Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston – Xitoy va jahon erkin iqtisodiy zonalari
09:00 / 2019-01-26

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Xitoyda har bir erkin iqtisodiy zonada 4-5 minglab sex, zavod, fabrika qurilgan va ishlab turibdi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Xitoyda har bir erkin iqtisodiy zonada 4-5 minglab sex, zavod, fabrika qurilgan va ishlab turibdi. Aholiga, xorijiy turistlarga ham xizmat koʻrsatish muassasalari ochilgan. Bu birinchi navbatda oʻz aholisini ish bilan taʼminlash maqsadida qilingan, albatta. Yana shuni alohida taʼkidlash joizki, Xitoyda jahon bozori talab va takliflarini puxta oʻrganishadi va raqobat qila oladigan sifatli mahsulot ishlab chiqaradi. Bu oʻz navbatida qattiq valyuta – yevro va dollar olib kelib, mamlakatni rivojlantirish, aholi turmush sharoitini koʻtarishga xizmat qilmoqda.

Erkin iqtisodiy zonalardagi rezident korxonalarining daromaddan toʻlaydigan soligʻi uchun Xitoyda 5 yillik taʼtil eʼlon qilingan. Dastlabki 2 yil korxonalardan daromad soligʻi umuman olinmadi, keyingi 3 yil mobaynida soliqning 50 foizi toʻlanadi. Xitoyning boshqa rayonlarida daromaddan olinadigan soliq 33 foizni tashkil qilgani holda maxsus iqtisodiy zonalardagi korxonalardan bir necha yil mobaynida atigi 15 foizdan daromad soligʻi toʻlaydi. 5 yil mobaynida daromad soligʻi bor-yoʻgʻi 1 yoki 2 foizga ortdi. Masalan, 2008 yili soliq 18 foiz boʻlsa, 2009 yili 20 foizni, 2011 yili 24 foizni, 2012 yili esa 25 foizni tashkil qildi.

Xitoy erkin iqtisodiy zonalarining yangidan-yangi tur va shakllarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 80-yillarning oʻrtalarida Xitoyning yirik va oʻrta shaharlarida davlatga tegishli 54 ta texnika-iqtisodiy rivojlanish zonasi, 15 ta erkin savdo zonasi va 14 ta erkin bandargoh va chegara oldi iqtisodiy hamkorlik zonalari tashkil etildi.

photo5357537854684769372.jpg

Erkin bozor iqtisodiyotiga oʻtishda Xitoy yetti, hatto undan ham koʻp marta oʻlchab bir kesdi, desa boʻladi. Ayrim davlatlardagidek, barchani bir yoʻla bozor iqtisodiyotiga oʻtishi Xitoyda maʼqullanmadi, bu xalq uchun ham, Xitoydek saltanat iqtisodiyoti uchun ham katta talofatlar keltirishi mumkinligi qayd etildi.

Erkin bozor iqtisodiyoti Xitoyda avvalambor chuqur oʻrganildi, keyin sinab koʻrildi. Bu iqtisodiy modelga Xitoy XXI asrda toʻlaroq oʻtishligi qayd etildi. Ana shundan keyingina bu oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsata boshladi, deydi xitoylik iqtisodiyotchilar.

Iqtisodiy zonalar Xitoyda investitsiya kiritish uchun eng qulay sharoitlar yaratilgan mintaqalardir. Xorijiy investitsiyalarning asosiy qismi ham ayni oʻsha zonalarda toʻplangan. EIZlarda daromad soligʻi 15 foiz boʻlib, erkin iqtisodiy zonalar maʼmuriyati uzogʻi bilan 1 hafta ichida roʻyxatga olinadi. Uskunalar olib kirilayotgan paytida bojxona soligʻidan ozod etiladi. Mablagʻ kiritgan investor chiqib ketayotganda esa qoʻshimcha qiymat soligʻi unga qaytarib beriladi.

Erkin iqtisodiy zonalarning Xitoyda yana bir shakli mavjud, bu - yuqori texnologik ishlab chiqarish zonalaridir. Bu zonada zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlarini oʻzida mujassamlashtirgan chet ellik intellektual kuchlar: isteʼdodli xorijiy olimlar, tajribali mutaxassislar eng ilgʻor texnologiyalarda ishlaydigan korxonalar, ishchilar faoliyat yuritadi.

Xitoy 1980 yilda Shenchjen, Chjuxay va Nantou provinsiyalarida, Fuszyan provinsiyasidagi Guandun va Syamen shaharlarini, shuningdek, Xaynan provinsiyasini alohida erkin iqtisodiy zonalar, deb eʼlon qildi. Oʻtgan asrning 80-yillarida Sovet Ittifoqi qanday yoʻllar bilan rivojlanishi lozim deb, bahs-munozaralar qilib yurgan paytida xalq vakillari Umumxitoy majlisida “Guandun provinsiyasining maxsus iqtisodiy zonasining faoliyat yuritish qonun-qoidalari”ni qabul qildi.

Mana, yana bir tashabbus. Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Yevroosiyo davlatlariga murojaat qilib yangi Buyuk ipak yoʻlining Iqtisodiy loyihasiga bagʻishlangan rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Unda Xitoy rahbari Yevropaga qarab yangi Buyuk ipak temir va avtomobil yoʻllarini hamkorlikda qurish tashabbusi bilan chiqdi. Koʻp oʻtmay Indoneziyaga boʻlgan tashrifi chogʻida XXI asrning yana bir yirik loyihasi – Yevropaga qarab Buyuk ipak suv yoʻlini ishga tushirish, Sharqdan Yevropaga qadar boʻlgan dengiz va okean qirgʻoqlarida yangi iqtisodiy zonalar, qoʻshimcha zamonaviy bandargohlar qurish yuzasidan ASЕAN davlatlariga qarata murojaat qildi.

Xitoy Xalq Respublikasining raisi Si Szinpin yangi Ipak yoʻlining Iqtisodiy masalalari boʻyicha “Yagona taqdirga ega – insoniyat” nomli konsepsiyasini taklif etdi. Mazkur konsepsiya yangi, katta, jiddiy va murakkab boʻlsa ham nihoyatda puxta ishlangan boʻlib “global boshqaruv”da: siyosiy kelishuv yoʻllarini qidirish, qitʼalararo yagona infratuzilma tarmogʻini yaratish, savdo aloqasini yaxshi yoʻlga qoʻyish, valyuta-moliyaviy oqimiga keng yoʻl ochish, insoniyat hayotining turli tarmoqlaridagi amaliy hamkorlikda gumanitar aloqalarni rivojlantirish kabi beshta muqobil variantni oʻz ichiga oldi.

photo5357537854684769374.jpg

Mashriqdan Magʻribga qarab yoʻl oladigan dunyodagi eng yirik, eng uzun Yangi buyuk ipak temir va avtomobil yoʻllari boʻylab hali qanchadan-qancha erkin, alohida, maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etiladi. Qanchadan-qancha idora va korxonalar ochilib yangidan-yangi ish joylari yaratiladi.

Erkin iqtisodiy zonalar – maʼlum bir mintaqa, hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mamlakat va chet el kapitalini, istiqbolli texnologiyalarni, ilgʻor, progressiv boshqaruv tajribalarini jalb va joriy etish maqsadida tuziladigan, maʼmuriy chegaralari va huquqiy tartiboti aniq qilib belgilangan maxsus ajratilgan hududlardir.

Erkin iqtisodiy zona hududida yuridik shaxs va fuqarolar xoʻjalik, moliyaviy va boshqa faoliyatning istagan turlari bilan, (man etilgan faoliyat turlaridan tashqari), shugʻullanishiga yoʻl qoʻyiladi.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari ustunligi eʼtiborga olinib ayni ular kuchga kiradi va qoʻllaniladi.

Erkin, alohida yoki maxsus iqtisodiy zona davlatning boshqa mintaqalariga nisbatan alohida yuridik statusiga ega boʻlgan chegaralangan hududidir. Mazkur mintaqa oʻz (milliy) yoki xorijiy tadbirkorlar uchun soliq va bojxona imtiyozlariga ega boʻladi. Bunday zonalarni tashkil qilishdan asosiy maqsad davlat, rivojlanishdan orqada qolgan alohida mintaqa yoki sohalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga turtki berish, ularning muammoyu masalalarini hal qilishdir.

Davlatlararo shartnoma asosida kerakli hujjatlarni imzolagan mamlakatlar davlat bojidan ozod qilinadi. Shartnomaga imzo chekkan davlatlar hududida ularning mollari ham boj toʻlashdan ozod boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda ishbilarmon, tadbirkor, biznesmenlar uchun qulay sharoit yaratilgan.

Natijada erkin shaharlar, erkin savdo mintaqalari, erkin bojxona zonalari, erkin bandargohlar, Duty Free doʻkonlari, investorlarga katta imtiyozlar beruvchi, import oʻrnini bosuvchi, eksportga moʻljallangan yuqori sifatli mahsulot tayyorlab beruvchi sanoat ishlab chiqarish zonalari, sanoat parklari paydo boʻladi.

photo5357537854684769375.jpg

Ilmiy-tadqiqot, loyihalashtirish, konstruktorlik byurolari, texnoparklar, texnopolislar, erkin bank, moliyaviy va sugʻurta xizmatlari,erkin turistik zonalar, Argentina, Xitoy, Braziliya kabi dunyo mamlakatlarining ayrim turgʻunlik holatidagi rayonlarida esa maxsus iqtisodiy va alohida rejim hududlari, faqat eksportga moʻljallangan mahsulot ishlab chiqarib, xorijiy valyuta keltiradigan zonalar dunyoga keladi. Alohida va aniq bir hududga imtiyozlar beriladi. Natijada, tovarning texnologik darajasi koʻtarildi, mahsulot sifati yaxshilandi, ichki ehtiyojlar qondiriladi.

Janubiy Xitoy dengizi orollaridan tashqari mamlakatning katta materik qismida ham alohida, maxsus, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilmoqda. Xitoy hukumati bu zonalarda boshqa mintaqalariga qaraganda ancha erkinroq boʻlgan, mahalliy sharoitga moslashgan, egiluvchan iqtisodiy, yuridik siyosatini yurgizmoqda.

Dengiz qirgʻoqlaridagi: Dalyan, Sinxuandao, Tyanszin, Yantay, Sindao, Lyanyungan, Nantun, Shanxay, Ninbo, Venchjou, Fuchjou, Guanchjou, Chjanszyan va Beyxay kabi shaharlarni Xitoy xorijiy investorlariga ochib berdi. Janubiy Xitoy dengizidagi Xaynan oroli iqtisodi taraqqiy etgan davlatlar BAA, Singapur, AQSH, Yaponiya, Malayziya, Tailandga borib kelayotgan savdo kemalari uchun juda qulay dengiz-okean chorrahasida joylashgan. Qadimda dengizda boʻron turib uning bahaybat toʻlqinlari koʻtarilganda yoki savdo kemalariga qaroqchilar tomonidan xavf tugʻilganda katta yuk bilan ketayotgan kemalar ulardan qochib shu yerda jon saqlashar ekan. Endi bu “tinchlik, osoyishtalik sohili” - davlatlar oʻrtasidagi savdo-sotiqni rivojlantirish, ularning iqtisodiyotini yaxshilab, aholi turmush darajasini koʻtarishga xizmat qilmoqda.

Erkin iqtisodiy zonalar avvalambor ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini eksport qilishga moʻljallangan. Bu zonalarda faoliyat koʻrsatayotgan korxonalarda fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalari, ilgʻor ishlab chiqarish usullari joriy etilayapti. Xorijiy investor, kompaniya va firmalar soliqlarning kamligidan daromad qilgan holda, mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Ichki va tashqi bozorlar yuqori sifatli turli tovarlar bilan toʻldirilmoqda, davlat byudjetiga esa xorijiy valyuta hisobida mablagʻ kelib tushayapti. 1999 yilda Shenchjen erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilgan texnologik nuqtai nazaridan murakkab mahsulotlardan kelgan daromad 81,98 milliard yuanni tashkil qildi.

2010 yili XXR Sinszyan – Uygʻur avtonom rayonidagi Qoshgʻar shahrida ham erkin iqtisodiy zona tashkil qilindi. Qoshgʻar sanoat korxonalarining mahsulot ishlab chiqarishi 2009 yilga nisbatan kutilganidan yuqori - 17,4 foizni tashkil qildi. Natijada shahar aholisining turmushi yaxshilana boshladi, turizm rivojlandi. Koʻchmas mulk narxi koʻtarildi. Maʼlumki, Qoshgʻar Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlari bilan bevosita chegarasida joylashgan mintaqa. Shuning uchun ham erkin iqtisodiy zonaning asosiy yoʻnalishi Xitoyning qoʻshni davlatlar bilan savdo-sotiq ishlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan.

Sinszyan – Uygʻur avtonom rayonidagi Qoshgʻar bilan chegara oldi shahri boʻlgan - Xorgosga erkin iqtisodiy zona maqomini berishdan asosiy maqsad ularni Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining savdo-iqtisodiy va turistik markazlarga aylantirish edi. Puxta oʻylanib qilingan hisob-kitob toʻgʻri chiqdi, maqsad amalga oshdi, deb bugun bemalol aytish mumkin. Soʻnggi yillarda bu ikki shaharga Markaziy Osiyo davlatlaridan mehmonlar va tadbirkorlarning kelishi sezilarli darajada oʻsdi. Shahar KPP qoʻmita boshqarmasining maʼlumotiga koʻra, 15 ming aholisi boʻlgan Xorgos shahriga bugun kuniga 10 mingga yaqin ishbilarmon, tadbirkor va sayyoh tashrif buyurmoqda.

Turar joy binosini bir kvadrat metrining narxi 400-500 yuanga koʻtarildi. Bozor iqtisodiyoti qonun-qoidalariga koʻra, aholi turmush darajasining oshishi bilan narx-navo ham koʻtarilmoqda. Lekin baholar ortiqcha koʻtarilib ketmasligi uchun narx-navo davlat tomonidan nazorat qilinib turibdi.

“Xorgos” – chegara oldi xalqaro hamkorlik markazi degan nom olib, u ham maxsus savdo iqtisodiy zona tarkibiga kiritildi. Markaz tovarlarni saqlashga, ularni realizatsiya qilish, shuningdek, savdo-sotiq ishlari boʻyicha muzokaralar tashkil qilib, koʻrgazmalar oʻtkazish, moliyaviy yordam koʻrsatish masalalariga xizmat qilmoqda.

Sinszyan – Uygʻur avtonom rayonida investitsiya va tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar hajmi mablagʻ hisobida 13 milliard yuanni tashkil qildi. 2010 yildan boshlab Sinszyan chegara oldi savdosida, Xitoyda investitsiya sohasida birinchi boʻlib hisob-kitobni milliy valyutada - yuanda yurgiza boshladi. Bu Xitoyning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo davlatlari bilan savdo-sotiq ishlarini yuritishda oldinga tashlangan jiddiy qadam boʻldi, deydi xitoylik iqtisodiyot va moliya sohasidagi mutaxassislar.

Siz, muxbirimizning “Oʻzbekiston – Xitoy va jahon erkin iqtisodiy zonalari” deb nomlangan turkum maqolalarining 3-qismi bilan tanishdingiz. Uning 2-qismi mazkur havolada.

Mazkur turkumning 4-qismini ertaga diqqatingizga havola etamiz.


Irismat Abduxoliqov, OʻzA sharhlovchisi