Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi raisiga birinchi oʻrinbosar saylandi
17:46 / 2019-02-13

Mamlakatimiz sovuq va qorli oʻlkalar sirasiga kirmaydi.


Mamlakatimiz sovuq va qorli oʻlkalar sirasiga kirmaydi. Shunday boʻlsa-da xalqimiz orasida qishki sport turlariga qiziqish avvaldan yuqori boʻlgan.

Biroq, soʻnggi 25-30 yil mobaynida mamlakatimizda qishki sport turlari, xususan xokkey faoliyatida uzilish boʻlgan va Oʻzbekistonda ushbu sport turi taraqqiyotdan toʻxtab qolgandi.

Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan qishki sport turlari, jumladan xokkeyni ham rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunga poytaxtimizda koʻp tarmoqli “Xumo Arena” muz saroyi barpo etilayotganini misol keltirishi mumkin. Qolaversa, yurtimizda xokkey federatsiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi hamda shu yilning 8 fevral sanasida tarixiy Oʻzbekiston birinchi chempionatiga start berildi.

Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston xokkey federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Kun tartibidan oʻrin olgan asosiy masala – Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi raisiga birinchi oʻrinbosar saylashdan iborat edi.

photo5413678536146922021.jpg

Ushbu masʼul lavozimga “Binokor” xokkey klubi menejeri Iskandar Shodiyev nomzodi ilgari surildi. Konferensiya ishtirokchilari bir ovozdan koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlashdi va I.Shodiyev Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga saylandi.

- Menga shunday imkoniyat berilganidan xursandman. Oʻzbekistonda xokkey asta-sekin rivojlanmoqda. Bu yildan Oʻzbekiston tarixiy chempionatini ham tashkil etdik. Poytaxtimizda katta muz arenasi bunyod etilmoqda. Maqsadimiz – xokkey sportini Respublika boʻylab rivojlantirish. Birgalikda kelajakda ulkan muvaffaqiyatlarga erishamiz va vaqti kelib mintaqaviy xokkey ligasida ham oʻz jamoamiz boʻladi, – dedi Iskandar Shodiyev Konferensiyada soʻzga chiqib.

Oʻz navbatida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti U.Ahmadjonov ham yurtimizda xokkey sportini rivojlantirishning istiqbollariga toʻxtalib oʻtdi.

- Mart oyida mamlakatimizda “Xumo” muz saroyi foydalanishga topshiriladi. Yaqin kelajakda bunday muz arenalari viloyatlarimizda ham koʻplab barpo etilishiga umid qilamiz va xokkeyni butun mamlakatimiz boʻylab rivojlantiramiz, – dedi Umid Ahmadjonov.

Shunday qilib, Oʻzbekiston xokkey federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi oʻz ishini yakunladi.