Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston – Xitoy va jahon erkin iqtisodiy zonalari
09:00 / 2019-01-25

Xitoyda erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilganligining 30 yilligi nishonlanmoqda.


Xitoyda erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilganligining 30 yilligi nishonlanmoqda. EIZlardagi favqulodda bir koʻtarinki ruh, oʻn yilliklar mobaynida toʻplangan boy tajriba, misli koʻrilmagan rivojlanish surʼatlari, ishlab chiqarishdagi yuksak samara davlatni rivojlantirib, dunyoni larzaga keltirdi, desa boʻladi. Oldimizda yangi, oʻtmishga qaraganda ham muhimroq boʻlgan masʼuliyatli davr turibdi, bu davrda EIZlar avvalambor milliy taraqqiyotimiz strategiyasi bilan chambarchas bogʻliq holda rivojlanishi darkor, deb yozadi Xitoy ommaviy axborot vositalari.


Ilgari xabar qilganimizdek, yaqinda Xitoyda jahon ommaviy axborot vositalarining xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Anjumanda 90 mamlakatdan 200 dan ortiq OAV rahbarlari, xalqaro va iqtisodiy dolzarb mavzularda qalam tebratuvchi yirik jurnalistlar, 250 dan ortiq faxriy mehmon, diplomatlar, xalqaro tahliliy markazlarning ekspertlari ishtirok etdi.


Forum dasturi boʻyicha jurnalistlarni birinchi boʻlib, Xaynan erkin iqtisodiy zonasiga olib bordi. Shaxsan Den Syaopin rahbariligida bu orolda Xitoydagi eng katta erkin iqtisodiy zona, mamlakatda yagona boʻlgan namunali tropik kurort zonasi tashkil etilgan.


photo5353034255057398175.jpg


Bizga namoyish etilgan hujjatli filmlarda koʻrsatib oʻtilganidek, qadimda qoloq, aholisi qashshoq, chor atrofi esa botqoq boʻlib yotgan Xaynan orolining bugungi koʻrinishini jurnalistlar katta qiziqish bilan tomosha qildi. Bu orolda soʻnggi 30 yil ichida dengiz sohillarida qad koʻtargan shahar va qishloqlar, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlayotgan yirik sanoat korxonalari, bahaybat dengiz va okean laynerlari, qudratli yuk ortish va tushirish kranlari ishlab turgan yirik bandargohlar, gʻaroyib shaklda barpo etilgan, dunyoda sanoqli boʻlgan yetti yulduzli, koʻpqavatli zamonaviy “Atlantik” oteli va boshqa mehmonxonalarni, neft, hoʻl meva-cheva, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan zavod va fabrikalarni koʻrib jurnalistlar hayratlarini yashira olmadi. Ular Xitoyning bu oroli bir avlod umri mobaynida mamlakat mehnatkashlarining fidokorona mehnati tufayli asriy qoloqlikdan dunyodagi yirik zamonaviy mintaqaga aylantirilganining shohidi boʻldi.


Xaynan orolidagi erkin iqtisodiy zonada shu kunda 7 ming 320 ta sanoat korxonasi ishlab turibdi, bu yerga kiritilgan investitsiyalarning umumiy miqdori 22 milliard 300 million dollarni tashkil qiladi. Xaynanda biz, yaxshi niyatda aniq bir maqsadga qarab yoʻnaltirilgan katta mablagʻlar qisqa muddatda qadimgi shahar va qishloqlarni haqiqatdan ham jannatmonand yurtga aylantirib, aholi turmush darajasini jiddiy oshirib yuborishiga ishonch hosil qildik.


1992 yildan boshlab XXR Davlat kengashi Xaynan kabi, mamlakat chegarasidagi bir qator yirik shaharlarni, provinsiyalar ichidagi shahar va avtonom rayonlari hududlarini erkin tadbirkorlikka - zavod va fabrikalar qurish, firmalar ochish, milliy hunarmandlikni rivojlantirish, xususiy biznes yuritish uchun ochib qoʻydi. Bundan tashqari oʻrta va yirik shaharlarda 15 ta erkin savdo zonasi, 32 ta davlat miqyosidagi iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasi, 53 ta yangi rivojlangan yuqori texnologik sanoat zonalari tashkil etildi. Ularning barchasiga boj toʻlashda, eksport, import, daromad soliqlari toʻlovida ham imtiyozlar berildi. Va qarabsizki, erkin iqtisodiy zonalar xamirturishdek koʻpchib katta Xitoy iqtisodiyotini rivojlantirishda salmoqli rol oʻynay boshladi.


Xaynandagi yirik xalqaro bandargoh... Kechagi boʻm-boʻsh dengiz sohilida 20-30 qavatli zamonaviy turar joy binolari turnaqator boʻlib qad rostlab turibdi, xorijiy kompaniyalarning ofis binolari, dengiz boʻyida bahaybat koʻtarma kranlar qandaydir bir qoʻngʻiroqli tovush chiqarib biri yuk ortsa, ikkinchisi konteynerlarni tushirayapti. Hamma chumolidek ishlamoqda. Xitoyliklarning mehnat qilishi xuddi Oʻzbekiston paxta dalalaridagi yerga yopishib olgan oʻzbek dehqonlarini eslatadi. Zuvalamizni bir yerdan olganmi bizlarni degan xayolga borasan, ularga qarab.


Bir yarim milliard aholiga ega boʻlgan Xitoy iqtisodiyoti soʻnggi 35 yilda misli koʻrilmagan suratlar bilan rivojlandi. Bu yutuqlardan keyin Xitoy dunyoda “ochiq eshiklar“ deb nom olgan tashqi siyosat yurgiza boshladi. 1978 yilgi reformalardan keyin Xitoyda ishlab chiqarilgan yalpi ichki mahsulot hajmi yiliga 9 foizdan koʻpayib bordi. Mahsulotlarni xorijga eksport qilish, valyutalar tushumi ham keskin ortdi. Ayni bir paytda, mamlakatda jon boshiga ishlab chiqarilayotgan yalpi ichki mahsulot hajmi koʻpaydi.


photo5353034255057398176.jpg


Bitta raqam. 1978 yili Xitoy davlati umumjahon eksport faoliyatida atigi 0,75 foizni tashkil qilgan boʻlsa, 2000 yilga kelib bu koʻrsatkich 3,86 foiz boʻldi. Bu demak, 33 yilda xorijga eksport qilinayotgan mahsulotlar hajmi 14 barobarga ortgan.


Xitoyning erkin iqtisodiy zonalari “Osiyo ajdaholari” qatoridan oʻrin olgan: Gonkong, Makao va Tayvanga yaqin boʻlib, qitʼalararo savdo-sotiq dengiz yoʻllarida joylashgan. EIZlarning qulay joylashishi xitoyliklar iqtisodiyotini jadal surʼatlar bilan rivojlantirish imkoniyatini bermoqda. Xitoydagi 10 ga yaqin erkin iqtisodiy zonaning 4 tasi Janubiy Xitoy dengizining janubi-sharqiy sohillarida joylashgan.


– Erkin iqtisodiy zonalarni boshqarish xuddi bola tarbiyasiga oʻxshaydi, – deydi “Jurong Consultants” kompaniyasining vitse-prezidenti Vilfreda Lu. – Uni balogʻatgacha boʻlgan oʻsish davridan boshlab mustaqil faoliyat koʻrsata boshlaganiga qadar doimo diqqat markazida ushlab turish lozim.


Shenchjen – Xitoydagi eng yirik va eng taraqqiy etgan erkin iqtisodiy zona. 1970 yili shahar alohida iqtisodiy zona, deb rasman eʼlon qilindi.Shahar u paytda sanoqli 6-7 ming kishigina istiqomat qiladigan chogʻroq qoloq bir shaharcha edi. Bu yerda bittagina 5 qavatli turar joy binosi boʻlardi. Bugun Shenchjenda koʻplab zamonaviy osmonoʻpar binolar qad koʻtargan, besh milliondan ortiq aholi istiqomat qilayotgan yirik shaharga aylandi. Qishloq xoʻjaligidagi ishlar mexanizatsiyalashtirildi, u yerdagi aholi shaharga koʻchib keldi. 200 mehmonxona, zamonaviy yer osti metrosi, avtomobil yoʻllari, xalqaro aeroport, yirik dengiz bandargohi, universitet, texnoparki boʻlgan zamonaviy, istiqbolli shahardir. Shenchjenliklarning ish haqi ham boshqa shahardagilarnikiga qaraganda bir necha bor yuqori. Shenchjen erkin iqtisodiy zonasi soʻnggi yillarda yirik xalqaro turizm markaziga ham aylandi.

Shenchjen iqtisodiy zonasida yuqori texnologiyalar asosida ishlayotgan yadro energetika korxonasi, elektronika, mashinasozlik zavodlari, shuningdek, infratuzilma, bank-moliya sohasidagi jami 17,5 mingdan ortiq ishlab chiqarish korxonalariga kiritilgan xorijiy investitsiyalarning 85 foizi xitoyliklarning oʻz hamyurtlari tomonidan Gonkongdan kelgan investitsiyalardir. Haqiqatdan ham Vatanni sevish, uning ravnaqi, istiqboli uchun kurashda xitoyliklardan oʻrnak olsa arziydi.


photo5353034255057398177.jpg


1996 yili bu yerda ishlab turgan korxonalarga qoʻshimcha ravishda biotexnologiya va farmatsevtika, qurilish va qurilish materiallarini tayyorlash, kimyo sanoati, tibbiy asbob-uskunalar, elektronika, kompyuter dasturlari bilan taʼminlash, telekommunikatsiya uskunalarini ishlab chiqarish boʻyicha ixtisoslashgan industrial park taʼsis etildi. Bundan 30 yil muqaddam kichkina baliqchilar shahri boʻlgan Xitoyning bugungi bu megapolisi ildam surʼatlar bilan rivojlanishda davom etmoqda.


Shantou shahri Xanshuy daryosi kelib quyiladigan janubiy Xitoy dengizi sohilida qad koʻtargan. Bu yerda bir davlatdan ikkinchisiga ketayotgan dengiz-okean kemalariga xizmat koʻrsatayotgan katta bandargoh ishlab turibdi. Shaharda mashinasozlik zavodlari, temirga ishlov beradigan dastgohlar va qishloq xoʻjalik mashinalari yigʻib chiqaradigan korxonalar mavjud. Bu yerda shuningdek, shakar, konserva, qurilish materiallari va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahalliy aholi esa yelpigʻichlar, quyosh qaytargichlar, bambukdan tayyorlanadigan turli xalq hunarmandligi buyumlari tayyorlash bilan band. Oʻzida qadimgi Xitoy xalqi ustalarining mahorat sirlari mujassam boʻlgan buyumlari kishini hayratga soladi. Dengiz qirgʻogʻidagi shahar aholisi katta kemalarda baliqchilik bilan ham shugʻullanadi.


Shantou erkin iqtisodiy zonasida xorijiy investitsiyalar ishtirokida neft va kimyo korxonalari, bandargoh va boshqa infratuzilmalar boʻyicha 3 ming dan ortiq loyiha asosida kiyim-kechak, poyafzal va elektronika asbob uskunalari ishlab chiqarilmoqda.


Chjuxay erkin iqtisodiy zonasidagi 4 ming 980 ta ogʻir sanoat va elektronika mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari, bandargohlaru xizmat koʻrsatish muassasalari, yoʻl qurilishi tashkilotlari xorijiy investitsiyalar hisobidan faoliyat yuritadi. Vatanparvarlik hissi boʻyicha yana bir tasdiq. Chjuxay erkin iqtisodiy zonasiga kiritilgan jami kapitalning 80 foizi Gonkong, Makao, Tayvan va Singapurda faoliyat yuritayotgan xitoylik tadbirkorlar tomonidan kiritilgan investitsiyalardir.


Xitoyning Chjuxay shahri avvalambor oʻzining ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan “Chjuxay-Aviasaloni“ bilan mashhur. Oʻtgan yilgi “Chjuxay – 2018” aviasaloni namoyishda “J-20” nomli sergak radarlar ham tuta (saza) olmaydigan “koʻrinmas“ harbiy hujum istrebitellari, uchuvchisiz parvoz qiladigan dronlar va radiolokatsion tizimlar namoyish etildi.


Aviashouda eksport uchun moʻljallangan eng soʻnggi harbiy texnologiyalarni oʻzida mujassam etgan aerokosmik apparatlar, harbiy samolyotlar, turli statsionar tizimlar, shuningdek, birinchi bor koʻrikdan oʻtayotgan harbiy havo kuchlarining qiruvchi samolyotlarini oʻquv jangi mashqlarida koʻrish mumkin.


photo5353034255057398178.jpg


Chjuxaydagi oʻtgan yilgi aviashouda shuningdek, bir qaraganda osmonda tovushdan ham tez uchib ketayotgan, soʻngra tik koʻtarilib muallaq holda qimir etmay qotib qolgan, keyin esa xuddi uzilgan barg singari pastga qarab qulayotgan samolyotlarning mashqlari namoyish etildi.


Chjuxay “Aviashousida” uchuvchisiz parvoz qiladigan apparatlar, eng zamonaviy artilleriya va boshqa qurollarni ishlab chiqarishda ham katta yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan shahar sifatida oʻzini namoyon etdi.


Syamen erkin iqtisodiy zonasida 4 ming 150 ta korxona xorijiy kapital hisobidan faoliyat yuritmoqda, investitsiyalarning 80 foizi Tayvandan kiritilgan. Tayvan qadimdan Xitoy Xalq Respublikasiga qarashli boʻlganligi sababli ularni ichki investitsiyalar desa ham boʻladi.


Syamen porti XIX asrda choy bilan savdo qiluvchi eng yirik dengiz porti hisoblanar edi. Qadimda bu subtropik iqlimda dengiz boʻyida katta maydonlarda choy plantatsiyalari boʻlgan. Soʻnggi yillardagi dunyoga ochiq boʻlish va erkin iqtisodiy faoliyat yuritish siyosati shahar, port qiyofasini butkul oʻzgartirib yubordi. Hozir Syamen Xitoydagi eng chiroyli va zamonaviy sanoat shaharlaridan biridir. Syamenda davlat universiteti ishlab turibdi. Shu yerda bir gapni aytib oʻtishni lozim deb topdim, bugun Xitoyda butun dunyo davlatlaridagi oliy oʻquv yurtlarida tayyorlanayotgan muhandislarga qaraganda ham koʻproq injenerlar tayyorlab chiqarilmoqda. Son oʻzgarishlari pirovardida albatta sifat oʻzgarishlariga olib keladi, degan xayolga borasan, kishi.


2017 yili Syamenda BRIKSning IX sammiti boʻlib oʻtdi. Anjumanga sammit aʼzolaridan tashqari Gvineya, Misr, Meksika, Markaziy Osiyoning ayrim respublikalari, Tailand davlatlarining rahbarlari ham ishtirok etdi.

Shanxay erkin iqtisodiy zonasi – Shanxay erkin tajriba-sinov savdo zonasi deb ham yuritiladi. U 2013 yilda tashkil topdi. Xitoyda taqiqlangan ayrim tovarlar va oʻyinlarga bu yerda ruxsat berilgan. Kelayotgan tovarlar bojxona koʻrigidan yengillashtirilgan tartibda oʻtadi, boj toʻlanmaydi. Kompaniyalar 10 yilga soliqdan ozod qilingan.


Shanxayning tarkibiy qismi hisoblangan Yangi Pudun rayoni ham 1990 yili erkin iqtisodiy zona, deb eʼlon qilindi. Hozir bu yerda 5 ming 400 dan ziyod loyiha asosida avtomobilsozlik, elektronika, asbobsozlik, telekommunikatsiya, yuqori texnologiyalar yaratadigan ilmiy-texnik muassasalar, energetika sohalari rivojlanmoqda.


Pudun yangi iqtisodiy zonasi xorijiy kapitalni oʻzlashtirish boʻyicha ham, Yanszi daryosi vohasi iqtisodiyotini rivojlantirishda ham katta yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Hukumat Pudun zonasida hali hech qayerda joriy etilmagan maxsus iqtisodiy, moliyaviy imtiyoz siyosati muddatini uzaytirishga qaror qildi. Hukumat chet elliklarga Pudunda oʻzlarining moliyaviy muassasalarini ochish, xizmat koʻrsatish kompaniyalarini investorlarning oʻzlari boshqarishiga ham ruxsat berib qoʻygan.

Siz, muxbirimizning “Oʻzbekiston – Xitoy va jahon erkin iqtisodiy zonalari” deb nomlangan turkum maqolalarining 2-qismi bilan tanishdingiz. Uning 1-qismi mazkur havolada.

Mazkur turkumning 3-qismini ertaga diqqatingizga havola etamiz.