Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekistonda sud tizimi yana-da takomillashtiriladi
13:40 / 2020-07-29

Jinoyat qonunchiligidagi qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatildi.


Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Prezident vazifasini bajarayotgan dastlabki davrdanoq sud tizimini takomillashtirishga, uni tom maʼnodagi inson huquqlari himoyachisiga va adolat qoʻrgʻoniga aylantirishga qaratilgan sud-huquq islohotlarini izchil amalga oshirishga eʼtibor qaratdilar.

Dastlab, 2016-yil 21-oktyabrda Prezidentimizning “Sud-huquq tizimini yana-da isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4850-sonli Farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmonga koʻra, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yana-da isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi.

Sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin oʻn yil muddatga, shundan soʻng muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi joriy qilindi.

Jinoyat qonunchiligidagi qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatildi.

Jinoyat-protsessual qonunchiligidagi jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartirildi;

qamoqqa olish va uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot choralarini qoʻllashning, shuningdek dastlabki tergovning eng koʻp muddati 1 yildan 7 oyga qisqartirildi;

pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlab qoʻyish va eksgumatsiya qilish uchun sanksiya berish huquqi sudlarga oʻtkazildi;

sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qoʻllash huquqi berildi;

tergovning toʻliq emasligini sud muhokamasi jarayonida toʻldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qoʻshimcha tergov yuritishga qaytarish instituti bekor qilindi.

Sud tizimida fuqarolik ishi boʻyicha sud qarorini nazorat tartibida qayta koʻrib chiqish muddati 3 yildan 1 yilga qisqartirildi;

viloyat darajasidagi sudlar tomonidan jinoyat va fuqarolik ishlarini nazorat tartibida koʻrib chiqish instituti tugatilib, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish boʻyicha vakolatlari bekor qilindi;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida koʻrib chiqish boʻyicha bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilindi;

adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash sohasidagi vazifa va vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga oʻtkazildi.

Shundan soʻng, Prezidentimiz tomonidan 2017-yil 21-fevral kuni “Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi yana bir muhim PF-4966-sonli Farmon qabul qilindi.

Ushbu Farmonga koʻra, sudyalar hamjamiyatining organi hisoblanadigan va Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmaklashadigan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tashkil etildi.

Sudyalarni saylash va tayinlash tartibi takomillashtirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi birlashtirilib, fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi.

ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan maʼmuriy nizolarni, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, tuman (shahar) maʼmuriy sudlari tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hayʼati, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, okrug va hududiy harbiy sudlar shtat birliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimiga oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Harbiy hayʼati tugatilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tashkil etildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari etib oʻzgartirildi.

ishlarni birinchi instansiyada koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan 71 ta tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etildi.

amaldagi sud majlisi kotibi lavozimi tugatilib, belgilangan umumiy shtat birligi doirasida sudlarning tuzilmalariga sudya katta yordamchisi, yordamchisi lavozimlari kiritildi, ularning mehnatga haq toʻlash razryadlari oshirildi.

Navbatdagi Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan PF-5482-sonli Farmon 2018-yil 13-iyul kuni qabul qilinib, ushbu Farmon “Sud-huquq tizimini yana-da takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, - deb nomlandi.

Ushbu Farmonga koʻra, sud organlari faoliyatining shaffofligini yana-da taʼminlash, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda eʼlon qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etildi.

qabul qilingan sud hujjati oʻqib eshittirilganidan soʻng uning mazmun-mohiyatini sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirilishi sud amaliyotiga joriy etildi.

sudlar faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning oʻrinbosarlari tomonidan brifinglar oʻtkazish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlari tomonidan sud ishlarini nazorat tartibida, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan sud ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida koʻrib chiqish amaliyoti obzorlarini har chorakda eʼlon qilish amalga kiritildi.

Sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashning xolisligi va shaffofligiga ishonchni oshirish maqsadida har bir hududda sudyalar korpusini shakllantirishga koʻmaklashuvchi komissiyalar tuzildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, quyi sudlar sudyalari va xodimlari hamda Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy boʻlimlari xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlari oshirildi.

2019-yil 19−25-sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻlgan BMTning Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan Oʻzbekistonda sud tizimini oʻrganib, mustaqil va xolis sud tizimini yaratish boʻyicha tavsiyalardan iborat maʼruzasi BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga taqdim etilib, joriy yilning 13-iyul kuni eʼlon qilindi.

Ushbu maʼruzada, Prezidentimiz boshchiligida qatʼiyat bilan olib borilayotgan sud-huquq tizimidagi islohotlar natijasida mustaqil va xolis sud tizimini yaratish boʻyicha ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilganligi alohida qayd qilingan. Shuning bilan birga bartaraf etilishi lozim boʻlgan salbiy holatlar ham sanab oʻtilgan.

jumladan, sud binolari nogironlar uchun toʻliq imkoniyatga ega emasligi;

sudyalarning maqomi, shu jumladan ularning vakolat muddati, mustaqillik, xavfsizlik, ish haqi, xizmat koʻrsatish shartlari, pensiya va pensiya yoshini qonun bilan tartibga solishni talab qilishi;

prokuratura sud hokimiyatining mustaqilligiga taʼsir etuvchi omillar roʻyxatiga binoan jinoiy ishlarda va uning umumiy nazorat faoliyatida haddan tashqari vakolatlarga ega ekani, natijada sudyalarning xolislik, dalillar va qonunga muvofiq ravishda qaror qabul qilish mustaqilligi ayblov xulosasida de-fakto prokuror takliflarini qoʻllab-quvvatlash tomonga ogʻayotganligi buning uchun Prokurorlarning ishlarni suddan talab qilib olish yoki sud qaroriga protest kiritish vakolatlarini bekor qilinishi lozimligi;

sud raislarining vakolatlari vakillik va maʼmuriy funksiyalar bilan cheklanishi kerakligi, ular sudyalarni tanlashda yoki sudyalarga nisbatan intizomiy sudlov ishlarida ishtirok etmasliklari kerakligi, sudyalarning ish haqi va mukofotlari boʻyicha sud raislariga berilgan ixtiyoriy vakolat bekor qilinishi kerakligi;

sud tizimida ayollar salmogʻining past darajada ekanligi;

mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan advokatlar sonining kamligi, ular vakolatining yetarli emasligi shular jumlasidandir.

Yuqoridagi sanab oʻtilgan salbiy holatlar sud tizimini yana-da takomillashtirish va bu sohada ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan foydalanishni taqozo etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda taʼminlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida 2020-yil 24-iyul kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6034-sonli Prezident Farmoni sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta koʻrib chiqishni taʼminlaydi.

Ushbu Farmonga koʻra, sud tizimida 2021-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlar amalga oshiriladi:

viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;

maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazish;

maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari saqlab qolinishi;

Amudaryo, Nurobod, Boysun va Pastdargʻom tumanlari iqtisodiy sudlarini tugatish;

fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tumanlararo sudini, fuqarolik ishlari boʻyicha Urgut, Soʻx, Xatirchi, Paxtakor tumanlari sudlarini, Pastdargʻom tumanlararo iqtisodiy sudini, jinoyat ishlari boʻyicha Boʻzatov, Taxiatosh, Bandixon, Tuproqqalʼa tumanlari sudlarini tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy malaka hayʼatining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hayʼatlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqini berish.

sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish institutini tugatish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish;

jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilash, jinoyat ishining umumiy tartibda koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichini kiritish;

tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;

apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish;

davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatish;

prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina, suddan chaqirib olib oʻrganish;

qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qoʻzgʻatilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida prokuror oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish tartibi joriy etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sudlov tarkibi tuziladi.

Sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda –yirik investorlar) va davlat organlari oʻrtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish vakolati beriladi.

investitsiyaviy nizolar boʻyicha yirik investorlarning, raqobatga oid ishlar boʻyicha taraflarning xohishiga koʻra, ushbu toifadagi ishlar bevosita Sudlov tarkibi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida koʻrilishi;

qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida koʻrilishi mumkinligi belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tuzilmasida Oliy sud boshqarmalari faoliyatini tashkillashtirish va muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga hisobdor boʻlgan, Oliy sud raisining taqdimnomasiga asosan Oliy sud Plenumi tomonidan lavozimiga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati rahbari lavozimi, sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tuzilmasida matbuot xizmatlari tashkil etiladi.

Sudyalar oliy maktabi Sud amaliyoti muammolarini oʻrganish markazini tugatiladi. Ushbu tugatish hisobidan boʻshayotgan 9 ta shtat birliklari Oliy sud tuzilmasida tashkil etilayotgan Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasini shakllantirishga yoʻnaltiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati rahbari, boshqarma boshliqlariga nisbatan Oliy sud sudyalari uchun belgilangan, Oliy sudning boshqaruv xodimlari tarkibiga kiritilgan boshqa xodimlariga nisbatan esa, viloyat sudlari sudyalari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.

Bunda, qayd etilgan shartlar faqat muqaddam sudyalik lavozimida ishlagan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi, ushbu shaxslarning shu lavozimlarda ishlagan vaqti sudyalik stajiga qoʻshilishi va pensiya tayinlashda hisobga olinishi inobatga olinadi.

2020-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sudi, quyi sud tizimi sudyalari, Sudyalar oliy maktabi va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy boʻlimlari xodimlari ish haqlari va qoʻshimcha toʻlovlarini toʻliqligicha Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishga oʻtkazilishini hamda ish haqlari miqdorlarini oshirilishini nazarda tutuvchi takliflar qonunchilikka kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Moliya vazirligi bilan birgalikda pensiya tayinlangan va sudya sifatida oʻz faoliyatini davom ettirayotgan shaxslarning pensiyalari yangi belgilanadigan sudyalar mehnatiga haq toʻlash shartlarini inobatga olgan holda qayta hisob-kitob qilinishini taʼminlanadi.

Ushbu Farmon chinakam mustaqil sud tizimini shakllantirish, sudga ishi tushgan har bir insonning suddan rozi boʻlishiga, yaʼni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida inson huquqlari va qonuniy manfaatlari toʻla taʼminlanishiga mustahkam huquqiy asos boʻlib qoladi.

A.Habibullayev , Jinoyat ishlari boʻyicha
Toshloq tuman sudi raisi