Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Yaponiya ishbilarmonlari uchrashuvi
16:07 / 2014-07-18

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 18-iyul kuni O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 18-iyul kuni O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston va Yaponiyaning tashqi iqtisodiy aloqalar, bank-moliya, savdo-sanoat, sarmoya, iqtisodiyot, neft-gaz, kimyo, energetika, avtomobilsozlik, sog‘liqni saqlash, transport va transport kommunikatsiyalari, axborot texnologiyalari, qurilish, farmatsevtika, ta’lim, sayyohlik, madaniyat va sport kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘layotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil fevral oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlab, strategik hamkorlikni yanada faollashtirishga xizmat qilmoqda.

Yaponiya O‘zbekistonning yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biri. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar 2002-yilda imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot ruhida izchil rivojlanmoqda. 2013-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 215 million AQSh dollarini tashkil etdi. Yaponiya tomonidan O‘zbekistonga kiritilgan moliyaviy-texnik vositalarining umumiy hajmi 2 milliard dollardan oshadi.

O‘zbekiston-Yaponiya iqtisodiy munosabatlari savdo-iqtisodiy hamkorlik, sarmoyalarni o‘zaro himoyalash va rag‘batlantirishga oid bitimlar kabi ko‘plab hujjatlarga asoslanadi. O‘zbekistonda Yaponiya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan o‘ndan ziyod qo‘shma korxona, ushbu mamlakatning 11 kompaniyasi vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatayotir. Ular transport, xizmat ko‘rsatish, sayyohlik, sog‘liqni saqlash, mashinasozlik, va metallni qayta ishlash, yengil sanoat, eksport-import operatsiyalarini o‘tkazish, sarmoyaviy loyihalar doirasida asbob-uskunalar yetkazib berish kabi yo‘nalishlarda ish olib boradi.

Yaponiyalik hamkorlar “Ko‘kdumaloq” konida kompressor stansiyasini va Buxoro neftni qayta ishlash zavodini qurish, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini rekonstruksiya qilish, Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlarini modernizatsiyalash kabi yirik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi.

Bugungi kunda Qarshi – Termiz temir yo‘l tarmog‘ini elektrlashtirish, Navoiydagi issiqlik elektr stansiyasini kengaytirish va Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

– Yaponiya O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor bilan qaraydi, – dedi Yaponiya-O‘zbekiston madaniy va iqtisodiy almashinuv qo‘mitasi raisi, “Sacura Global Holding” kompaniyasi bosh ijrochi direktori, “Matsumoto” jamg‘armasi raisi Ken’ichi Matsumoto. – Yaponiyalik ishbilarmonlarning O‘zbekiston biznes vakillari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishga qiziqishi katta. Mamlakatingizdagi qulay sarmoyaviy muhit va yuksak iqtisodiy imkoniyatlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy rishtalarning ravnaq topishida muhim omil bo‘lmoqda.

Anjumanda sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, tibbiyot texnikasi ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga oid o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi. Yoqilg‘i-energetika, kimyo sanoati, logistika, sog‘liqni saqlash, sayyohlik va mehmonxona biznesi kabi sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.