Oʻzbekistonga investitsiyani kimlar olib keladi?
2019 yilni “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb atalishi munosabati bilan joylarda oʻtkazilayotgan uchrashuv va muloqotlarda “investitsiya” soʻzi qayta-qayta tilga olinmoqda. “Biz yurtimizga koʻproq investitsiya olib kelishimiz kerak” degan daʼvatlar yangrab turibdi.
2019 yilni “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb atalishi munosabati bilan joylarda oʻtkazilayotgan uchrashuv va muloqotlarda “investitsiya” soʻzi qayta-qayta tilga olinmoqda. “Biz yurtimizga koʻproq investitsiya olib kelishimiz kerak” degan daʼvatlar yangrab turibdi. Bir qarashda bu gapda xato yoʻq. Lekin quruq gap quloqqa yoqmaydi, deganlaridek, iqtisodiyotimizga investitsiya zarurligi kunday ravshan. Hamma gap chetdagi sarmoyani faollashtirish uchun nimalar qilinishi kerakligi haqida.Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida yirik korxonalar, koʻzga koʻringan ishbilarmonlar mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish faoliyati natijasida katta daromadga ega boʻladilar. Tadbirkorlik qoidasiga binoan oʻsha daromad turib qolsa, pul “kul”ga aylanadi. Agar sarmoya ishlab chiqarishga yoʻnaltirilsa, foyda yoniga foyda qoʻshilishi mumkin. Xoʻsh, oʻsha mablagʻni qayerga sarflagan maʼqul? Iqtisodchilar tili bilan aytganda, ertangi kunni koʻzlagan sarmoyador investitsion muhit qulay boʻlgan joyga mablagʻ yoʻnaltiradi. Bundan har ikki tomon — investor ham, investitsiya yoʻnaltirilgan subyekt ham manfaatdor boʻladi.
Dehqoncha qilib tushuntiradigan boʻlsak, urugʻ yaxshi haydalgan, tuprogʻi yumshatilgan, oʻgʻit bilan toʻydirilgan, namlik yetarli zaminga tushsa, hosil yaxshi boʻladi. Investitsiya uchun qulay sharoit, dunyo amaliyotining koʻrsatishicha, tinchlik-osoyishtalik barqaror va qonun ustuvor yerga yoʻnaltirilishi ayni muddaodir.
Bizda, ming shukrki, tinch va osoyishta hayot hukmron, odamlarimiz qonun talablariga itoat qilib yashashmoqda. Lekin shunday ekanligini hamma xorijlik sarmoyadorlar yaxshi bilishadimi? Yoʻq. Baʼzilari Oʻzbekiston desangiz, “Qaysi, Afgʻoniston bilan chegaradosh davlatmi?” deguvchilar ham bor. Aslida esa bizning mamlakatimiz insoniyat tamadduniga buyuk alloma va mutafakkirlarni bergan zamin boʻlib, unda yashayotgan aholi ham ajdodlar izidan borib, insof va diyonatni hayotiy aqida qilgan odamlardir.
Agar xorijlik investor bizga sarmoya sarflasa, oʻz maqsadiga erishadi. Asosiy masala ularni ana shu haqiqatga ishontira bilishda. Buning uchun yurtimizga kelgan sayyohlarga tarixiy obidalarni koʻrsatish bilan bir qatorda iqtisodiyotimiz bilan tanishtirganimiz ayni muddaodir. Shu paytgacha faoliyat yuritib kelayotgan qoʻshma korxonalar, chet el sarmoyasi keltirayotgan samaralar haqida gapirib berishimiz zarur. “Oʻzbekistonda biznes qiling” degan gʻoya turli shakllarda namoyon boʻlishi muhimdir.
Xorij safarlariga borganimizda u yerdagi osmonoʻpar binolarga hayrat bilan boqamizu mezbonlarni yurtimizga taklif qilishni oʻylamaymiz. Axir ishning koʻzini bilgan inson har qadamda Vatan manfaatini oʻylashi kerak emasmi?! Tabiiyki, Oʻzbekiston investitsiyalarni jalb etish, avvalo, vatanparvar, elsevar insonlarning ishi. Shu haqda jiddiy oʻylamaydigan yurtdoshlarimiz esa “Olma pish, ogʻzimga tush” qabilida kutib oʻtiradilar.
— Investitsiyalar har qanday mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini harakatlantiruvchi kuch boʻlib, ularning yordamida iqtisodiyotning innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar asosida rivojlanishi qoʻllab-quvvatlanadi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar qoʻmitasi xorijiy hamkorlikni rivojlantirish va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish departamenti boshligʻi oʻrinbosari Aleksey Kim, — import oʻrnini bosish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish siyosati muvaffaqiyatli amalga oshiriladi, zamonaviy infratuzilmalar rivojlantiriladi, yangidan-yangi ish joylari yaratilib, ishsizlik muammosining oldi olinadi, eng asosiysi, erkin raqobat va tadbirkorlik munosabatlariga asoslangan zamonaviy iqtisodiy tizim rivojlantiriladi. Investitsiyalarning yana bir muhim ahamiyati shundaki, ular har qanday mamlakatning yaqin va uzoq kelajakda rivojlanish istiqbollarini belgilab beradi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi Qonunida investitsiyalarga quyidagicha taʼrif beriladi: “investitsiyalar — qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat obyektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy neʼmatlar hamda ularga boʻlgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulkka boʻlgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar”. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Investitsiya toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra: “investitsiya bu – iqtisodiy samara (foyda, daromad) olish yoki ijobiy, ijtimoiy natijaga erishish uchun sarflanadigan pul mablagʻlari, banklarga qoʻyilgan omonatlar, paylar, qimmatli qogʻozlar (aksiya, obligatsiyalar), texnologiyalar, mashinalar, asbob-uskunalar, litsenziyalar va samara beradigan boshqa har qanday boyliklardir”.
Investitsiyalar kelib chiqish manbalariga koʻra asosan ikki xil — yaʼni xorijiy investitsiyalar va ichki investitsiyalarga boʻlinadi. Investitsiyalarning ushbu ikkala turi ham quyidagi obyektlarni rivojlantirishga yoʻnaltiriladi: hududlar, tarmoqlar, tashkilotlar va tadbirkorliksubyektlari.
Yurtimizda chetdan investitsiya keltirib, koʻngildagi samara olayotgan tadbirkorlar anchagina. Shulardan biri Buxoro shahridagi “Brilliant Silk” MCHJ 10,2 million dollar miqdoridagi investitsiyani Singapurning “Kinjou natural fildo biotexnologii” korxonasi bilan Xitoy usulida pilla yetishtirish va qayta ishlash loyiha tufayli 1500 ta ish oʻrni yaratildi. Shuningdek, Kogon tumanidagi “Knauf gips Buxoro” MCHJ Germaniyaning “Knauf Group” korxonasidan keltirilgan 36,3 million dollarlik sarmoya hisobiga yiliga 120 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashdi.
Oʻzbekiston bugungi kunga kelib dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega boʻlmoqda. Demak, shu yurt fuqarolari ham hech kimdan kam emasligini qalbdan his qilmoqda. Shu maʼnoda iqtisodiyotimizda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish madaniyati dunyo andozalari talablariga munosib boʻlib bormoqda. Yurtimizda boshqa mintaqalardan investitsiya jalb etish, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali eksport salohiyatini yuksaltirish, yaʼni jahonga chiqish doimiy turmush tarziga aylanishi tabiiy, albatta. Bunday yondashuv xalqimiz turmush farovonligini oshiradi, pirovardida Oʻzbekiston jahon miqyosida munosib oʻringa ega boʻladi.
Shuhrat JABBOROV.
Manba “Xalq soʻzi” gazetasi