Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston yana bir xalqaro Bitimga aʼzo boʻldi
09:44 / 2020-03-31

Mazkur Bitim 2005-yil MDH hukumatlararo kengashining Moskvada boʻlib oʻtgan yigʻilishida qabul qilingan,


Oʻzbekiston MDHga aʼzo davlatlarning yoshlar bilan ishlash sohasidagi hamkorligi toʻgʻrisida Bitimga qoʻshildi. Bu voqea mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 20-mart kuni eʼlon qilingan tegishli qarori asosida roʻy berdi.

Mazkur Bitim 2005-yil MDH hukumatlararo kengashining Moskvada boʻlib oʻtgan yigʻilishida qabul qilingan, 2011-yil Minsk shahridagi yigʻilishda ushbu hujjatga tuzatishlar kiritilgan. Oʻzgarishlar protokol bilan rasmiylashtirilgan.

Bitim yoshlar bilan ishlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, Hamdoʻstlik hududida davlat idoralari va yoshlar tashkilotlarining oʻzaro aloqalarini jadallashtirishga oid tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Tomonlar zimmasiga ayni maqsadlarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish vazifasi yuklatilgan. Bu davlatlararo dasturlar va alohida loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, yoshlar bilan ishlash sohasida professional kadrlar tayyorlash, axborot almashish va qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borishni nazarda tutadi.

Yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirib borish uchun MDHga aʼzo davlatlarning Yoshlar ishlari boʻyicha kengashi faoliyat yuritmoqda. Mazkur tuzilma tarmoqlararo hamkorlik organi boʻlib, aʼzo davlatlarning muxtor vakillaridan, har bir mamlakatdan 2 nafardan mutaxassis hisobidan shakllantiriladi. Muxtor vakillar tegishli davlat idoralari va yoshlarning jamoat birlashmalari aʼzolari orasidan tanlab olinadi. Kengashda har bir davlat bittadan ovozga ega.

Kengash yigʻilishlari zarurat tugʻilganda, ammo yiliga kamida 2-marta oʻtkaziladi. Aʼzolarning kamida uchdan biri roziligi bilan navbatdan tashqari majlis chaqirilishi mumkin. Qarorlar tegishli masalalar muhokamasida ishtirok etayotgan muxtor vakillarning kamida 2/3 qismi ovozi bilan qabul qilinadi va tavsiyaviy xarakterga ega boʻladi. Qarorni maʼqullamagan kengash aʼzolari oʻzlarining alohida fikrlarini bildirishlari mumkin. Bu fikrlar yigʻilish protokoliga kiritiladi.