Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekistonda ilk bor muzeylarda ilmiy kengash ochilmoqda
16:50 / 2020-08-11

Bilamizki, muzeylar millatning madaniy jihatdan uygʻonishi, milliy mafkurani targʻib qilishda, xalq ongida milliy gʻurur va iftixorni kuchaytirishda muhim rol oʻynaydi.


Bilamizki, muzeylar millatning madaniy jihatdan uygʻonishi, milliy mafkurani targʻib qilishda, xalq ongida milliy gʻurur va iftixorni kuchaytirishda muhim rol oʻynaydi.

Yozma manbalar bilan bir qatorda Oʻzbekiston muzeylarida saqlanayotgan koʻp ming sonli madaniy yodgorliklar ham tarix ilmining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Ular hujjatlar, arxeologiya, numizmatika, etnografiyaga taaluqli boʻlib, tariximizning barcha davrlarini qamrab oladi. Shu jihatdan muzeylar madaniyat qon-tomiri hisoblanib, davlat va jamiyat hayotida alohida ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekistonda madaniyat muassasalari, shu bilan birga muzeylarning bozor munosabatlariga oʻtishi, ularning oldiga yangi vazifalarni qoʻymoqda. Endi muzeylar avvalgi davrlardagidek, “yashab qolish”gagina emas, balki mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirok etishga odatlanishi lozim.

Maʼlumki, sobiq ittifoq davrida Oʻzbekiston muzeylari mafkuraviy tashkilotga aylantirilib, siyosiy doktrinalar va qoida-qonunlarni targʻibotchisi hisoblanardi. Sovet davlati mafkurachilari ushbu yoʻnalishda muzeylardan ustalik bilan foydalana oldi. Bunga birgina misol, butun sobiq ittifoq muzeylari ichida faqatgina Lenin muzeyining muvaffaqiyat bilan rivojlanganidir. Oʻtgan asr 90-yillarida muzeylarga tashriflar sonining keskin kamayib ketishi ham mana shu jarayon bilan izohlanadi. Muammo shundaki, muzeylar qanday tarixiy sharoitda sovet mafkurasining quroliga aylantirildi, kolonial davrdagi saroy kolleksionerlik anʼanalariga koʻra qurilgan Oʻzbekistonning keksa muzeylari yangi – “sovetcha” yoʻnalishga oʻtishi qanday kechdi, nihoyat ular hozirgi zamonaviy sharoitlarga moslashishda qaysi yoʻldan boryapti? Bu borada hozirgi vaqtda mafkuradan xoli boʻlgan qanday fundamental tadqiqotlar olib borilmoqda?

Ushbu savollarga javob topish, muammolarni chuqur ilmiy tahlil etish bugungi muzeylarning kechiktirib boʻlmaydigan vazifalari sirasiga kiradi. Chunki, hozirgi paytda davlatning madaniy sohadagi siyosati bilan qoʻllab-quvvatlanayotgan Oʻzbekiston muzeylari amaliy faoliyati ularning nazariy konsepsiyalarga mos kelmaydi. Buning asosiy sababi zamonaviy muzeyshunoslikning fan sifatida haligacha taraqqiy etmaganidadir. Bu esa amaliy muzeyshunoslik tadqiqotlari va ishlanmalari past natijaviyligiga, muzeylar taraqqiyotining asosiy prinsiplarini ishlab chiqishda ilmiy tayanchning yetishmasligiga olib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan yaqinda qabul qilingan “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon ana shu boʻshliqlarni toʻldirish imkoniyatini yuzaga keltiradi. Unda Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi va Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida muzeyshunoslik, sanʼatshunoslik, madaniyatshunoslik yoʻnalishlarida ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlar va ilmiy-metodik kengashlar tashkil etish belgilandi.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston muzeylarining tashkil topgan dastlabki davridan bugungi kunga qadar bosib oʻtgan yoʻlini chuqur tahlil etmasdan, zaruriy xulosalarni chiqarmasdan turib, ularni eskilik qolipidan chiqarib, yangi taraqqiyot yoʻliga tushib olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yuzaga keltirish mumkin emas. Ushbu muammolarni Oʻzbekistondagi muzeylar misolida tahlil qilish, muzeylarning har bir ijtimoiy-iqtisodiy tuzimda tutgan oʻrnini aniqlash va faoliyatiga tanqidiy baho berish orqali zaruriy xulosalarni olish zamonaviy muzey ishi taraqqiyotini nazariy jihatdan anglashga xizmat qiladi.

Mahmudxon YUNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi bosh muhofizi