Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo instituti tashkil etilgan”
10:59 / 2020-09-23

Mintaqadagi mamlakatlar oʻrtasidagi ikki va koʻptomonlama sheriklik aloqalari, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa yoʻnalishlardagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda.


Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining ilk kunlaridanoq Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan oʻzaro doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik hamkorlikni rivojlantirishga tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishi sifatida katta eʼtibor qaratib kelmoqda.

Bu borada 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasi oliy minbaridan turib, qator muhim tashabbuslarni, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ilk Maslahat uchrashuvini tashkil etish boʻyicha taklifni ilgari surgan edilar. Ushbu muloqot formatining ikkinchi yigʻilishi Toshkentda oʻtkazildi hamda mintaqada oʻzaro manfaatli hamkorlikni, hamjihatlik muhitini yana-da mustahkamlash yoʻlida tarixiy voqea boʻldi.

Aytish joizki, oʻtgan toʻrt yilda Oʻzbekistonning mintaqadagi barcha davlatlar bilan aloqalari tom maʼnoda strategik sheriklik bosqichiga koʻtarildi, oliy daraja ishonchli va ochiq siyosiy muloqotlar yoʻlga qoʻyildi. Mintaqadagi mamlakatlar oʻrtasidagi ikki va koʻptomonlama sheriklik aloqalari, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa yoʻnalishlardagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda.

Maslahat uchrashuvining ikkinchi sammitida erishilgan barcha kelishuvlarni toʻliq amalga oshirish, ekspert-tahlil doira vakillari, amaliyotchi mutaxassislar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy strategiyani ishlab chiqishda ular ishtirokini taʼminlash maqsadida oʻtgan oyda Prezidentning alohida qarori bilan Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etilgan edi.

Institutning asosiy vazifalari sirasiga eng avvalo, mintaqa davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni har tomonlama kengaytirishga qaratilgan strategiya va dasturlarning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqishga koʻmaklashish, ularni ilmiy asoslangan holda chuqur tahlil qilish va tadqiq etish kiradi.

Mintaqa davlatlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan izlanishlarni, Markaziy Osiyo xavfsizligi bilan bogʻliq turli boshqa tahdid va muammolarni samarali hal etishga qaratilgan tizimli tadqiqot ishlarini olib boradi.

Qoʻshni davlatlarning tashqi siyosat konsepsiya va maqsadlarini tahliliy yondashuvlar asosida puxta oʻrganadi, mintaqaviy ahamiyatga ega turli loyihalarni batafsil tahlil qiladi va boʻlib oʻtadigan mintaqaviy xalqaro ilmiy anjuman va tadbirlarda bu mavzularni muhokama qiladi.

Hech shubhasiz, Markaziy Osiyo xalqaro institutining tashkil etilganligi respublikamizning jahon maydonidagi oʻrni va nufuzini yana-da yuksaltirish, mintaqaviy integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.