Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonga katta reja va maqsadlar bilan bormoqdamiz
19:00 / 2015-10-29

Prezidentimiz Islom Karimovning farmoyishiga muvofiq joriy yil 5-6-noyabr kunlari poytaxtimizda Xalqaro investitsiyaviy forum bo‘lib o‘tadi.

Prezidentimiz Islom Karimovning farmoyishiga muvofiq joriy yil 5-6-noyabr kunlari poytaxtimizda Xalqaro investitsiyaviy forum bo‘lib o‘tadi. Forum tashkiliy qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, bugungi kungacha 250 dan ortiq xorijiy kompaniyalar, xalqaro iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalarning rahbar va vakillari ishtirok etish istagini bildirgan.

O‘zA muxbirlari ularning ayrimlari bilan internet orqali bog‘lanib, mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi fikrlari, anjuman bilan bog‘liq reja va maqsadlarini yozib oldi.

Karsten Xasbax, “Siemens” kompaniyasining Strategiya va biznes taraqqiyoti bo‘yicha direktori (Germaniya):

– O‘zbekistonning izchil iqtisodiy taraqqiyoti so‘nggi o‘n yil mobaynida mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmining muntazam sakkiz foizdan yuqori bo‘layotganida ham yaqqol ko‘rinmoqda. Bu xalq farovonligini oshirishga, aholi yashash tarzini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston – ulkan tabiiy va intellektual salohiyatga ega mamlakat. O‘zbekiston o‘zining jo‘g‘rofiy joylashuvi va iqtisodiy imkoniyatlari bilan xorijiy sarmoyadorlar uchun g‘oyat jozibador.

“Siemens” kompaniyasi O‘zbekistondagi ofisini 1994-yilda ochgan. O‘tgan yillarda mamlakatingiz bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Jumladan, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida ikkita energiya blokini, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlaridagi xalqaro aeroportlarni modernizatsiya qilishda qatnashdik. Shifoxonalarga zamonaviy tomografiya uskunalari, Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga energetika jihozlari yetkazib berdik.

Xalqaro investitsiyaviy forum O‘zbekistondagi istiqbolli biznes loyihalarni, hamkorligimizni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish uchun imkoniyat yaratadi.

Kshishtof Korchak, “Convert Yenergy” kompaniyasining texnikaviy direktori (Polsha):

– Kompaniyamiz energetika sohasida faoliyat yuritadi. O‘zbekiston bilan energetika va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida hamkorlik qilib kelyapmiz.

O‘zbekistonga katta reja va maqsadlar bilan bormoqdamiz. Xalqaro forum doirasida “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikka oid shartnoma imzolashni rejalashtirganmiz. Bu bizga O‘zbekistonda sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, texnika va texnologiyalarimizni olib kirish imkonini beradi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi, degan umiddamiz.

Barun Kumar Singx, “Bimal Water Solutions” kompaniyasi direktori (Hindiston):

– O‘zbekiston iqtisodiyoti barcha sohalarda izchil rivojlanayotir. Mamlakatingizni muhim va istiqbolli hamkor, deb hisoblaymiz. Chunki O‘zbekistonda xorijlik sarmoyadorlar uchun qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ulkan imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan.

Kompaniyamiz meva va sabzavotlarni qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqaradi. O‘zbekiston bilan hamkorligimizni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Xalqaro investitsiyaviy forum ana shu imkoniyatlardan to‘laroq foydalanish, hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Anjuman doirasida ushbu sohada taklif etilayotgan loyihalarni o‘rganish, mamlakatingizdagi erkin industrial zonalar faoliyati, u yerlarda ish yuritish uchun yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishish niyatidamiz.