Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Turkiya hamkorlikning yuksak marralarini ko‘zlamoqda
14:27 / 2020-02-18

Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan.


Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan. Shundan buyon mamlakatlarimiz munosabatlari o‘zaro ishonch, samimiy do‘stlik va qardoshlik ruhida izchil rivojlanib bormoqda. 

Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

Jumladan, Turkiya bilan munosabatlarda ham yangi, tarixiy davr boshlandi. Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va qat’iyati tufayli strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga chiqdi. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalardagi aloqalar faollashgani, savdo hajmi ortgani, mahsulotlar ayirboshlash nomenklaturasi kengaygani, xalqlarimiz o‘rtasida bordi-keldi ko‘payganida ham namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekiston – Turkiya hamkorligi haqida so‘z ketganda, bir jihatga alohida e’tibor qaratish joiz. Turkiya O‘zbekistonni nainki do‘st va strategik sherik, balki ilm-fan tamadduni beshiklaridan biri bo‘lgan mamlakat sifatida taniydi. Turk xalqi buyuk ajdodlarimiz, ularning bebaho ma’naviy merosi, yurtimizning tarixiy, diqqatga sazovor maskanlari, azaliy qadriyatlarimizga o‘zgacha mehr bilan qaraydi, ularni o‘rganishga intiladi.

Turkiya poytaxti Anqara shahrida buyuk bobokalonimiz Amir Temur nomidagi istirohat bog‘i bor. Anqarani kezar ekansiz, bu yerda Toshkent ko‘chasiga ko‘zingiz tushadi. Kuniyada esa Toshkent tumani, Istanbulda O‘zbek mahallasi va “Samarqand” madaniyat markazi mavjud. Shuningdek, Istanbul shahrida Samarqand nomi bilan ataluvchi teleradiokanal faoliyat yuritadi. Mamlakatning qator shaharlaridagi o‘zbek oshxonalarida tayyorlanuvchi milliy taomlarimiz xalqimizning pazandalik madaniyatini Turkiya va butun dunyodan bu yurtga keluvchi sayyohlarga mashhur qilib kelmoqda.

Turklar o‘zbekistonliklarga qardoshim, deb alohida ehtirom ko‘rsatadi. Bu ikki xalqning tarixiy ildizlari mushtarak ekanidan va xalqimizni turkiyaliklar naqadar hurmat qilishidan dalolat. Turkiyada O‘zbekiston haqida eng ko‘p qo‘llanuvchi so‘zlar – bu “Ota makon”, “Ota yurtimiz”. Turk fuqarolaridan o‘z yurting haqida bunday mehr to‘la so‘zlarni, samimiy hurmatni eshitish chuqur hayajon, faxr-iftixor uyg‘otadi. 

Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi asosiy hujjat 1996 yilda imzolangan Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomadir. O‘zbekiston va Turkiya hamkorligining huquqiy asosini 109 ta hujjat tashkil etadi. Turkiya O‘zbekistonning muhim savdo sherigi bo‘lib, davlatlararo eksport-import hajmi keyingi yillarda bir necha barobar o‘sdi. Xususan, 2017 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,5 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 2,5 milliard dollardan oshdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Turkiya investorlari ishtirokidagi 1 ming 306 korxona faoliyat yuritadi. Rangli metallar va ulardan tayyorlanadigan buyumlar, meva-sabzavot mahsulotlari, xizmatlar, mineral o‘g‘itlar, neftni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar mamlakatimizning Turkiyaga asosiy eksporti bandlarini tashkil etadi. O‘z navbatida, yurtimiz pardoz-andoz buyumlari, turli mexanik va elektron uskunalar, plastmassa va ulardan tayyorlanadigan mahsulotlar, to‘qimachilik, kimyo, farmasevtika mahsulotlari, teri oshlash va bo‘yash vositalarini import qiladi.

O‘zbekistonda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida ko‘plab qo‘shma investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Turk kompaniyalari eng avvalo, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida mineral va xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda faol qatnashmoqda. Shuningdek, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida Parlamentlararo munosabatlar va xavfsizlik sohasida mustahkam hamkorlik o‘rnatilgan. 

Bugungi kunda jadal rivojlanib borayotgan turizm, madaniy-gumanitar, xususan, ilm-fan sohalaridagi aloqalar ham O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarining ajralmas qismi hisoblanadi. 
O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari yangi bosqichga chiqib, strategik sheriklik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganini bugun amaliy natijalarda, yaqqol misollarda ko‘rishimiz mumkin. Hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarning ko‘lami va sur’atini kuzatib esa hozirgi natijalar yuksak marralarning hali boshlanishi ekanini his etamiz. Zero, ikki buyuk mamlakat va qardosh xalq hamjihatlikda misli ko‘rilmagan yutuqlarni qo‘lga kiritishi uchun katta qadamlar tashlagan.