Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlari rivojlanmoqda
16:41 / 2019-08-16

Unda deputatlar, agentlik hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, soha olimlari ishtirok etib, mavjud holatlar atroflicha tahlil qilindi.


Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiya agentligi bilan hamkorlikda “Mamlakatimizda urbanizatsiya darajasini bosqichma-bosqich oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.

Unda deputatlar, agentlik hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, soha olimlari ishtirok etib, mavjud holatlar atroflicha tahlil qilindi.

Urbanizatsiya jarayonlarining mamlakatimiz barcha hududlarida istiqomat qilayotgan aholi turmush darajasining yaxshilanishiga ta’siri, yer islohoti, uy-joy siyosati kabi masalalar muhokama qilindi.

Deputatlar Urbanizatsiya agentligi tomonidan ishlab chiqilgan va 2019 yilning 13 may kuni qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining muhim ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etdi.

Ushbu qonunning maqsadi xususiy mulk institutini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini fuqarolik muomalasiga kiritish, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining investitsion imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

– Agentlik 120 ta shahar, 1070 shahar tipidagi posyolka va 11 mingta qishloq aholi punkti tabiiy-iqtisodiy salohiyatini aniqlash, tizimli urbanizatsiya jarayoni amalga oshirilishini, yangi sanoat korxonalarining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’ektlari bilan kompleks joylashtirishni hisobga olgan holda o‘rta muddatli davrda yo‘ldosh-shaharlarga aylantiriladigan aholi punktlari ro‘yxatini shakllantirish maqsadida xatlovdan o‘tkazmoqda, – dedi Urbanizatsiya agentligi bosh mutaxassisi Nurullo Abdunabiev. – Davlatimiz rahbari hududlarga qilgan tashriflari davomida berilgan topshiriqlaridan kelib chiqib, Guliston, Yangier, G‘ijduvon, Qorako‘l, Kogon shaharlari, Xovos va Marhamat tumanlari markazlarini rivojlantirish, Angren, Bekobod, Olmalik, Chirchiq, Shirin, Zarafshon, G‘ozg‘on, Sharg‘un shaharlari maqomini o‘zgartirish, Yangiyo‘l, Toshkent, Namangan shaharlariga tutash hududlar chegaralarini qo‘shish orqali ularning chegaralarini kengaytirish, Samarqand va Jizzax viloyatlarida sanoat klasterlarini tashkil qilish, ijtimoiy infratuzilma qurilishi va muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish konsepsiyasining asosiy maqsadi shaharlar va shahar aglomeratsiyalarini kompleks rivojlantirish hisobiga barqaror iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligini ta’minlashdir. Bugungi kunda respublika bo‘yicha ichimlik suvi ta’minoti 64,4 foiz, kanalizatsiya tizimi 17 foiz, shaharlarda issiq suv ta’minoti 25 foiz va isitish tizimi 20 foizni tashkil etadi. Konsepsiyada ijtimoiy, muhandislik-kommunikatsiyalari, yo‘l-transport infratuzilmalarini rivojlantirish, shahar aholisini markazlashgan suv va gaz bilan ta’minlashni 90 foizga, kanalizatsiya tizimini 68,9 foizga, jon boshiga o‘rtacha uy-joy bilan ta’minlanganlikni hozirgi yo‘l qo‘yilayotgan sanitar me’yorlardagi 16 metr kvadratdan 20 metr kvadratga, aholini oliy ta’lim bilan qamrovini 50 foizga yetkazish kabi ko‘rsatkichlar bilan to‘ldirilgan mutlaqo yangi uy-joy siyosatini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Davra suhbati yakunida sohani yanada rivojlantirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.