O‘zbekistonda 3 ming turdan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda «Diversifikatsiya va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash iqtisodiy o‘sishning muhim omili» mavzuida anjuman o‘tkazildi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda «Diversifikatsiya va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash iqtisodiy o‘sishning muhim omili» mavzuida anjuman o‘tkazildi.Tadbirda deputatlar, vazirliklar, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi, eksport qiluvchi korxonalar vakillari, olimlar ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi T.Eshnazarov, iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari S.Shermatov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligi sohasida bozor munosabatlarini joriy etish hamda xususiy mulkchilik shakllarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan iqtisodiy islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Mustaqillik yillarida sohani rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar oziq-ovqat tovarlarining deyarli barchasini mamlakatimizda ishlab chiqarish imkonini berdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘lamining ortishi qayta ishlash tarmoqlarining izchil rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda tarmoqda qariyb 10 mingta korxona faoliyat ko‘rsatib, ular tomonidan 3 ming turdan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 18-fevraldagi «Respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasining tashkil etilishi meva-sabzavot, go‘sht-sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda qayta ishlashni chuqurlashtirish, strategik investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilishni yanada kengaytirish imkoniyatini yaratdi.
– Kompaniya tarkibida meva-sabzavot, go‘sht va sutni qayta ishlovchi, qandolatchilik va oziq-ovqatning boshqa yo‘nalishlarida uch yuzga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi raisi o‘rinbosari Azmiddin Qambarov. – Mamlakatimizda xorijlik investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani bois chet ellik hamkorlarning sohaga bo‘lgan qiziqishi tobora ortmoqda. Xususan, bugungi kunda kompaniya tarkibida AQSh, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Belgiya, Avstriya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya va boshqa mamlakatlar kapitali ishtirokida yigirmadan ziyod qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning 12-16-iyul kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi mamlakatimiz qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti hajmini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Anjumanda 2016-2020-yillarda mamlakatimizda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturining ahamiyati alohida ta’kidlandi. Qariyb 600 million dollarlik 180 loyihadan iborat dasturning amalga oshirilishi natijasida 2020-yilga borib oziq-ovqat sanoati uchun yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish 1,5 barobardan 3 barobarga oshirilishi ta’minlanadi. Shuningdek, hududlarda meva-sabzavotlarni saqlash, qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan 14 savdo-logistika markazini tashkil etish ko‘zda tutilgan.