English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekistonda koronavirusga chalingan 83 yoshli onaxon sogʻaydi
18:37 / 2020-04-18

Bunda fidoyi tibbiyot xodimlarining mardonavor saʼy-harakati muhim oʻrin tutmoqda.


Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan xavotirli vaziyatda odamlarni quvontiradigan, bemorlarga ishonch baxsh etadigan xayrli xabarlar kundan-kunga koʻpayib bormoqda. Bunda fidoyi tibbiyot xodimlarining mardonavor saʼy-harakati muhim oʻrin tutmoqda.

Poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 6 nafar bemor butkul sogʻaydi. Ular Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Eʼtiborli jihati, sogʻayganlardan biri chiroqchilik , 83 yoshli onaxon boʻlib, uning ahvoli ogʻir boʻlishiga qaramay bilimli va yuqori malakali shifokorlarimizning saʼy-harakati hamda xalqaro standartlar asosida olib borilgan samarali davolash muolajalari tufayli butkul sogʻaydi.

Shuningdek, tuzalgan yana toʻrt nafar Toshkent shahridan boʻlib, (50, 31 va 30 yoshli erkak hamda 57 yoshli ayol) ulardan bir nafari Rossiyadan charter reys bilan poytaxtimizga kelgan, qolgan uch nafari esa koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, infeksiya yuqtirib olgan. Yana bir nafar fargʻonalik, 35 yoshli bemor ham xorijdan kelgan.

Soʻnggi tekshiruv natijalari ushbu bemorlarda infeksiya yoʻqligini koʻrsatdi. Mazkur klinikada shu paytga qadar 11 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 17 nafarga yetdi.

Ayni paytda klinikada koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarga tibbiyot xodimlari tomonidan xalqaro standartlar asosida muolajalar olib borilmoqda. Bunda malakali pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog kabi mutaxassislar bilan telemuloqot oʻrnatilib, zarur tavsiyalarni olinayotgani ham qoʻl kelmoqda.

Hozirgina Buxoro viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasidan yana 3 nafar bemor (erkak) sogʻayganligi haqidagi xushxabarni oldik.

Shunday qilib, ayni paytga qadar mamlakatimiz boʻylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sogʻaygan bemorlar bugun, avvalgi kunlarga nisbatan eng yuqori koʻrsatkichni qayd etgan holda, 38 nafarga yetib, jami 194 nafarni tashkil etmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi