Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston va Pokiston transport sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
13:15 / 2020-09-11

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sardor Umurzoqov hukumatimiz delegatsiyasining Pokistonga tashrifi doirasida ushbu mamlakat dengiz ishlari boʻyicha federal vaziri Ali Haydar Zaidiy bilan muzokara oʻtkazdi.


Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sardor Umurzoqov hukumatimiz delegatsiyasining Pokistonga tashrifi doirasida ushbu mamlakat dengiz ishlari boʻyicha federal vaziri Ali Haydar Zaidiy bilan muzokara oʻtkazdi.

Suhbat chogʻida ikki davlat hududi orqali yuk tashishni jadallashtirish boʻyicha umumiy choralar koʻrish va transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihalar amalga oshirishni nazarda tutib, transport va logistika hamkorligini kengaytirish boʻyicha sheriklik masalasi muhokama qilindi. Tomonlar Oʻzbekiston va Pokiston tovarlarining har ikki mamlakat bozoriga erkin kirishi taʼminlanishi oʻzaro savdo aylanmasi koʻrsatkichlari sezilarli darajada oʻsishiga xizmat qilishi toʻgʻrisida yagona fikrga keldilar.

Ayni yoʻnalishda Pokiston tomoni Oʻzbekiston “Gvadar”, “Karachi” va “Qosim” portlarining rivojlangan infratuzilmasidan foydalanishi uchun maqbul shart-sharoitlarni birgalikda yaratishda maslahat va texnik yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi. Buning uchun yaqin kelajakda Pokistonga transport sohasida faoliyat koʻrsatayotgan bir guruh oʻzbekistonlik ekspertlar yuboriladi.

Muzokaralar yakunida muhokama etilgan yoʻnalishlar boʻyicha amaliy hamkorlik mexanizmini ishlab chiqish va kelishish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Pokiston Islom Respublikasi Dengiz ishlari boʻyicha federal vazirligi va Pokiston Milliy logistika korporatsiyasi (PNSC) rahbarlari darajasida ishchi guruh tuzish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.