Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston va Turkiya rahbarlarining telefon orqali muloqoti
17:30 / 2020-04-22

Bugun, 22-aprel kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.


Bugun, 22-aprel kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari muborak Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan samimiy qutlovlar almashib, bir-birlari va birodar xalqlarimizga sihat-salomatlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Oʻzbekiston Prezidenti hamkasbi va doʻst Turkiya xalqini ushbu mamlakatda keng nishonlanadigan davlat bayrami – Milliy suverenitet va bolalar kuni bilan ham tabrikladi.

Muloqotda Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdogʻan yangi global xatar – koronavirus infeksiyasining shiddatli tarqalishiga qarshi kurashishda yaqindan hamkorlik qilish masalalariga alohida toʻxtaldilar.

Xususan, tomonlar mamlakatlarimizda pandemiyaga qarshi kurash, shuningdek, ushbu xavfli kasallik oqibatlarining amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarga va inqirozga qarshi qabul qilinayotgan choralar samaradorligiga salbiy taʼsirini oldini olish borasida koʻrilayotgan qatʼiy chora-tadbirlarni toʻliq qoʻllab-quvvatladilar.

Davlat rahbarlari 10-aprel kuni koronavirusga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va saʼy-harakatlarni birlashtirish masalalariga bagʻishlab videoanjuman tarzida oʻtkazilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdan tashqari sammitining samarali natijalarini yuksak baholadilar.

Jumladan, erishilgan kelishuvlarga muvofiq, amaliy tajriba almashish va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal qilish uchun oʻzaro muvofiqlashgan tarzda ishlash maqsadida yaqin kunlarda Turkiy kengash mamlakatlari sogʻliqni saqlash va transport vazirliklari rahbarlarining turkum onlayn-uchrashuvlari boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarni batafsil muhokama qildilar. Joriy yil fevral oyida Anqara shahrida oʻtgan Strategik hamkorlik kengashi birinchi majlisi yakunida qabul qilingan qarorlarni oʻz vaqtida amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Oʻzaro savdo hajmi surʼatlarini saqlab qolish, ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokidagi, birinchi navbatda, innovatsiya, energetika, transport, infratuzilma, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalardagi ustuvor investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va jadallashtirish borasida hukumatlar darajasida choralar koʻrish muhimligiga eʼtibor qaratildi.

Shu maqsadda Hukumatlararo qoʻshma komissiya hamraislari, Oʻzbekiston va Turkiya vakolatli vazirlik va idoralari rahbarlarining ikki tomonlama maslahatlashuvlarini muntazam oʻtkazib borishga kelishib olindi.

Suhbatda mintaqaviy hamkorlik va xalqaro siyosatga doir qator dolzarb masalalar ham koʻrib chiqildi.