O‘zbekiston va Tojikiston Mudofaa vazirligi aviatsiya sohasi bo‘yicha yaqin hamkorlik arafasida
O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga Tojikiston Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy institut aviatsiya fakulteti boshlig‘i polkovnik Salomotshozoda Vosif Salomatsho boshchiligidagi bir guruh harbiy xizmatchilar tashrif buyurdi.
O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga Tojikiston Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy institut aviatsiya fakulteti boshlig‘i polkovnik Salomotshozoda Vosif Salomatsho boshchiligidagi bir guruh harbiy xizmatchilar tashrif buyurdi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti O‘zAga ma’lum qildi.
Delegatsiya a’zolari O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida tahsil olayotgan kursantlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Mazkur dargohda tayyorlanadigan harbiy uchuvchilarning zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan o‘quv xonalari, ularning yashash sharoiti qo‘shni davlat vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
– Foydalanishga topshirilganiga hali ko‘p bo‘lmagan, zamonaviy qiyofa kasb etgan O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tojikistonlik hamkasblarimizda katta taassurot qoldirdi, – dedi bilim yurti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Jamol Ro‘ziev. – Ayniqsa, kursantlarning parvozlar oldidan ko‘rayotgan qizg‘in tayyorgarliklari ularning taassurotini yanada boyitdi.
Kursantlar parvozoldi mashqlari o‘tkazadigan zamonaviy trenajyor, bo‘lajak o‘zbek uchuvchilarining mashg‘ulotlardagi faolligi, bilim va ko‘nikmasi tojikistonlik harbiy delegatsiya a’zolarini lol qoldirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mehmonlar bilim yurti faoliyati bilan tashishar ekan, o‘zlarining iliq fikrlarini bildirishdi hamda bu yerdagi zamonaviy sharoitlar, xalqaro hamkorlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, umuman, kursantlarning o‘quv jarayonlarini yuqori baholadi.