O‘zbekiston tijorat banklarining ana shu jihatlari alohida e’tirof etilmoqda
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi bank tizimining hozirgi holati, tendensiyalar, yangi chaqiruvlar va yechimlar mavzusida IV Toshkent xalqaro bank forumi boshlandi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi bank tizimining hozirgi holati, tendensiyalar, yangi chaqiruvlar va yechimlar mavzusida IV Toshkent xalqaro bank forumi boshlandi.“SAIRRO” axborot-reyting agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamkorligida tashkil etilgan anjumanda tijorat banklari vakillari, o‘ndan ziyod mamlakatdan banklar, auditorlik va moliya tashkilotlari, xalqaro reyting agentliklari ekspertlari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri o‘rinbosari M.Mirzayev, Markaziy bank raisi o‘rinbosari A.Haydarov, Banklar assotsiatsiyasi direktori S.Abdullayev, “SAIRRO” axborot-reyting agentligi direktori R.Jo‘rayev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bank tizimi kapitallashuvini oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etishga qaratilayotgan yuksak e’tibor o‘z samaralarini berayotganini ta’kidladi. Yurtimizdagi barcha tijorat banklari nufuzli xalqaro reyting kompaniyalarining “barqaror” reyting bahosiga sazovor bo‘lgan.
Bank-moliya tizimini takomillashtirish, moliya muassasalarining ishonchli faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasida O‘zbekiston iqtisodiyotining xorijiy investitsiyalarni jalb qilish salohiyati tobora oshmoqda.
Bu jarayonda davlatimiz rahbarining 2010-yil 26-noyabrdagi «2011-2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi qarori bank amaliyotiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol jalb qilish va belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli hal etishda dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur qarorga ko‘ra, joylarda qulay biznes muhitini shakllantirish, mehnatga layoqatli aholini qo‘llab-quvvatlash, biznes subyektlariga kredit va mikrokreditlar ajratishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Ko‘rilgan shunday chora-tadbirlar tufayli banklarning ishonchlilik darajasi oshib, kredit va investitsiya salohiyati yuksalmoqda.
– Bir necha yildan buyon O‘zbekiston Markaziy banki bilan aholining iqtisodiy madaniyatini oshirishga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirayotirmiz, – deydi Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamg‘arma kassalari fondi departament direktori Mattias Foss. – Joylarda o‘tkazilgan ko‘plab seminarlarda ishtirok etib, mamlakatingizda banklarning resurs bazasini oshirish maqsadida tizimli ishlar bajarilayotganiga guvoh bo‘ldik. Yurtingiz bank tizimida kreditlash sohasida jahon amaliyotiga xos me’yorlar o‘rnatilgan. Shu bois O‘zbekiston bank tizimiga bo‘lgan ishonch yuqori.
Global moliyaviy inqiroz sharoitida O‘zbekiston bank tizimi barqarorligi, jumladan, bank kapitalining yetarlilik darajasi yuqoriligi va moliyalashtirishning asosiy manbai ichki mablag‘lar ekanligi bilan ajralib turadi. Joriy yilda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Doing business 2015” reytingida O‘zbekiston 189 mamlakat orasida 87-o‘rinni, tijorat banklarining kredit ajratish qulayligi bandi bo‘yicha 42-o‘rinni egallagani buning tasdig‘idir. Bu xorijiy investorlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchini yanada oshishida va investitsiya oqimining ko‘payishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Forumda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda banklarning o‘rni, banklarning kapitallashuvi va likvidligini oshirish, moliyaviy barqarorligini mustahkamlash hamda xalqaro me’yor va andozalarga muvofiq yanada rivojlantirish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Bank-moliya sektori vakillariga muzokaralar o‘tkazish, hamkorlikni kengaytirish imkonini beruvchi biznes uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Fitch Ratings reyting agentligi va Grant Thornton auditorlik kompaniyasi o‘tkazgan davra suhbatlari shular sirasidandir.