Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston – Yaponiya: Hamkorlikning zamonaviy bosqichi
12:00 / 2020-08-08

Mamlakatlarimiz oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik izchil va samarali rivojlanmoqda.


Uchinchi qism

Oʻzbekiston Respublikasi
Mustaqilligining
29 yilligi oldidan

Taʼlim sohasidagi hamkorlik gullab-yashnamoqda

Mamlakatlarimiz oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik izchil va samarali rivojlanmoqda. Har ikki mamlakat oliy taʼlim dargohlari va ilmiy tadqiqot muassasalari vakillarining koʻplab tashriflari, birgalikda oʻtkazilgan konferensiya va seminarlar, forum va taʼlim koʻrgazmalari tomonlar ilmiy aloqalarni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganidan darak beradi.

Taʼlim sohasidagi hamkorlikni inobatga olib, Yaponiyaning sobiq elchisi Fumixiko Kato hamda Soka universiteti prezidenti Daysaku Ikedaga Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining “Faxriy doktori” unvoni topshirildi. Nagoya universiteti professori Reji Noyori OʻzR FAning “Faxriy akademigi” unvoniga sazovor boʻldi. Ushbu universitet prezidenti Seyichi Matsuo esa TDTU faxriy rektori unvoni bilan taqdirlandi. Matsuo Oʻzbekistondagi ilk faxriy rektordir.

1999-yildan buyon Oʻzbekistonda “Yaponiya hukumatining begʻaraz yordami” (JDS) dasturi boʻyicha “Kardlarni tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur doirasida har yili 20 nafar Oʻzbekistonning davlat xizmatida faoliyat yuritadigan yosh xodimlariga Yaponiyadagi oliy taʼlim dargohlarida magistratura yoki doktoranturada taʼlim olish uchun grantlar taqdim etilmoqda. 2019-yili 310 nafar oʻzbekistonlik Yaponiyada ilmiy darajaga ega boʻldi. Shu bilan birga 1999-2019-yillarda 350 nafar Oʻzbekiston fuqarosi Yaponiya taʼlim, sport, fan va texnologiyalar vazirligi hamda Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi hamkorligida taqdim etiladigan stipendiyalar asosida Yaponiya oliy taʼlim dargohlarida tahsil olishdi.

2000-yil Oʻzbekistonda JICA “Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi” - JOCV dasturi yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan davr mobaynida 310 nafar koʻngilli Yaponiyadan Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Covid-19pandemiyasi boshlangunga qadar JICAning 20 nafar koʻngillisi Oʻzbekistonning qator oliy taʼlim dargohlarida yapon tili va adabiyoti, axborot texnologiyalari, xalqaro iqtisodiyot va huquq, dizayn va toʻqimachilik sanoati kabi yoʻnalishlar boʻyicha oʻqituvchilik qildilar. Shu yili JICA koʻmagida Toshkentda Inson resurslari boʻyicha Oʻzbekiston - Yaponiya markazi taʼsis etildi. Markaz biznes kurslarni tashkil etish, yapon tili va kompyuter savodxonligiga oʻqitish, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida axborot va madaniy almashinuvga koʻmaklashish yoʻnalishlari boʻyicha faoliyat yuritadi. 20 yil davomida qariyb 35 ming kishi Markaz tinglovchisi boʻldi. Ularning yarmi menedjment dasturlarini oʻz ichiga olgan biznes-kurslar boʻyicha oʻqishni yakunladi. Ushbu markaz diplomi magistrlik darajasi bilan teng mavqega ega.

2010-yil Toshkentda Nagoya Universiteti vakolatxonasi ochildi. Ushbu universitet Yaponiya hukumatining “Global-30” dasturini Markaziy Osiyo boʻyicha amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi taʼlim dargohi sanaladi. Dasturdan koʻzlangan asosiy maqsad - xalqaro hamkorlikni faollashtirish, Yaponiya grantlari asosida Yaponiya oliy taʼlim muassasalariga isteʼdodli xorijiy talabalarni jalb qilishdir. Shundan soʻng vakolatxona tomonidan “Nagoya Universiteti, Osiy kampusi – Oʻzbekistonda Satellit” nomli transmilliy doktorlik dasturi yoʻlga qoʻyildi. Ushbu dastur asosiy ish joyidan ajralmagan holda, Nagoya universitetida doktranturada taʼlim olishni koʻzda tutadi.

Nagoya Universiteti vakolatxonasi Yaponiyada Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari rektorlari anjumanini oʻtkazish tashabbuskorlaridan biri boʻldi. Anjumanlarning birinchisi 2011-yil, ikkinchisi – 2015, uchinchisi - 2019-yili Tokioda boʻlib oʻtdi. Uchinchi konferensiyaning mavzusi: “Globallashuv davrida isteʼdodlarni tarbiyalash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi almashinuvga koʻmaklashish” boʻldi. Unda Yaponiya tomonidan 17 ta oliy taʼlim dargohi qatnashdi. Yaponiya delegatsiyasiga Taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri oʻrinbosari, Yaponiya Parlamenti vakillar palatasi deputati Xiroyuki Nakamura boshchilik qildi. Konferensiya yakunida ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida qator kelishuvlar imzolandi.

2016-yil TDTU huzurida “Oʻzbekiston - Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi” tuzildi. Markaz Nagoya, Sukuba, Keyo universitetlari, Toyoxashi texnologiya universiteti va Tokio texnologiya instituti hamkorligida tashkil etildi. Markazning asosiy yoʻnalishlari: kimyo, neft-kimyo, togʻ ishi va mineral-xom ashyo resurslarini qayta ishlash, energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya tejamkorligi, mashinasozlik va materialshunoslik.

2019-yil Toshkentda Markaziy Osiyodagi ilk Yaponiya tadqiqot markazi ochildi. Bu yerda Yaponiya davlati va jamiyati oʻrganiladi, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlar, xalqaro munosabatlar, tashqi siyosat konsepsiyasi boʻyicha tadqiqot olib boriladi. 2020-yili Oʻzbekistonda Yaponiyaning raqamli universiteti ochildi. Bu taʼlim muassasasi yangi oʻquv yilidan boshlab “muhandis-dasturchi” va “biznes boshqaruvi” mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlay boshlaydi.

Kioto Universiteti va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orol boʻyicha xalqaro innovatsiya markazi hamkorligida ishlab chiqilgan loyiha 2020-yilda tadqiqot loyihasi sifatida qabul qilindi. U SATREPS dasturi doirasida Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi, Yaponiya tibbiyot tadqiqotlari agentligi va JICA hamkorligida amalga oshiriladi. Ushbu tadqiqot loyihasi butun dunyo mamlakatlari tomonidn yuborilgan 145 arizadan saralab olingan 12 ta loyihaning biri boʻlib, SATREPS dasturi doirasida nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyoda amalga oshiriladigan ilk loyihadir. Ilmiy-tadqiqot yoʻnalishidagi istiqbolli ushbu loyihalar koʻplab olimlarni jalb qilishiga ishonamiz.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti yaponshunoslik boʻyicha mintaqadagi yirik oliy taʼlim muassasasi

001.JPG

Yaponiyaning qator yetakchi oliy taʼlim muassasalari, xususan, Sukuba universiteti, Tokio xorijiy tillar universitetida oʻzbek tili oʻqitiladi. Shuningdek, Oʻzbekistonning 6 ta oliy taʼlim dargohida yapon tili oʻqitiladi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti yaponshunoslar – filolog, adabiyotshunos, faylasuf, tarixchi, siyosatshunos, iqtisodchilarni tayyorlaydigan Markaziy Osiyodagi yagona oliy taʼlim muasassasidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi arafasida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun sobiq ittifoq makonida birinchi boʻlgan yaponshunoslik fakulteti ochildi. Diplomatik vakolatxonalar, Yaponiya oliy taʼlim dargohlari bu tashabbusni koʻtarinki kayfiyatda qabul qilishdi. Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama yaponshunoslikni rivojlantirish uchun koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

Oʻtgan davr mobaynida yaponshunos oʻqituvchilar respublikamizda yaponshunoslikni rivojlantirish maqsadida yapon tajribasi asosida oʻquv, oʻquv-metodik va ilmiy baza yaratdilar. Mamlakatimizdagi mutaxassislar bilan hamkorlikda yapon pedagoglari va olimlari ham yaponshunoslikni rivojlantirishga katta hissa qoʻshdilar. Ular bugungi kunda ushbu taʼlim dargohida ilmiy va mehnat faoliyatini davom ettirishmoqda. Yapon filologiyasi kafedrasi faxriy dotsenti Sugano Reyko ushbu oliy taʼlim dargohida 30 yildan buyon faoliyat yuritmoqda. Istiqlol yillarida taʼlim muassasasi tomonidan ikki ming nafarga yaqin yaponshunos mutaxassislar yetishtirildi.

Yaponshunoslik fakultetida ulkan kutubxona mavjud. 1996-yilda tashkil etilgan ushbu kutubxonada bolalar badiiy adabiyoti, Yaponiya lingvistikasi, iqtisodiyoti, tilshunosligi va tarixiga oid 15 000 dan ziyod kitob bor. Bugungi kunda kutubxona fondida koʻplab noyob kitoblar saqlanmoqda. “Yapon adabiyoti klassik asarlari toʻplami” va kunchiqar mamlakat tasviriy sanʼatiga bagʻishlangan kitoblar shular jumlasidan.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Yaponiyaning 10 ta universiteti va tashkiloti bilan hamkorlik qiladi. Soʻnggi toʻrt yil ichida TDSHUning 55 nafar talabasi Yaponiyaga grant asosida stajirovkaga yuborildi, 15 nafar yaponiyalik talaba ham mamlakatimizda bir yillik stajirovka oʻtash uchun qabul qilindi.

Sukuba universiteti bilan ham yaqin hamkorlik qilib kelmoqdamiz. 2006-yil Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Sukuba Universiteti Ofisi ochilgan. Bu Sukuba universitetining xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan 12 ta ofisidan biridir. Markazning asosiy maqsadi – Markaziy Osiyodagi yaponshunoslikka ixtisoslashgan taniqli univversitetlar va ilmiy-tadqiqot institutlari tarmogʻini yaratish hamda hamkorlikdagi izlanishlarga koʻmaklashishdir. 2012-yilda Sukuba universiteti Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sukuba ofisiga videoanjumanlar oʻtkazish uchun uskunalar tizimini taqdim etdi. Shu tariqa ofisda onlayn rejimi asosida yaponshunoslik maʼruzalari oʻtkazish imkoni yaratildi.

Sukuba universiteti bilan hamkorlikda 12 marotaba “Sivilizatsiyalar chorrahasida til, madaniyat va jamiyat” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazildi, “Zamonaviy Yaponiya madaniyati va jamiyati”, “ Yaponiya madaniyati tarixi” kitoblari nashr etildi. Joriy yil kuzda oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Qiyosiy tipologik tadqiqotlar prizmasi orqali turli madaniyatlar, etnik guruhlar, tillarni tushunish” mavzusidagi anjumanda Yaponiyaning 30ga yaqin olimi ishtirok etishi kutilmoqda.

TDSHU muntazam ravishda Yaponiya investitsiyalari va grant mablagʻlarini qoʻlga kiritib kelmoqda. Shu kunlarda Mitsubishi korporatsiyasi bilan 20 nafar talaba yoki yaponshunoslik fakultetining qariyb 10 foiz kontingenti yillik oʻqishi uchun shartnoma pulini toʻlab berishni nazarda tutuvchi navbatdagi bitim imzolandi. Kam taʼminlangan oilalardan chiqqan isteʼdodli yaponshunos talabalar ushbu stipendiya egasi boʻladilar. Bu pandemiya sharoitida talabalarni qoʻllab quvvatlashga qaratilgan.

Elyor Mahmudov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
xalqaro hamkorlik boʻyicha
prorektori, dotsent

Tosinobu Usuyama,
Sukuba universiteti global kommunikatsiya
taʼlimi boʻyicha direktori, professor