Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan: ishonchli va sifatli
16:20 / 2015-05-28

O‘z faoliyatini 2014-yilning so‘nggi choragida boshlagan “Bagil medical new technology” 5 milligramm hajmdagi bir martalik shprislar ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi va ularning turini kengaytirmoqda.

O‘zbekistonda milliy iqtisodiyotni izchil rivojlantirish hisobidan jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, ichki bozorni sifatli tovarlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Xususiy ishlab chiqaruvchilar va yirik sanoat korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarining tobora mustahkamlanayotgani bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirmoqda. Bularning barchasi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yaratilayotgan qulay sarmoyaviy muhit, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorlik samarasidir.

Navoiy viloyatida mahalliylashtirish dasturi asosida import o‘rnini bosuvchi, ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulot turlarini o‘zlashtirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, o‘tgan yili hududiy korxonalar hamda yirik tashkilotlar tomonidan mahalliylashtirish dasturi asosida 23 loyiha amalga oshirildi. Natijada 36 milliard 800 million so‘mlik raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarildi. Eng muhimi, qariyb 15 million 300 ming AQSh dollari qiymatidagi valyuta xarajatlari tejalib, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining yanada yuksalishiga erishildi.

Mamlakatimizda xorijlik sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Navoiy shahridagi shpris ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Bagil medical new technology” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi shulardan biri.

O‘z faoliyatini 2014-yilning so‘nggi choragida boshlagan “Bagil medical new technology” 5 milligramm hajmdagi bir martalik shprislar ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi va ularning turini kengaytirmoqda.

– Yiliga 48 ming dona shpris ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 36 nafar mutaxassis mehnat qilayotir, – deydi korxona direktori Faxriddin Barotov. – Ichki va tashqi bozorga sifatli tibbiyot mahsulotlari yetkazib berish borasida samarali izlanishlar olib bormoqdamiz. Jumladan, 2016-yildan yangi tibbiyot vositalari ishlab chiqarishni kengaytirish hamda mahsulotlarning 50 foizini eksportga yo‘naltirishni rejalashtirganmiz.

Yangi loyihalarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgan korxonada endilikda 1, 2, 10, 50 milligrammlik shpris hamda infuzion tibbiyot sistemalarini ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Yangi liniyalarning ishga tushishi bilan qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Janubiy Koreyaning zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan korxonada tozalik va sanitariya qoidalariga qat’iy rioya etiladi. Mahalliy yosh mutaxassislarning ish tajribasini oshirish maqsadida koreyalik soha vakillari ishtirokida turli o‘quvlar tashkil etilmoqda. Hamkorlikdagi sa’y-harakatlar yangi loyihalarning istiqboli yo‘lida ijobiy samaralar berayotir. Janubiy Koreyaning “Tolbiz” hamda “Top-point” korporatsiyalari bilan yaqin investitsiyaviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

– O‘zbekistonda qulay investitsiyaviy muhit va xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor diqqatga molik, – deydi Janubiy Koreyaning “Top-point” korporatsiyasi direktori Yong-Chul Kim Charls. – Ushbu korxona bilan mustahkam hamkorlik aloqalarimizning bosh omili ham shunda. O‘zbekistonda janubiy koreyalik ishbilarmonlar sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar talaygina. O‘ylaymanki, istiqbolli qo‘shma loyihalarimiz yanada ko‘payib, o‘zaro iqtisodiy munosabatlarimiz bundan buyon ham rivojlanib boraveradi.

Qo‘shma korxonada viloyatning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga olib chiqish hamda xorijlik sarmoyadorlar bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatish borasida qo‘shimcha yangi loyihalarni o‘zlashtirish ustida ish olib borilmoqda. 2016-2019-yillarga mo‘ljallangan va istiqbolli rejalarni amalga oshirish maqsadida Janubiy Koreya va Italiya mamlakatlari sarmoyadorlari ishtirokida qiymati 2 million 683 ming dollarga teng bo‘lgan, mahalliy xomashyodan jahon standartlariga mos stirillangan tibbiyot vatasi tayyorlash ko‘zda tutilmoqda. Yiliga qariyb 1 ming 100 tonna sifatli mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi tarmoqda o‘ttizdan ziyod kishining bandligi ta’minlanadi. Yiliga 2 million 200 ming dollar qiymatidagi tayyor mahsulot eksportga yo‘naltiriladi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan bunday keng qamrovli iqtisodiy islohotlar chet ellik ishbilarmonlar bilan, xususan, Janubiy Koreya tadbirkorlari bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, iqtisodiyotimizning yanada yuksalib, xalqimiz farovonligining oshishiga xizmat qiladi.