kelmoqda. Ularning XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani ham buni tasdiqlaydi. Ulug‘bek Alimov va Mahliyo Tog‘ayevaning chiqishlari menda katta taassurot qoldirdi. 

Lyudevik Darius de Kruf, futbol bo‘yicha Bangladesh yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi (Gollandiya):

– Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi juda kuchli. Ularning o‘yinini katta qiziqish bilan kuzatib boryapman va shuni aytishim mumkinki, jamoa Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rgan. Ayniqsa, yarim himoyachi Jamshid Iskandarovning o‘yini menga juda yoqdi. O‘zbekistonda bunday mahoratli o‘yinchilarning borligi mamlakatingizda millionlar o‘yini yangi rivojlanish bosqichiga chiqqani va katta istiqbolga ega ekanidan dalolat beradi. 

Fransua Saad, Livan dzyudo federatsiyasi prezidenti:

– O‘zbekistonga tez-tez borib turaman va mamlakatingiz jadal rivojlanayotgani meni hayratga soladi. Prezident Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotingiz barqaror yuksalmoqda, tibbiyotni takomillashtirish, sog‘lom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi sifatida sportni ommalashtirishga ulkan e’tibor qaratilmoqda. Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda muhtasham sport majmualari barpo etilib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlanayotganining guvohi bo‘ldim. Masalan, Toshkentda barpo etilgan zamonaviy dzyudo zalida barcha zarur sharoit yaratilgan. Buning samarasida O‘zbekistonda sport o‘z safiga ko‘plab yoshlarni jalb etayotgan haqiqiy ommaviy harakatga aylanib bormoqda. Shu tariqa yangi nomlar kashf etilmoqda, ular O‘zbekiston shuhratini butun dunyoga yoymoqda. 

Rizo Nassiriy, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi: 

– O‘zbekistonda milliy urf-odat va an’analarga rioya etilgan holda, noyob milliy sport o‘yinlari rivojlanib borayotgani tahsinga loyiqdir. Masalan, mustaqillik yillarida tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan kurash keng ommalashtirildi. Bugun kurash nafaqat sport turi, balki yuzdan ziyod mamlakatda jadal rivojlanib borayotgan xalqaro sport harakatiga aylandi. Bundan tashqari, xalqaro sport maydonlarida o‘zbekistonlik yosh dzyudochilar, gimnastikachi, tennischi, eshkak eshuvchilar va boshqa sport turlari vakillari muvaffaqiyat qozonmoqda. Ular qo‘lga kiritayotgan yutuqlar O‘zbekistonda sportni rivojlantirishga katta e’tibor berilayotganining yorqin dalilidir.