Oʻzbekistonda bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirilayotgan propiskaga oid islohotlar haqida
Fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi boʻyicha hisobga olish muddati 6 oydan 1 yilgacha uzaytirildi hamda ijara shartnomasini talab qilish tartibi bekor qilindi.
Oxirgi yillarda Oʻzbekistonda har jabhada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda va har bir amalga oshirilayotgan qadamlar koʻr-koʻrona va shoshma-shosharlik bilan emas, balki har tomonlama oʻylanib, chuqur tahlil qilingan holda qarorlar qabul qilinmoqda. Shu bilan birga, har bir qabul qilingan qaror yaqin bir davrni oʻylab, “shok” holatda qabul qilinayotgani yoʻq, balki har bir qaror zamirida uzoqni oʻylangan maqsadlar koʻzlangan boʻlib, mana shu maqsadlarga bosqichma-bosqich va qadamma-qadam erishish nazarda tutilmoqda.
Aslini olganda, propiska boʻyicha islohotlar 2020-yildan boshlangani yoʻq, balki Prezidentimizning mazkur siyosiy irodasi, oxirgi uch yilda Harakatlar strategiyasi va unga asosan qabul qilinayotgan Davlat dasturlarida barcha jabhadagi qabul qilinayotgan qarorlarga uygʻun ravishda olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir.
Sababi, propiska boʻyicha islohotlar birdaniga uni bekor qilish bilan amalga oshirilmaydi. Balki, mazkur islohot respublikadagi mavjud migratsion holatni jadallashtirish, turar-joy va tegishli infratuzilmalarni yaratish, bandlik darajasini koʻtarish, ish oʻrinlari tashkil etilishi, taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari va boshqa sohalarni rivojlantirish bilan chambarchas bogʻliq jarayonlardir. Qolaversa, Oʻzbekistonning eng yirik shahri hisoblangan – Toshkent shahrida koʻchmas mulk obyektlari narxlarini oʻsib ketishini va shahar infratuzilmasiga demografik bosimni har tomonlama, chuqur oʻrganib chiqishni va ushbu murakkab masalani eng toʻgʻri yoʻl bilan hal etish choralarini koʻrishni talab etadi. Bu borada, xalqaro amaliyotda baʼzi xorijiy mamlakatlarda jahon miqyosidagi yirik megapolislarning turar joy va doimiy yashash huquqini olish boʻyicha cheklash siyosatini olib boradilar.
Shuning uchun ham mazkur sohani isloh qilinishi tegishli hisob-kitoblar, har tomonlama oʻylangan chuqur tahlil va uzoqni koʻzlangan qadamlarni ishlab chiqish va ularni bosqichma-bosqich amalga oshirishni talab etadi.
Shu oʻrinda, aynan Harakatlar strategiyasi va unga koʻra qabul qilingan Davlat dasturlariga asosan Oʻzbekistonda shu paytga qadar oʻtgan 3 yil ichida amalga oshirilgan ayrim islohotlarni sanab oʻtish maqsadga muvofiq boʻlar edi, deb hisoblaymiz. Jumladan,
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktyabrdagi 845-son Qaroriga muvofiq, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik, voyaga yetmagan shaxsning belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilindi, shuningdek poytaxtda doimiy yoki vaqtinchalik propiskasiz boʻlgan shaxsni ishga qabul qilishni rad etish mumkinligini nazarda tutuvchi norma chiqarib tashlandi.
Mavsumiy ish bilan shugʻullanish (qurilish, qishloq xoʻjaligi va boshqa ishlar) uchun kelgan fuqarolarni hisobga qoʻyishning soddalashtirilgan tartibi belgilandi.
Fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi boʻyicha hisobga olish muddati 6 oydan 1 yilgacha uzaytirildi hamda ijara shartnomasini talab qilish tartibi bekor qilindi.
Koʻchmas-mulk va turar-joy xarid qilish boʻyicha, Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan jismoniy shaxslar yangi qurilgan koʻchmas mulkni bank hisobvaraqlari orqali hisob-kitob qilish yoʻli bilan sotib olishlari va davlat roʻyxatidan oʻtkazishlari mumkinligi belgilandi.
Shu va shu kabi propiskaga oid ayrim cheklovlarning olib tashlanishi, tegishli tartiblarni soddalashtirilishi natijasida Toshkent shahrida doimiy propiska qilinganlar soni 2019-yilda 2018-yilga nisbatan 1,5 baravarga oshgan.
Shuningdek, bugungi kunda respublikada koʻchmas mulk narxlarini bozor tomonidan tartibga solishni, shuningdek ipoteka kreditlari boʻyicha fuqarolarga subsidiyalar toʻlashni nazarda tutuvchi yangi ipoteka tartibi joriy etilganligini ham alohida taʼkidlash lozim. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida ipoteka kreditlarini yana-da kengaytirish, xususiy pudratchilarni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj odamlarni qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, yer resurslaridan oqilona foydalanish va aholi punktlarining urbanizatsiya jarayonlarini chuqurlashtirish koʻzda tutilgan.
Shu bilan bir qatorda, jahon tajribasini hisobga olgan holda mamlakatimizda yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlovchi yangi instrumentlar va mexanizmlar yana-da kengroq qoʻllanilmoqda. Ular qatoriga faol davlat urbanizatsiya siyosatiga oʻtishni kiritish mumkin.
Prezidentimizning 2019-yil 10-yanvardagi “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, mutlaqo yangi uy-joy siyosatini amalga oshirish asosida urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish, bunda shaharlarning muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalar bilan taʼminlanganligiga eʼtibor qaratish, jismoniy va yuridik shaxslar uchun turar joy va noturar joy, bino va inshootlar ostidagi yer uchastkalariga egalik qilish huquqini amalga oshirishni kafolatlash, yer uchastkalarini fuqarolik muomalasiga kiritish uchun shart-sharoitlar yaratish, migratsiya jarayonlarini takomillashtirish, yirik shaharlarning markaziy qismida sanoat va boshqa zonalar hududlarini qisqartirgan holda ishbilarmonlik va xizmat koʻrsatish zonalari hududlarini kengaytirish urbanizatsiya jarayonlarini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari sifatida qayd etilgan.
Faol urbanizatsiya siyosatini amalga oshirish maqsadida bir qator asosiy tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlardan foydalanish koʻzda tutilgan. Bular — 2030-yilga qadar urbanizatsiya konsepsiyasini, strategik rejalashtirish, mamlakat, mintaqalar va shaharlarning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish prognozlari, aholini joylashtirishning bosh sxemasi, infratuzilma obyektlarini joylashtirish va rivojlantirish sxemalari, shaharlarning bosh rejalariga oid hujjatlar toʻplamini yagona tizim sifatida ishlab chiqish, urbanizatsiya jarayonlarida yetakchi boʻladigan istiqbolli qishloq aholi punktlari, shahar posyolkalari va kichik shaharlarni hamda hududlar iqtisodiyoti barqaror rivojlanishida oʻsish nuqtalari boʻla oladigan oʻrta va yirik shaharlarni aniqlashdir.
Shu oʻrinda, mamlakatimizda uy-joy qurilishi nafaqat poytaxtda, balki butun respublika boʻyicha amalga oshirilayotganligini natijasi sifatida ayrim raqamlarni keltirish joiz deb hisoblaymiz. 2019-yilda foydalanishga topshirilgan turar joylar hajmi 2018-yilga nisbatan Respublika boʻyicha 119,9%ga oʻsgan boʻlsa, mazkur koʻrsatkich Sirdaryo viloyatida 189,0%ga, Toshkent viloyatida 171,9%ga, Navoiy viloyatida 133,7%ga, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa 132,7%ga oʻsganligini koʻrishimiz mumkin. Mazkur raqamlar shundan darak bermoqdaki, turar – joylar qurilishi faqatgina Toshkent shahrida emas, balki hududlarda ham jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda.
Va nihoyat, 2020-yilda mazkur masala yuzasidan, Prezidentimizning Parlamentga Murojaatnomasida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirgan holda hududlarni komleks rivojlantirish va aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish zarurligi alohida taʼkidlanganini, 2020-yil 1-aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganib chiqish va aniq takliflarni ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berganini nafaqat xalqimiz, balki keng xalqaro jamoatchilik vakillari ham olqishladi.
2020-yil 2-martda qabul qilingan “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga koʻra esa, 2020-yil 1-apreldan boshlab, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʻchmas mulkni olishda Oʻzbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega boʻlish talab qilinmasligini koʻzda tutuvchi tartib joriy etilishi belgilandi. Shuningdek, joriy yilda yettita yirik shahar — Andijon, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Fargʻona, Namangan va Nukus, Nukusga yoʻldosh boʻlgan 12 ta shaharcha tanlab olinib, ularni rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilandi.
Xulosa olib aytganda, Oʻzbekistonda propiska tizimi – shubhasiz bosqichma-bosqich barham topadi, sababi biz oldimizga qoʻygan eng oliy maqsad- yurt fuqarolarini huquqlarini cheklash emas, balki, ularning yuqori darajada mobilligi va erkin harakatlanishi taʼminlash va shu orqali aholining turmush darajasi ortishiga salmoqli ulush qoʻshadigan omillardan biri — urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirishdir.
Binobarin, Oʻzbekistonning qishloq aholisini shaharlarga koʻchishini ragʻbatlantirish, urbanizatsiya va propiska tizimini isloh qilish — bu mamlakatni barcha soha va tarmoqlarda jadal rivojlanishiga olib kelishi barchamizga maʼlum.
Shuningdek, mazkur islohotlar odamlarning turmush darajasi koʻtarilishini taʼminlaydi, ularning farovonligini oshiradi. Qolaversa, erkin ishchi-xodimlarning raqobatlashuvi oqibatida ishlab chiqarish samaradorligining ortishiga va natijada ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorlarida yuqori raqobatdoshligini taʼminlash imkonini yaratadi. Bundan tashqari, aholi turmush farovonligini oshirish soliqlarning tushumini koʻpaytiradi, bu esa koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilaydi.
Furqat Yunusov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi loyiha rahbari