English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston – Yaponiya: savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik sohasida yangi sahifa
00:16 / 2019-12-19

Davlatimiz rahbari Yaponiya Bosh vaziri oʻrinbosari, moliya vaziri Taro Aso, parlamentdagi “Oʻzbekiston – Yaponiya” doʻstlik ligasi faollari hamda Kunchiqar mamlakatning yetakchi kompaniyalari va banklari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.


Davlatimiz rahbari Yaponiya Bosh vaziri oʻrinbosari, moliya vaziri Taro Aso, parlamentdagi “Oʻzbekiston – Yaponiya” doʻstlik ligasi faollari hamda Kunchiqar mamlakatning yetakchi kompaniyalari va banklari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. 

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening taklifiga binoan 17-dekabr kuni rasmiy tashrif bilan Nagoya shahriga keldi.

Davlatimiz rahbarining Yaponiyaga tashrifi dasturi 18-dekabr kuni tongda Aichi prefekturasi gubernatori Xideki Omura bilan uchrashuvdan boshlandi.

Aichi prefekturasi Yaponiyaning markaziy qismida, Tyubu viloyatida joylashgan. Prefekturaning yalpi ichki mahsuloti hajmi 375,3 milliard dollar boʻlib, Tokiodan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Avtomobilsozlik, aerokosmik sanoat, keramika buyumlari ishlab chiqarish, metallurgiya, qishloq xoʻjaligi hudud iqtisodiyotining asosiy tarmoqlari hisoblanadi.

Aichi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha Yaponiyada yetakchi. Hududda “Toyota” korporatsiyasi, shuningdek, avtomobillar uchun butlovchi qismlar tayyorlaydigan koʻplab zavodlar (klasterlar) qarorgohlari va ishlab chiqarish quvvatlari joylashgan. Shuningdek, bu yerda Yaponiyaning Toyota Motor Corporation, DENSO, Panasonic Ecosystems, Mitsubishi Aircraft Corporation, Brother Industry, Aichi Steel, Makita, Rinnai, INAX, Kagome, Daido Metal Industry, Asahi Beer singari yirik kompaniyalari faoliyat koʻrsatadi.

Transport qismlari, texnologik uskunalar, choʻyan va poʻlat, kauchuk va plastmassa ishlab chiqarish boʻyicha ham prefekturaning salohiyati yuqori.

Tyubu viloyati samolyot va ular uchun ehtiyot qismlarning 50 foizini ishlab chiqaradigan Yaponiyaning aerokosmik texnologiyalar tayyorlaydigan yirik markazi hamdir. Aichi prefekturasi sanoat robotlari yetkazib berish, ularni ishlab chiqaruvchi korxonalar va sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislar soni boʻyicha Kunchiqar mamlakatda birinchi oʻrinda turadi.

2018-yilda hududning tashqi savdo aylanmasi 226,5 milliard dollarni tashkil etgan. AQSH, Xitoy, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Koreya Respublikasi uning asosiy savdo hamkorlari hisoblanadi.

Oʻzbekiston uchun Yaponiyaning ushbu maʼmuriy hududi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish har tomonlama manfaatlidir.

Uchrashuvda mamlakatimiz bilan Aichi prefekturasi oʻrtasida taʼlim va madaniyat sohasida samarali muloqotlar yoʻlga qoʻyilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Innovatsiyalar, sanoat, qishloq xoʻjaligi va qoʻshma agroklasterlar tashkil etish, turizm, akademik almashinuv sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va aniq loyihalarni ilgari surish uchun imkoniyatlar mavjudligi alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekiston tomonidan prefekturaning sherigi etib Toshkent viloyati belgilandi. Oʻzaro tashriflarni tashkil qilish va Aichidan aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasini koʻrib chiqishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nagoya shahri meri Takasi Kavamura bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Nagoya Yaponiyaning ilm-fan va sanoat taraqqiy etgan yirik markazi boʻlib, yalpi ichki mahsuloti 117 milliard dollardan oshadi. Bu aholi jon boshiga hisoblaganda 52 ming dollarga teng. Mashinasozlik, metallurgiya, kimyo, neftni qayta ishlash, toʻqimachilik, yengil sanoat hududning asosiy sanoat tarmoqlari hisoblanadi. Yaponiyaning eng yirik portlaridan boʻlgan Nagoyadan yiliga 110 million tonnadan ziyod yuk tashiladi.

Muzokarada Nagoya meriyasi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi natijasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Poytaxtimiz Toshkentda Nagoya yuqori texnologiyalar parkini tashkil etish, iqtisodiyot, sanoat, transport, taʼlim, turizm va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda innovatsion loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.

2020-yilga moʻljallangan qoʻshma tadbirlar “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Uchrashuv soʻnggida Toshkent shahar hokimligi va Nagoya meriyasi oʻrtasida sheriklik toʻgʻrisida bitim imzolandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasidagi navbatdagi muhim manzil Nagoya universiteti boʻldi.

Nagoya universiteti dunyodagi eng nufuzli ilm-fan va taʼlim maskanlaridan, qitʼadagi oʻnta eng namunali oliy taʼlim dargohlaridan biridir. Mazkur universitetda dunyoga mashhur koʻplab olimlar taʼlim olgan va mehnat qilmoqda, bu yerdan fizika va kimyo fanlari boʻyicha olti nafar Nobel mukofoti sovrindori yetishib chiqqan. Bugungi kunda universitetda 16 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Shundan 2,6 ming nafari xorijiy mamlakatlar, 30 nafardan ortigʻi Oʻzbekiston yoshlaridir. Hozirgi kunga qadar mazkur universitetda 400 dan ortiq oʻzbekistonlik talaba va tadqiqotchi taʼlim olgan.

2010-yilda Toshkentda Nagoya universitetining vakolatxonasi ochilgan edi. MDHdagi yagona mazkur vakolatxona mamlakatlarimiz oliy oʻquv yurtlari uchun taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida koʻprik vazifasini oʻtamoqda. Bevosita universitet ishtirokida ikki mamlakatda muntazam oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston – Yaponiya talabalar akademik forumi va oliy oʻquv yurtlari rektorlarining anʼanaviy konferensiyalari ilmiy hayotimizda katta rol oʻynamoqda.

Davlatimiz rahbari universitet faoliyati bilan tanishdi, uning prezidenti Seyichi Matsuo bilan uchrashdi. Uchrashuvda bir necha Nobel mukofoti sovrindorlari va boshqa olimlar ishtirok etdi.

– Sizning yurtimizga ilmiy hamkorligimizni rivojlantirish borasida qilayotgan katta xizmatlaringizni alohida qadrlaymiz. Ayniqsa, oʻtgan yili Nobel mukofoti sovrindori, professor Ryoji Noyori janoblari bilan birgalikda Oʻzbekistonga tashrifingiz mamlakatimiz ilmiy hayotida muhim voqea boʻldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Seyichi Matsuoning Oʻzbekiston ilm-fani rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotganini eʼtiborga olib, yaqinda Toshkent davlat texnika universiteti ilmiy kengashi uni universitetning faxriy rektori etib sayladi. Shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan professor Noyoriga faxriy akademik unvoni berildi.

Uchrashuvda Prezidentimiz Seyichi Matsuo va Ryoji Noyorini ushbu unvonlar bilan tabrikladi.

Akademik almashinuvlarni faollashtirish hamda hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida qoʻshma ilmiy tadqiqotlar amalga oshirishga kelishib olindi.

Nagoya universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga faxriy doktor unvonini topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Unda universitet rahbariyati, professor va oʻqituvchilari, talabalari hamda Nobel mukofoti sovrindorlari, Yaponiyada tahsil olayotgan oʻzbekistonlik yoshlar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining taʼlim sohasini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi hamda ilm-fan va akademik almashinuvlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlagani uchun, shuningdek, Oʻzbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni liberallashtirish va barqaror taraqqiyotga erishish borasidagi islohotlar eʼtirofi sifatida Nagoya universitetining ilmiy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga universitet faxriy doktori unvonini berish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Marosimda Nagoya universiteti prezidenti Seyichi Matsuo soʻzga chiqib, Oʻzbekiston rahbari ikki mamlakat oʻrtasida ilm-fan sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratayotgani, ushbu qaror tomonlarning taʼlim sohasidagi uzoq muddatli va istiqbolli hamkorlikni yanada kengaytirishga boʻlgan intilishi ifodasi ekanini taʼkidladi.

Prezidentimiz zamonaviy taraqqiyotning kaliti ilm-fan va taʼlimda ekanini chuqur anglab, inson kapitaliga investitsiya kiritishni davlat siyosati darajasiga koʻtardi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan taʼlim sohasi tubdan isloh qilinmoqda. Oʻzbekistonning ertangi kuni zamonaviy kadrlarga bogʻliq ekanini inobatga olgan holda, maktabgacha taʼlim, umumiy taʼlim va oliy taʼlim tizimi mazmunan va sifat jihatidan yangilanmoqda.

Mamlakatimizda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilgani yurtimiz farzandlari uchun taʼlim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar yaratadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida oʻzbek va yapon xalqlarini oʻxshash milliy va axloqiy qadriyatlar bilan birga, ilm-fan va tafakkurga, kamolotga doimo intilib yashash kabi ezgu fazilatlar birlashtirib turishini taʼkidladi. Zamonaviy dunyoda inson kapitali, intellektual salohiyat, innovatsion gʻoyalar, yuqori texnologiyalar jadal va barqaror taraqqiyotning fundamental asosini tashkil qilayotganini qayd etdi.

– Bu unvonni, men avvalo Oʻzbekiston xalqiga koʻrsatilgan ehtirom ifodasi, deb qabul qilaman va buning uchun Nagoya universiteti rahbariyatiga, uning ilmiy jamoasiga chuqur minnatdorlik bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz Oʻzbekiston taʼlim va fan sohalaridagi keng miqyosli islohotlar haqida soʻzladi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston – Yaponiya hamkorligida ulkan ishlar amalga oshirilganini qayd etib, ayni vaqtda bu borada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ham mavjudligini taʼkidladi hamda qator takliflarni ilgari surdi.

Prezidentimiz Oʻzbekiston – Yaponiya azaliy doʻstligining ramzi sifatida mamlakatimizda oʻzbek va yapon tillarida chop etilgan bir qancha kitob va albomlarni Nagoya universiteti kutubxonasiga taqdim etdi.

Shu yerda Shavkat Mirziyoyev Nagoya shahrida taʼlim olayotgan va fan bilan shugʻullanayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbarining tashrifi doirasida Nagoya universitetida Oʻzbekiston – Yaponiya talabalarining akademik forumi tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kunning ikkinchi yarmida Tokioga shahriga keldi.

“Xaneda” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Yaponiya taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar, taʼlim tizimini tiklash masalalari vaziri Xagiuda Koichi, Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Xideki Uyama va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio shahridagi Akasaka qarorgohida Yaponiya Bosh vaziri oʻrinbosari, moliya vaziri Taro Asoni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oliy darajadagi tashrif arafasida ikki mamlakatning koʻp sonli kompaniya va banklari ishtirokida oʻtgan biznes-forumning yuqori natijalari yuksak baholandi.

Uchrashuvda investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish, qishloq xoʻjaligi, energetika va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.

Tashrif davomida soliq sohasi va bojxona ishi boʻyicha imzolanayotgan ikki tomonlama bitimlar ahamiyati qayd etilib, bu uzoq muddatli ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishi taʼkidlandi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va moliya tizimini isloh etishning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya parlamentining “Oʻzbekiston – Yaponiya” doʻstlik ligasi vakillari bilan uchrashdi. Tadbirda ushbu liganing qator aʼzolari, jumladan, uning raisi – Yaponiya Bosh vaziri oʻrinbosari, moliya vaziri Taro Aso ishtirok etdi.

Parlamentlararo aloqalar koʻp qirrali Oʻzbekiston – Yaponiya hamkorligiga mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida aloqalar 1993-yilda oʻrnatilgan. Yaponiya parlamentida “Oʻzbekiston – Yaponiya” doʻstlik ligasi tashkil etilgan. Uning tarkibiga taniqli siyosat arboblari, deputatlar, diplomatlar, eng asosiysi, mamlakatimizning chinakam va ishonchli doʻstlari kiradi.

Muloqot chogʻida ikki mamlakatning amaliy hamkorligini kengaytirish, Oʻzbekiston va Yaponiya xalqlari doʻstligini mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Hozirgacha parlamentlararo forumning ikkita qoʻshma majlisi boʻlib oʻtgan. Uning uchinchi majlisini Toshkentda oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio shahrida Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda JETRO, JICA, JABIC, NEDO, JOGMEC, Mitsubishi, Itochu, Sumitomo, Marubeni, Isuzu kabi korporatsiya va kompaniyalar, moliyaviy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida 16-dekabr kuni Tokioda boʻlib oʻtgan Yaponiya – Oʻzbekiston biznes-forumi natijalari haqida axborot berildi.

Prezidentimiz Yaponiya kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalarini Oʻzbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif qildi.

– Yaponiya – bizning strategik sherigimiz. Oʻzbekistonda iqtisodiyot tarmoqlari va infratuzilmani modernizatsiya qilish boʻyicha hamkorlikda koʻp ishlar qilindi. Biz bu aloqalar tarixida yangi sahifa ochish niyatida keldik. Savdo, energetika, geologiya, kimyo, transport, turizm, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va xizmat koʻrsatish tarmoqlarida imkoniyatlar, yangi loyihalar koʻp, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar faol jalb etilmoqda. Xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ular faoliyatini ragʻbatlantirish va himoya qilish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Biznesni rivojlantirish yoʻlidagi turli toʻsiqlarga barham berildi, tashqi savdo va bojxona-tarif nazorati sezilarli darajada qisqartirildi.

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan ushbu yangilanishlar natijasida Jahon bankining “Biznesni yuritish – 2020” reytingida Oʻzbekiston keyingi bir necha yil ichida 100 pogʻona koʻtarilib, 69-oʻrinni egalladi hamda yigirmata eng namunali islohotchi davlat qatoriga kirdi. Yangi korxona ochish qulayligi boʻyicha mamlakatimiz ilk bor dunyoda sakkizinchi oʻrinni egalladi.

Prezidentimiz Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ortga qaytmasligini, iqtisodiyot izchil modernizatsiya qilinishini taʼkidladi.

Yaponiyalik tadbirkorlar yurtimizdagi oʻzgarishlarni yuqori baholadi. Valyuta tizimining liberallashtirilishi, viza olish tartibining soddalashtirilishi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratganini taʼkidladi. Ular Oʻzbekiston Prezidentining rasmiy tashrifi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat kompaniyalari va moliyaviy tashkilotlari oʻrtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish, qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish, oʻzaro tovar yetkazish va xizmat koʻrsatish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Matnazar ELMURODOV,
OʻzA maxsus muxbiri
Yaponiya.