Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga qabul boshlandi
19:47 / 2020-06-20

Mamlakatimizning barcha oliy taʼlim muassasalari qatorida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ham abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni boshlandi.


Bugun yurtimiz yoshlari oʻz hayotidagi muhim bosqich oldida turibdi. Mamlakatimiz umumiy oʻrta taʼlim maktablari hamda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilari qatorida koʻplab abituriyentlar uchun “gʻalvir suvdan koʻtariladigan palla” yaqin. Hozirda ular oʻz iqtidorlari va yillar davomidagi toʻplagan bilimlarini namoyish etish uchun qatʼiy ishonch bilan tanlagan kasbiy mutaxassislik boʻyicha bilim beradigan oliy oʻquv yurtlariga hujjat topshirish taraddudida.

Jahonda oʻz nufuziga ega akademiya

Mamlakatimizning barcha oliy taʼlim muassasalari qatorida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ham abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni boshlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur akademiya yurtimiz va jahonda oʻz nufuziga ega boʻlib bormoqda. Zero, u dunyoviy fanlar qatorida islomshunoslik va dinshunoslik yoʻnalishlari ilmiy jihatdan chuqur oʻqitiladigan dunyodagi sanoqli taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasidan biri hisoblanadi. Shu bois ilgʻor va zamonaviy taʼlim standartlar asosida ilm olishni istab akademiyaga hujjat topshirayotgan mahalliy va xorijiy yoshlar safi yildan yilga tobora kengaymoqda.

Hozirda akademiyada uchta – Islomshunoslik, Mumtoz Sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti mavjud boʻlib, ularda oʻz ixtisosligi boʻyicha dunyoda taniqli mahalliy va xorijiy professor-oʻqituvchilar faoliyat koʻrsatmoqda.

Qabul jarayonidagi yangiliklar nimada?

Joriy yilda oliy oʻquv yurtlariga hujjatlar qabuli va test sinovlari butun dunyoda boʻlgani kabi Covid-19 pandemiyasi sharoitida oʻtkazilayotgani bois oʻziga xos talab hamda sharoitlarni taqozo etmoqda.

“2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori asosida joriy yilda abituriyentlarga keng imkoniyatlar berilmoqda. Eng avvalo, abituriyent test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil boʻlgan 5 tagacha oliy oʻquv yurti bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etish huquqiga ega boʻldi. Shuningdek, kirish test sinovlari ikkita fandan oʻtkazilishi ham yoshlarning oʻz iqtidorlarini toʻliq namoyon etishiga sharoit yaratishi tabiiy.

Albatta, bu kabi yangilik va yengilliklar yoshlarimizning ilm-maʼrifatga intilishini qoʻllab-quvvatlagan holda kelajakda yetuk mutaxassis kadr sifatida jamiyatda oʻz munosib oʻrnini egallashiga katta ragʻbat beradi.

Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan ham joriy yilda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish va dastlabki imtihonlarni oʻtkazishda oʻziga xos yangiliklar tatbiq etilmoqda.

Eng avvalo, shuni taʼkidlash joizki, akademiya bitiruvchilari ilmiy-pedagogik salohiyati va chet tillarni bilish darajasiga qoʻyilayotgan talablar asosida Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga oʻqishga qabul qilish tartibini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq joriy yildan Akademiyaga qabul jarayonida dastlabki imtihon tatbiq etilmoqda. Ushbu sinovlar boʻlgʻusi talabaning oʻz intellektual salohiyatini kengroq namoyon etishiga imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Shunga koʻra, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi boʻlishni maqsad qilgan abituriyentlar dastlab quyidagi ilovadagi (https://iiau.uz/en-ca/yangiliklar/yangiliklar/q-bul-komissiyasig-biturient-q-ysi-hujj-tl-rni-topshir-di-22.html) hujjatlariningPDF format yoki sifatli suratini uylarida turgan holda (!) kompyuter yoki zarur imkoniyati mavjud mobil aloqa vositasi orqali https://qabul.iiau.uz portaliga yuklashi zarur.

Roʻyxatdan oʻtishda soʻrovnomaning belgilangan joyiga abituriyent doimiy ish faoliyatidagi oʻz mobil(!) telefoni raqamini kiritishi talab etiladi. Chunki ushbu belgilangan mobil raqamga SMS xabar orqali dastlabki imtihon vaqti, internet havolasi hamda imtihonga kirish uchun shaxsiy login va parol yuboriladi.

QABUL KOMISSIYASIGA ABITURIYENT QAYSI HUJJATLARNI TOPSHIRADI?

Unutmaslik joizki, abituriyent hujjatlarini onlayn roʻyxatdan oʻtkazish vaqtida barcha maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik pasportiga koʻra rasmiylashtirishi shart. Agarda ism sharifi yoki qaysidir sana yoxud boshqa nomdagi hujjat xato yuklansa, kompyuter tizimi avtomatik ravishda barcha axborotlarni rad etadi(!). Bu esa abituriyentning hujjatlari Akademiya qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmasligiga sabab boʻladi.

Dastlabki imtihon qanday va qachon oʻtadi?

Eʼtibor berish joizki, abituriyentlar 2020-yilning 20-iyunidan 10-iyul soat17-00ga qadar Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining https://qabul.iiau.uz portali orqali belgilangan tartibda hujjatlarini roʻyxatdan oʻtkazgach, 11-13-iyul kunlari dastlabki imtihon — Intellektual salohiyatni baholovchi testdan oʻtish talab etiladi. Bunda har bir abituriyentning (hujjat topshirishda rasmiylashtirilgan) mobil telefon raqamiga SMS xabar orqali Intellektual test olinadigan internet portali ilovasi, testdan oʻtish kuni (sanasi), vaqti (soati) hamda shaxsiy login va parol yuboriladi.

Taʼkidlash joizki, mazkur imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlargina 2020-yilning 15-20-iyul kunlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz, uning hududiy boʻlimlari yoki Davlat test markazi sayti orqali Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga qoʻshimcha ravishda test sinovi topshirish fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil boʻlgan yana 4 ta oliy oʻquv yurtini tanlab, belgilangan tartibda hujjat topshirishi mumkin.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati