Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston va Doxa – umid manzillari
20:12 / 2020-10-02

Afgʻon zaminida uzoq muddatli tinchlik oʻrnatilishiga erishish hali-hamon dunyo jamoatchiligi oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolmoqda.

Shu kunlarda jahon hamjamiyati eʼtibori markazida turgan masalalardan biri, shubhasiz Doxa shahrida uzoq kutilgan afgʻonlararo kelishuvning boshlanishidir. Binobarin, mazkur anjuman aynan Qatar poytaxtida 2020-yil 29-fevral kuni AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida imzolangan va toʻgʻridan-toʻgʻri ichki afgʻon muzokaralari jarayoniga yoʻl ochib bergan bitimning mantiqiy davomi boʻldi. Qatardagi afgʻonlararo kelishuv boshlanishiga bagʻishlangan tantanali marosimda Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi afgʻon yoʻnalishi boʻyicha ilgari surayotgan tashabbuslari zamirida ulkan maydonni egallagan Yevroosiyo mintaqasida keskin oʻzgarishlar qilish zarurati dolzarbligini anglab yetish va afgʻon nizosini hal etishga koʻmaklashuvchi choralarni izlashdek ezgu maqsadlar yotibdi. Zero, Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi maʼruzasida ishtirokchilar eʼtiborini yana bir bor ushbu masalaga qaratgani bejiz emas. OʻzA muxbirlari Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mutaxassis-ekspertlarining ayni mavzuga oid fikrlarini yozib oldi.

Abdusamat HAYDAROV, siyosiy fanlar doktori, professor

- Afgʻon zaminida uzoq muddatli tinchlik oʻrnatilishiga erishish hali-hamon dunyo jamoatchiligi oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Ayni masalada muzokara jarayonini izga tushirish boʻyicha jahon hamjamiyati olib borayotgan saʼy-harakatlarda Oʻzbekistonning roli beqiyos ekani barchaga kundek ravshan.

2018-yil tashkil etilgan Toshkent konferensiyasi bu yoʻldagi dadil qadam boʻlgan edi. Konferensiyada qabul qilingan va dunyoning yetakchi davlatlari, mintaqa mamlakatlari va yirik xalqaro tashkilotlar tomonidan maʼqullangan Deklaratsiya Oʻzbekistonning tinchliksevar siyosati, tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanayotganini, Afgʻonistonda urushni batamom toʻxtatish zarurligi va ichki milliy yarashuv harakatlari rejasidan boshqa yoʻl yoʻq ekanligi borasida dunyo jamoatchiligining fikri, qarashlari yakdil ekanini yaqqol aks ettirdi.

Oʻzbekiston tashqi siyosatida Afgʻonistonga nisbatan yondashuvning sezilarli ravishda oʻzgarishi Toshkentga ham Afgʻonistonning hozirgi hukumati, ham “Tolibon” harakati bilan konstruktiv munosabat oʻrnatish va nizoli taraflar oʻrtasidagi begonasirash tuygʻusini yoʻqotishga koʻmaklashish imkonini berdi. Bu muzokaralarning borishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi tabiiy. Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish yoʻlidagi muhim saʼy-harakatlari yaqinda “Tolibon” harakati siyosiy ofisi vakolatxonasi mulla Barodar Axund tomonidan ham eʼtirof etildi.

Umuman olganda, soʻnggi 4 yilda Oʻzbekiston hamkorlik boʻyicha mutlaqo yangicha koʻrinishdagi muhitni shakllantira oldi. Endilikda Markaziy Osiyo va Afgʻoniston Toshkentning preventiv diplomatiyasi tufayli dunyo afkor ommasi koʻz oʻngida yagona va hamjihat hudud sifatida namoyon boʻlmoqda.

Bugungi kunda Toshkent Markaziy va Janubiy Osiyoning barqaror hamda izchil rivojlanishini qoʻshni Afgʻonistonda tinchlikka erishilishi, mamlakatning tiklanishi bilan chambarchas bogʻliq holda koʻryapti. Demak, nizoli tomonlar murojaat qilgan taqdirda, Oʻzbekiston yana bir bor Afgʻoniston boʻyicha muzokara maydoniga aylanishi mumkin.

Nazokat QOSIMOVA, siyosiy fanlar doktori, professor

photo_2020-10-02_20-09-29.jpg

- Afsuski, xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan va imkoniyatlar boy berilgan yillar tufayli Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi jarayoni juda choʻzilib ketdi. Bugungi kunga kelib “Tolibon”harakati mamlakatning qariyb yarim hududini oʻz nazorati va taʼsir doirasida ushlab turibdi.

Ayni payt ushbu muammo atrofida qabul qilinadigan har qanday qaror har ikki tomondan murosaga kelishni talab etadi. Toliblar talabi haliyam oʻsha-oʻsha: mahkumlar ozod etilishi, koalitsiya kuchlarining mamlakatdan olib chiqib ketilishi va hukumatda sezilarli rolga ega boʻlish. Harakat demokratik saylovlarga qarshi, tuzilma rahbarlari xotin-qizlar haq-huquqlari boʻyicha guruhning qarashlari yuzasidan bir necha bor mavhum bayonot bergan, xolos. Ularning raqiblari esa mamlakat konstitutsiyasini boricha, oʻzgarishsiz saqlab qolishni va fuqarolar erkinligi sohasida taraqqiyot sari odimlashni yoqlaydi. Bu yogʻi har ikki tomon qanday qadam tashlashiga bogʻliq.

Oʻzbekiston Respublikasi Doxada boʻlib oʻtgan konferensiya yakunlari va anjuman ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan Tinchlik toʻgʻrisidagi qoʻshma rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatlaydi. Tomonlarning toʻgʻridan-toʻgʻri ichki afgʻon muzokaralari yoʻli bilan mustahkam tinchlikka erishilishini yoqlab chiqishi – afgʻon muammosini hal etishning yagona toʻgʻri yoʻlidir. Oʻzbekiston bu borada doimo qatʼiy va izchil pozitsiyani egallagan. Yaʼni tinchlik jarayoni Afgʻonistondagi barcha siyosiy kuchlar va etnik guruhlarni qamrab olishi shart, eng muhimi, muzokaralarda asosiy rol afgʻonlarning oʻzlariga berilishi zarur, deb hisoblaydi. Mamlakatimiz, oʻz navbatida afgʻon xalqini har tomonlama – ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan qoʻlab-quvvatlab, Afgʻonistonda haqiqiy tinchlik oʻrnatilishi, mintaqada barqarorlik qaror topishi yoʻlida bor kuch, imkoniyatlarni ishga solmoqda. Afgʻoniston hukumati delegatsiyasining yuqori martabali vakili, mamlakatning Maʼmuriy islohotlar va davlat xizmatlari boʻyicha komissiyasi rahbari Nodir Nodiriyning fikricha, “Tinchlik oʻrnatish juda qiyin, ammo amalga oshirish mumkin boʻlgan jarayon”.

Tomonlar kun tartibini va chuqurlashtirilgan muzokaralar olib borish uchun tamoyillarni belgilab olishga oʻtish toʻgʻrisida bir qator asosiy kelishuvlarga erishdilar. Eng muhimi, ular siyosiy yarashuvga erishish va necha oʻn yillardan buyon davom etib kelayotgan zoʻravonlikni tugatish, murakkab masalalarni hal etishga kirishish, jumladan, oʻt ochishni dastlab vaqtincha, keyinchalik butunlay toʻxtatish, konstitutsiyaviy oʻzgarishlarni muhokama qilish, hukumatdagi oʻrinlarni taqsimlash singari shartlarni kelishib olishga intilmoqda. Rasmiy shaxslar, diplomatlar va tahlilchilar fikricha, garchi, har ikki tomonni bir davraga toʻplashni oʻziga xos natija sifatida baholash mumkin boʻlsa-da, bu hali tinchlikka olib boruvchi yoʻlni bosib oʻtish oson, degani emas. Bugungi afgʻon hukumatining qonuniyligini tan olmayotgan toliblarni boshqaruvning qandaydir mexanizmlariga jalb etish jiddiy muammo hisoblanadi. Binobarin, BMTning Afgʻonistondagi maxsus vakili Debora Layonsning aytishicha, “Ushbu muzokaralar afgʻonlar qanday mamlakatni xohlayotganliklari bilan bogʻliq bir qator jiddiy masalalarni hal etib berishi zarur. Va bu 100 000 nafardan ziyod tinch aholi vakilining yostigʻini quritgan, millionlab odamlarni qashshoqlik botqogʻiga botirib, Afgʻoniston taraqqiyotiga toʻsiq boʻlib kelayotgan mazkur mojaroni bartaraf etishning yagona yoʻlidir”.

OʻzA muxbiri Gʻ.XONNAZAROV yozib oldi.