Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Boshqaruvining aʼzosi “Oʻzbekiston Qahramoni” boʻldi
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining tabriknomasi
Oʻzbekistonimiz ayollarining ehtiromga munosib mehnatkash vakilasi, Xotin-qizlar qoʻmitasining qadrdon hamrohi, maslahatgoʻyi, Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xoʻjaligi boshligʻi Lola Murotova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28-avgustdagi Farmoniga asosan “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga munosib koʻrildi. Lola Murotova Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Boshqaruvining aʼzosi hamdir.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining TABRIKNOMASI
Qadrli Lolaxon opa!
Xotin-qizlar qoʻmitasi tizimi bu ulugʻ unvonga qadar bosib oʻtgan uzoq yillik mehnatlaringizni, dala va tuproq bilan tillashish zahmatlaringizni, tabiatning injiqliklarini ayol boshingiz bilan yengib, vodiy bagʻrida gulu guliston yaratganingizni eʼtirof etadi.
Fermerlik faoliyatingizning boshidayoq, avvalo, qishloq ayollarining mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularning huquqlarini taʼminlash, ayolni eʼzozlash masalalariga jiddiy eʼtibor qaratdingiz. “Ayol zoti mehnatidan qadr topsin, oilasida tinch va xotirjam yashasin, hayotidan rozi boʻlib umrguzaronlik qilsin”, deya oʻzingiz ham hayotingizni, shijoatingizni dala mehnatiga bagʻishladingiz va shu bois mudom ehtiromda boʻldingiz.
Siz Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Boshqaruvining aʼzosi sifatida tizimni takomillashtirish, uning oddiy xalqqa yaqin usullarda faoliyat olib borishini taʼminlash, ayollar muammolarini hal etish va dardiga darmon boʻlish borasida ham oʻzingizning Sharq ayollariga xos donishmandona maslahatlaringizni ayamay kelmoqdasiz.
Yurtimiz ayollarini hammadan koʻp qadrlaydigan inson — muhtaram Prezidentimiz oʻtgan yillarda Siz rahbarlik qilayotgan fermer xoʻjaligida boʻlib, jamoangizning mehnatidan gullab-yashnagan dalalarni koʻrib, erishgan yutuqlaringizni eʼtirof etganlarida yurtimiz ayollari chin dildan quvonganliklari tabiiy. Bugungi yuksak unvon esa oʻsha mehnatlarga berilgan ulkan baho va xalqimiz qilgan duolar ijobati boʻldi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Siz munosib koʻrilgan unvon oddiy dala mehnatkashlariga, butun Fargʻona ahliga va mamlakatimizning barcha ayollariga muborak boʻlsin!
Yosh qizlarimizga Sizning halol mehnatli va yorugʻ yoʻlingizni bersin!