Oʻzbekiston – Vengriya: hamkorlik ufqi kengayadi
Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib, qator vazirlik va idoralarda uchrashuvlar oʻtkazdi.
Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib, qator vazirlik va idoralarda uchrashuvlar oʻtkazdi.
Dastlabki uchrashuv 16-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida tashkil etildi. Muzokaralar chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi Oʻzbekiston – Vengriya munosabatlari istiqboli muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil oktyabr oyida Boku shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi majlisi doirasida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan oʻtkazgan uchrashuvi chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Vazirlar Abdulaziz Komilov va Peter Siyyarto turli darajadagi boʻlajak tadbirlar jadvalini koʻrib chiqdi. Ikki tomonlama uchrashuvlar kun tartibi va tashkiliy jihatlarini batafsil ishlab chiqish uchun tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini oʻtkazish zarurligi qayd etildi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi hamda “Oʻzbekiston – Vengriya – Yevropa ittifoqi” formati doirasidagi Oʻzbekiston – Vengriya hamkorligini mustahkamlash masalalari boʻyicha ham fikr almashdilar.
Uchrashuv soʻnggida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligi oʻrtasida diplomatik tayyorlov hamda axborot va hujjatlar bilan almashinuv sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Vengriya delegatsiyasi aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan ham uchrashdi.
Muloqot davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi taʼkidlandi, ikki tomonlama savdo hajmini oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.
“Hilton” mehmonxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Vengriya agrar, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish palatasi hamda Vengriya chorvadorlar uyushmasi vakillari oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida doʻstona munosabatlarni yana-da kengaytirish, xususan, veterinariya va chorvachilik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali mamlakatlarimiz iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga hissa qoʻshish, bu boradagi oʻzaro saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Muzokaralar yakuniga koʻra, tomonlar koʻplab dolzarb yoʻnalishlarni qamrab olgan Chorvachilikni rivojlantirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzoladilar.
Vengriya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi kun tartibidan madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlarni rivojlantirish masalasi ham oʻrin olgan. Mehmonlarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvi chogʻida ikki mamlakatning yetakchi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida aloqa oʻrnatishga alohida qiziqish bildirildi. Bu boradagi munosabatlarni yana-da kengaytirishni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi.
Peter Siyyarto boshchiligidagi Vengriya delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp yillik doʻstona, oʻzaro ishonchga asoslangan ikki tomonlama manfaatli aloqalarni, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi mavjud hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.