Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi savdo aylanmasini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi
10:50 / 2020-07-29

Turkiya tomoniga Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi boʻyicha Ishchi guruhning 4-yigʻilishi chogʻida mamlakatimizni qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirildi.


Oʻzbekiston delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi davomida Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiya Respublikasi savdo vaziri Ruxsora Pekjan bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida oʻzaro savdo munosabatlarining joriy surʼati hamda ushbu yoʻnalishda aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali oʻzaro savdo hajmini yana-da koʻpaytirish istiqboli yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.

Muhokama chogʻida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklik strategik ahamiyatga ega ekani, soʻnggi yillarda munosabatlar koʻlami barqaror oʻsish darajasini namoyon etayotgani alohida taʼkidlandi. 2019-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard dollarni tashkil etib, oldingi yilga nisbatan 22,7 foiz oʻsish kuzatildi. Tomonlar pandemiya taʼsiriga qaramay, oʻzaro savdo hajmini qisqa muddatda 5 milliard dollarga yetkazish niyatini tasdiqlashdi. Shu nuqtayi nazardan, bugungi kunda har ikki mamlakat tegishli idoralarining ekspert va mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilayotgan imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi Bitim loyihasini tasdiqlash jarayonini tezlashtirish ustuvor ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni qamrab oluvchi boshqa bir qator dolzarb masalalar, jumladan, har ikki mamlakat karantin xizmatlari oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Ushbu hamkorlik birgalikda ishlab chiqilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va Turkiya Respublikasi hukumati oʻrtasida oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim doirasida amalga oshirilishi kutilmoqda. Bitim imzolanishi, shuningdek, har ikki mamlakat bozoriga mahsulot yetkazib berishda oʻzbek va turk tadbirkorlari sarf-xarajatlari kamayishiga olib keladi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi: joriy yil yanvar oyida Toshkent shahrida Qirgʻiziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Oʻzbekiston temir yoʻl maʼmuriyatlari tomonidan yuk tashish uchun 50 foizdan 70 foizgacha tarif chegirmalarini joriy etish toʻgʻrisidagi bayon imzolangani aytib oʻtildi. Uchrashuv davomida Turkiya tomoniga mamlakat temir yoʻl maʼmuriyatining ushbu bayonga ehtimoliy qoʻshilishi masalasini koʻrib chiqish taklif etildi.

Turkiya tomoniga Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi boʻyicha Ishchi guruhning 4-yigʻilishi chogʻida mamlakatimizni qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirildi.

Joriy yilning fevral oyida Turkiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Harakatlar rejasi”ning bajarilishi alohida koʻrib chiqildi. Tomonlar ushbu hujjatning barcha bandlarini soʻzsiz bajarilishini taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va yangi monitoring mexanizmini joriy etishga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha hamkorlikning belgilangan yoʻnalishlari doirasida kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan harakatlar rejalashtirilib, ikki mamlakat tashqi iqtisodiy idoralari darajasida oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirishni yaxshilash boʻyicha kelishuvga erishildi.