Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Janubiy Koreya tajribasi
21:07 / 2015-04-16

Respublika birja markazida korxonalarning qo‘shimcha aksiyalarini chiqarish va bozorda joylashtirish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish afzalliklariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Respublika birja markazida korxonalarning qo‘shimcha aksiyalarini chiqarish va bozorda joylashtirish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish afzalliklariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi tomonidan Janubiy Koreya fond birjasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda mamlakatimiz korxonalari, “Toshkent” respublika fond birjasi, Davlat aktivlarini boshqarish markazi va boshqa manfaatdor idoralar vakillari ishtirok etdi.

Seminarda qimmatli qog‘ozlar bozorini faollashtirish va uning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy omillaridan biri sifatida ko‘rib chiqilayotgani ta’kidlandi. Uzoq muddatli resurslarni milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardosh va jadal rivojlanib borayotgan sohalariga jalb qilish ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik hamda texnologik qayta jihozlash jarayonini investitsiya bilan ta’minlash imkonini berayotir.

O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 6-mayda yangi tahrirda qabul qilingan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Qonunda aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash orqali bo‘lajak investorlarni jalb etish, qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada rivojlantirish, minoritar aksiyadorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, aksiyadorlik jamiyatlari boshqaruv va nazorat organlarining aksiyadorlar oldidagi javobgarligini yanada oshirish ko‘zda tutilgan. 

Tadbir davomida Koreya Respublikasining aksiyalarni birlamchi ommaviy sotish sohasidagi tajribasi ko‘rib chiqildi. Janubiy Koreya fond birjasi va «Korea Investment and securities» kompaniyasi ekspertlari O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish hamda korporativ boshqaruv tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. 

– O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda yil sayin rivojlanib borayotgani diqqatga sazovordir, – deydi Janubiy Koreya fond birjasi departamenti boshlig‘i Stiv Daychun Kim. – Xususan, aksiyadorlar va bo‘lajak investorlarning aksiyadorlik kompaniyalari haqidagi axborotdan foydalanishi qonun darajasida kengaytirilgan, aksiyadorlik kompaniyalarini ta’sis etish, qimmatli qog‘ozlar qiymatini belgilash, jamiyatlar aksiyalarini ommaviy taklif etish orqali joylashtirishga taalluqli normalar mustahkamlangan.

Tadbirda mamlakatimizda qimmatli qog‘ozlar bozorini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyiha doirasida Janubiy Koreya fond birjasi tomonidan taqdim etiladigan Yagona dasturiy-texnik kompleksni muvaffaqiyatli joriy etish uchun mo‘ljallangan tadbirlar e’lon qilindi. Mazkur loyiha nafaqat dasturiy ta’minot, server va telekommunikatsiya uskunalari yetkazib berish, balki mahalliy mutaxassislarni o‘qitish, qonunchilik bazasini takomillashtirishga ko‘maklashishni ham o‘z ichiga olgan.

Seminar davomida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.