Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi qurultoyida nomzodlar tasdiqlandi
17:12 / 2019-10-28

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi qurultoyi boʻlib oʻtdi.


Poytaxtimizda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi qurultoyi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga saylovlarda ishtirok etishga doir masalalar muhokama qilindi.

Qurultoyda partiya markaziy kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlaridan koʻrsatilgan delegatlar, partiya faollari ishtirok etdi.

Dastlab saylovlarda partiyaning munosib ishtirokini taʼminlash boʻyicha muhim vazifalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Ulugʻbek Inoyatov oʻz fikrlarini bildirdi.

– Bu yilgi saylov kampaniyasi xalqimizning kayfiyati koʻtarinki, islohotlarga daxldorlik hissi ortgan yangicha muhitda oʻtmoqda, – dedi U.Inoyatov. – Yangi Oʻzbekiston yangi saylovlarga kirib borayapti. Odamlar siyosiy partiyalardan amaliy natija, qatʼiy taklif va tashabbuslar kutayapti. Partiyamiz bu jarayonda yuksak masʼuliyatni zimmasiga olib, saylov kampaniyasiga kirishgan.

Partiya markaziy kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi faoliyati haqidagi hisobotlar chuqur va tanqidiy-tahliliy muhokama etildi.

Qurultoyda partiyaning Saylovoldi dasturi koʻrib chiqildi.

– Partiya Saylovoldi dasturiga uchta gʻoya umumiy asos sifatida olingan, – dedi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi oʻrinbosari Maqsuda Vorisova. – Bular – ijtimoiy tenglik va adolat, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya. Alohida jihati shundaki, partiya Saylovoldi dasturi yangicha yondashuv boʻyicha “piramida” shaklida ishlab chiqilgan. Yaʼni, hududlarga xos eng muhim masalalarni belgilab olish, kelajakda deputatlik birlashmalari orqali amaliy va aniq natijalarga erishish uchun quyidan yuqoriga, “okrug – tuman (shahar) – viloyat – respublika” tartibiga amal qilinadi. Partiyaning yangi Saylovoldi dasturida xalqimizni oʻylantirib kelayotgan koʻplab dolzarb masalalar yechimi boʻyicha yangi va qatʼiy tashabbuslar oʻrin olgan. Xususan, dasturda millionlab yurtdoshlarimizning kundalik turmushini yaxshilash, ularning huquq va manfaatlarini amalda taʼminlash uchun “Yashash minimumi”, “Isteʼmol savatchasi”, “Davlat minimal ijtimoiy standartlari” toʻgʻrisidagi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi ilgari surilgan.

Taʼkidlanishicha, dasturda aholining kam taʼminlangan qatlamlari, pensionerlar, nogironligi boʻlgan shaxslarning turmush darajasini oshirish, kundalik isteʼmol tovar va xizmatlar narxlarining ijtimoiy maqbulligini taʼminlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, shifokorlar, oʻqituvchi va pedagoglarning himoyasini kuchaytirish, qishloq odamlarining yashash sharoitini yaxshilash boʻyicha aniq vazifalar belgilangan.

Partiyaning ustuvor maqsad va gʻoyalari hamda ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi manfaatlari himoyasi bilan bogʻliq takliflar joy olganini hisobga olib, qurultoy delegatlari Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturini tasdiqladi.

Saylovda har bir siyosiy partiya saylovchilar, avvalo, xalq oldida oʻta masʼuliyatli imtihondan oʻtadi. Ayniqsa, bu yilgi saylovlardan xalqimizning umidi katta. Parlament deputatligiga intilayotgan nomzodlarga ham talab juda yuqori.

Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi parlament quyi palatasi deputatligiga nomzodlar ilgari surish masalasiga ulkan masʼuliyat bilan yondashdi.

Qurultoyda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod koʻrsatish toʻgʻrisidagi masala muhokamaga qoʻyilib, har bir okrugdan ilgari surilayotgan nomzodlar haqidagi maʼlumotlar birma-bir oʻqib eshittirildi.

Xalq demokratik partiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov uchun tashkil etilgan 150 okrugdan 150 nomzod ilgari surildi. Delegatlar nomzodlarni qoʻllab-quvvatladi.

Shu tariqa qurultoyda Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 150 nomzodi tasdiqlandi.

Qurultoyda partiya faoliyati bilan bogʻliq boshqa tashkiliy masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.