Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirmoqda
21:51 / 2020-02-26

Urganch shahrida 25-26-fevral kunlari ikkinchi Oʻzbekiston – Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtdi.


Urganch shahrida 25-26-fevral kunlari ikkinchi Oʻzbekiston – Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtdi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi azaliy doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, hududlarning sanoat salohiyati va imkoniyatlari toʻgʻrisida oʻzaro maʼlumot almashish, toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik yoʻnalishlarini belgilab olish maqsadida tashkil etilgan ushbu forumda Qozogʻistondan 200 dan ortiq, mamlakatimiz viloyatlaridan 150 ga yaqin ishbilarmon doira vakillari qatnashdi.

Forumning birinchi kuni ikki mamlakat vazirlik va idoralari masʼul xodimlari, hududlar rahbarlari, tadbirkorlar, iqtisodchi olimlar ishtirokida yigʻilishlar, chegaradosh hududlar biznes vakillari uchrashuvlari hamda Oʻzbekiston va Qozogʻistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Tadbirlar doirasida qator savdo-investitsiyaviy shartnomalar, hududlararo munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlar imzolandi.

26-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin ishtirokida hukumatlar delegatsiyalarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. 

photo5384315485421677643.jpg  

A.Aripov keyingi yillarda mamlakatlarimiz rahbarlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar ikki tomonlama aloqalarning sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilishiga zamin yaratgani, bugungi kunda Oʻzbekiston – Qozogʻiston hamkorligi koʻplab sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy yoʻnalishda jadal rivojlanayotganini taʼkidladi.

Asqar Mamin mazkur forum yuqori saviyada tashkil etilganini alohida qayd etib, anʼanaviy mehmondoʻstlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan muntazam oʻtkazilayotgan hududlararo hamkorlik forumini mamlakatlarimiz aloqalarining faollashuviga hissa qoʻshayotgani taʼkidlandi.

Birinchi forum 2018-yil noyabr oyida Chimkent shahrida oʻtkazilgan edi. Unda erishilgan kelishuvlar bugungi kunda oʻz natijalarini bermoqda.

Iqtisodiyotning yetakchi soha va tarmoqlaridagi aloqalar jadallashgani tufayli mamlakatlarimizning oʻzaro savdo hajmi 2019-yilda qariyb ikki barobar oʻsib, 3,3 milliard dollardan oshdi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan hukumatlar zimmasiga joriy yilda oʻzaro savdo hajmini 5 milliard dollarga, yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Buning uchun mamlakatlarimizda yetarli salohiyat mavjud. 

photo5384293800131800254.jpg  

Oʻzbekiston – Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va kommunikatsiya, qishloq xoʻjaligi, sayyohlik, taʼlim sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, hududlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻtgan bir yildan ziyod vaqt mobaynida mamlakatlarimiz viloyatlari rahbarlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar faollashgani, viloyatlar delegatsiyalarining 12 ta oʻzaro tashrifi amalga oshirilgani bunga yaqqol misol. Natijada hududlar oʻrtasidagi savdo hajmi 40 foiz oshdi.

Ikkinchi Oʻzbekiston – Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumi doirasida oʻtgan hukumatlar delegatsiyalari uchrashuvida mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy sohada qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, hududlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirish, bojxona, energetika, suvdan foydalanish, transport-tranzit kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Shuningdek, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin ikkinchi Oʻzbekiston – Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumining yakuniy deklaratsiyasini imzoladi. Shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasida idoralararo va hududlararo darajadagi 16 ta hujjat qabul qilindi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, “Oʻzavtosanoat” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Xorazm, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari hokimliklari, Qozogʻistondan Savdo va integratsiya, Milliy iqtisodiyot vazirliklari, Mangistau, Qizil Oʻrda, Oqtoʻbe, Kustanay, Turkiston viloyatlari, Chimkent shahri hokimiyatlari oʻrtasida tegishli hujjatlar qabul qilindi.

Qozogʻiston hukumati rahbari Asqar Mamin Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida shu kuni qadimiy Xiva shahrini tomosha qildi.

photo5384315485421677642.jpg