Oʻzbekiston va Pokiston strategik hamkorlikni jadal kengaytirishni moʻljallamoqda
Mamlakatimiz delegatsiyasining Pokistonga tashrifi doirasida Islomobod shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sardor Umurzoqov ushbu davlat Qurolli kuchlarining quruqlikdagi qoʻshinlar qoʻmondoni Qamar Javod Bajva bilan uchrashdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasining Pokistonga tashrifi doirasida Islomobod shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sardor Umurzoqov ushbu davlat Qurolli kuchlarining quruqlikdagi qoʻshinlar qoʻmondoni Qamar Javod Bajva bilan uchrashdi.
Muloqot chogʻida tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikning yuqori darajasini taʼkidlab, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash maqsadida hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha kelgusida birgalikda ish olib borishga tayyorliklarini bildirdilar.
Investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi, istiqbolli sohalardagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq kelishuvlarni shakllantirish boʻyicha rejalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston va Pokistonni bogʻlovchi transport yoʻlaklarini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni hayotga tadbiq etishni nazarda tutib, transport-kommunikatsiya sohasidagi amaliy hamkorlik ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida eʼtirof etildi. Bu sohada amalga oshiriladigan natijador hamkorlik yuk tashish hajmi yana-da oshishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan asosiy omil boʻlib qolishi taʼkidlandi.
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va aholi sogʻligini muhofaza qilishni taʼminlash masalalari boʻyicha Oʻzbekiston - Pokiston hamkorligini yana-da kengaytirish yuzasidan alohida kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yoʻnalishlar doirasida muloqotni kengaytirishga tayyorliklarini izhor etib, kelgusidagi amaliy hamkorlik formati toʻgʻrisida kelishib oldilar.