French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda 3 ming 200 dan ortiq radionuklidlar bilan ishlaydigan ob’ektlar bor
15:39 / 2019-11-01

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasining “Radiatsiyaviy avariyalarni prognoz qilish, barvaqt aniqlash va harakat qilish yagona davlat tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasining “Radiatsiyaviy avariyalarni prognoz qilish, barvaqt aniqlash va harakat qilish yagona davlat tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Radiatsiyaviy avariyalarni prognozlashtirish, barvaqt aniqlash va harakat qilish yagona davlat tizimi o‘zida tabiiy, texnogen va boshqa xususiyatga ega bo‘lgan, joyning radioaktiv ifloslanishi bilan birga kechadigan favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni himoya qilish masalalarini hal etish vakolatiga kiradigan davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, korxonalar va muassasalarning kuchlari va vositalarini birlashtiradigan tashkiliy-texnik tizimni ifodalaydi.

Umuman olganda, yurtimizda radiatsiyaviy holatni nazorat qilish maqsadida ushbu choralar ko‘rilyapti. Ma’lumki, mamlakatimizda birinchi atom elektrostansiyasini qurish borasida amaliy ishlar boshlangan. Hozirda mana shu stansiyalar quriladigan maydonlarda muhandislik-tadqiqot izlanishlari olib borilyapti.

Radiatsiyaviy avariya – atrof-muhit, odamlar, tabiat belgilangan miqdorlardan ortiqcha nurlanish, ifloslanish va zaharlanish ustidan nazorat, boshqaruvning yo‘qotilishidir. O‘zbekistonda 3 ming 200 dan ortiq radianuklidlar bilan ishlaydigan ob’ektlar bor. Shularning ishlashi nazorat qilinadi va hisobga olinadi. Shu uskunalarning ishdan chiqishi, boshqaruv tizimining buzilishi avariya holati hisoblanadi.

– Bizda har yili bir-ikkita radiatsiyaviy avariya holatlari kuzatiladi, – deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdulla Nurmatov. – Bu jihozlarning izdan chiqishi bilan bog‘liq. Agar shunday holat bo‘lsa, qanday chora ko‘rish kerakligi ham qarorda belgilangan. Hujjatlarga muvofiq, yagona davlat tizimi – aholini va atrof-muhitni radiatsiyaviy avariyalardan muhofaza qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarning kuchlari va vositalarini birlashtirgan tashkiliy-texnik tizimdir.

Tizimning asosiy vazifalari radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasida yagona davlat siyosati ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini ta’minlash, radiatsiyaviy avariyalarga olib keladigan tahdidlarni prognoz qilish, oldini olish kabilardan iborat.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi mutasaddilari ishtirok etdi.

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, atom elektrostansiyasi qurilayotgan joyda ichki va tashqi radiatsiyaviy avariyalarni aniqlash, atrof-muhitni o‘rganishda qo‘llaniladigan, monitoring qiladigan uskunalar o‘rnatiladi. Stansiyaning 3 kilometr atrofida sanitariya himoya hududi tashkil etilsa, 30 kilometr masofada kuzatuv tashkil etiladi. Sanitariya himoya hududida yashash, ishlash, qandaydir faoliyat bilan shug‘ullanish mumkin emas. Kuzatuv hududida yashash va ishlash mumkin. Bu kabi choralar xavfsizlik nuqtai nazaridan amalga oshiriladi.

Avariyalar loyihada ko‘zda tutilgan va umuman kutilmagan holatda bo‘lishi mumkin. Lekin olimlarning izlanishlari natijasida soha takomillashib boryapti. Kamchiliklar bartaraf etilyapti. Yurtimizdagi amaliy ishlar eng so‘nggi va xavfsiz deb baholangan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra olib borilyapti. 

Anjumanda “Radiatsiyaviy avariyalarni oldindan bilish mumkinmi?”, degan savolga mutaxassislar “Barcha sohalarda ko‘zda tutilgan, loyihadagi avariyalar bo‘lishi mumkin. Qaysidir qurilmada nosozliklar bo‘lishi tabiiy. Bu xavfli emas. Loyihada belgilangan me’yorlar bo‘ladi. Choralariyam ko‘rilgan bo‘ladi. Bunda hech qanday qo‘rquv bo‘lishi kerak emas. Shu bilan birga bizda eng xavfsiz atom elektrostansiyasini qurish bo‘yicha tanlov amalga oshirilgan”, deb javob berdi.

O‘zbekistonda nima uchun aynan atom elektrostansiyasi qurish qaroriga kelingan? Yurtimizda elektr energiyasiga ehtiyoj katta. Hozirda jami elektr energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarni qaraydigan bo‘lsak, 14,4 gg vt bo‘ladi. Shundan ishlab turgani 12 gg vt deyiladi. Yiliga 64 milliard kv/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Lekin ehtiyoj 69 milliard kv/soatni tashkil etadi. Tanqislikning darajasini ko‘rib turibsiz. Shu bois, import qilishimizga to‘g‘ri kelyapti. Aholi soni oshyapti. Talab ortyapti. Mutaxassislarning aytishicha, 2030 yilga borib ehtiyoj 2 barobar oshishi kutilyapti.

Anjumanda zaxiralar, talab va takliflar, ehtiyoj va ishlab chiqarilayotgan loyihalar xususida ma’lumot berildi.