Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston va Xitoy maktablarda taʼlim sifatini oshirish maqsadida “Elektron taʼlim” loyihalarini amalga oshiradi
14:49 / 2019-11-03

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi mamlakatdagi barcha maktab oʻquvchilarining yuqori sifatli taʼlim olishi uchun “Elektron taʼlim” loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqida vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.


Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi mamlakatdagi barcha maktab oʻquvchilarining yuqori sifatli taʼlim olishi uchun “Elektron taʼlim” loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqida vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Hozirgi kunda aksariyat maktablarda yuqori bilimli va malakali oʻqituvchilar yetishmasligini hisobga olsak, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etilishi oʻqituvchi va oʻquvchilarning zamonaviy oʻquv-metodik materiallarni olish imkoniyatini taqdim etadi.

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyanning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Xalq taʼlimi vazirligi Xitoyning ZTE va Huawei kompaniyalari bilan “Xalq taʼlimi tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish” loyihalarini amalga oshirish uchun kelishuvlarni imzoladi.

Kelishuvlar doirasida xitoylik kompaniyalar oʻz hisoblaridan bir necha maktablarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha pilot loyihalarni amalga oshiradi. Loyiha natijalariga koʻra, joriy etilgan texnologiyalarning taʼlim sifatini oshirishdagi va maktab boshqaruv tizimidagi samaradorligi oʻrganib chiqiladi.

Loyihalar ijobiy natija koʻrsatsa tomonlar Xitoy moliya tashkilotlaridan mablagʻ jalb qilgan holda axborot texnologiyalarini bosqichma bosqich joriy etish masalalarini oʻrganib chiqadi.

Pilot loyihalar doirasida tomonlar kompyuter xonalarini jihozlash, video kuzatuv tizimi, maʼlumot almashish tarmogʻi uchun infratuzilma yaratish kabi boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ham hamkorlik qiladi. Sinflarning monitoring tizimini yaratish loyihaning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻladi. Bu tizim maktab xavfsizligini taʼminlash bilan birga oʻquvchilarning davomati va oʻqituvchilarning faoliyatini monitoring qilish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga tomonlar tizimning barqaror ishlashini taʼminlash masalalariga katta ahamiyat beradi.

Bundan tashqari, oʻzbekistonlik mutaxassislar Xitoyning maktablarda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha ilgʻor tajribasini oʻrganishlari kutilmoqda.